Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Oktabr, 2026   |   7 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:19
Quyosh
06:38
Peshin
12:08
Asr
15:55
Shom
17:42
Xufton
18:57
Bismillah
18 Oktabr, 2026, 7 Jumadul avval, 1448

Idda muddatlari

03.09.2018   33482   3 min.
Idda muddatlari

 «Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini  saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.

Idda muddatlari:

  1. Eri taloq qilgan ayol taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi.

Alloh taolo:

«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).

Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.

Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.

  1. Yoshi keksaligi yoki juda yoshligi yoki bo‘yi yetgan bo‘lsa ham umuman hayz ko‘rmaydigan ayol uch oy idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan.  (Taloq, 6)

  1. Eri vafot etgan homilador bo‘lmagan ayol taloq qilinsa to‘rt oy o‘n kun idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.

Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.

  1. Eri vafot yetgan homilali ayol homilasini tug‘ishi bilan iddasi chiqadi.

Alloh taolo:

«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan.  (Taloq, 6)

Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:

Alloh taolo:

«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)

Er-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.

Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:

Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.

 Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.

Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.

 

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

O‘MI matbuot xizmati

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Polsha muftiysi e’tirofi: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining ilmiy va madaniy merosini dunyoga namoyon etmoqda

14.10.2026   62731   1 min.
Polsha muftiysi e’tirofi: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining ilmiy va madaniy merosini dunyoga namoyon etmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot va islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy nuqtayi nazardan o‘rganish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bu haqda Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich Markazga tashrifi chog‘ida ta’kidladi.

Muftiy boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida Markazning tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq boy merosi, shuningdek, uning xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni bilan tanishdi.

Tomash Mishkevich, Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy:

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq ulkan merosni o‘zida mujassam etgan. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami sivilizatsiyasini namoyon etadi. Markaz faoliyati orqali islom sivilizatsiyasining zamonaviy ilmiy talqini va uning bugungi kun uchun ahamiyati ochib berilmoqda.

Bugun Markaz xalqaro maydonda, ilm-fan va tarixga bag‘ishlangan forumlar, konferensiyalar hamda uchrashuvlar doirasida muhim o‘rin egallamoqda. U xalqaro ilmiy muloqot va hamkorlik uchun zamonaviy maydon yaratmoqda. Ushbu Markazning tashkil etilgani va bugun samarali faoliyat yuritayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga, O‘zbekiston xalqiga hamda bu ezgu ishga hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman», — dedi Polsha muftiysi.

Tashrif yakunida Tomash Mishkevich «Faxriy mehmonlar» kitobida ham o‘z taassurotlarini qoldirdi. Unda mehmon Markazning diniy, madaniy va tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday yozdi:

«Dinimiz — Islom, shuningdek, madaniyatimiz va tariximiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bunday ulug‘vor maskanga tashrif buyurish men uchun katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishladi».

Shundan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy maydondagi o‘rni va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari