«Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.
Idda muddatlari:
Alloh taolo:
«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).
Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.
Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.
Alloh taolo:
« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan. (Taloq, 6)
Alloh taolo:
«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.
Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.
Alloh taolo:
«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan. (Taloq, 6)
Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:
Alloh taolo:
«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)
Er-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.
Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:
Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.
Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.
Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.
Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.
Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
O‘MI matbuot xizmati
3-QISM
Raddiya: Ulamolar hijratning hukmi borasida turli qarashlarni bayon qilganlar:
Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. O'z mazmuniga ko'ra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofeiydan Al-Xattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni ta’kidlaydilar (Al-Xattobiy “Ma’olimus-sunan, Imom Saraxsiy “Mabsut”, Kosoniy “Badoi’us-sanoi'”, Ibn Obidin “Raddul muhtor”, Aliy Qori “Mirqotul mafotih”).
Hijrat deganda “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga qochish tushuniladi.
Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga ko‘chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari “Islom diyori”dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas.
Bu fikrni aytgan ulamolar ham hijrat “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga bo‘lishiga urg‘u bermoqdalar. Ular yanada fikrlarini rivojlantirib, Alloh taolo uchun ilm izlash, Makkadagi MasjidulHaromni, Madinadagi Masjidun-nabaviyni va Qudusdagi Masjidul Aqsoni ziyorat qilish, vatanini dushmandan himoya qilish, halol rizq topish uchun safar qilish ham boqiy qolgan hijrat turlaridandir, deydilar;
Alloh taolo jannatni va’da qilgan hijrat, ya’ni, boridan mahrum bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlariga kelish Makka fathi bilan to‘xtagan. Endi qolgan hijrat gunohu yomonliklardan chetlanish hijratidir.
Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deydilar: “Albatta, hijrat ikki xislatdir: gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish...” (Imom Ahmad rivoyati).
Boshqa hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Hijrat qiluvchi xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Yana boshqa hadisda Rasululloh alayhissalom: “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yana bir hadisda esa Ummu Anas roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda, unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Tarixdan ma’lumki, uzoq asrlar davomida yurtimizda Islom ahkomlari ustuvor bo‘lib, ajdodlarimiz unga ixlos bilan amal qilib kelganlar. Shundan so‘ng yurtimizni g‘ayridinlar istilo qilgan bo‘lsa-da, bu davrlarda ham musulmonlarning hammasi boshqa yurtlarga ko‘chib ketmaganlar. Balki, mo‘min-musulmon ota-bobolarimiz vatanda qolib, qo‘llaridan kelgancha dinimizga amal qilishga va kelgusi avlodga din omonatini yetkazishga harakat qilganlar.
Shukrki, vatanimiz istiqlolga erishganidan keyin yana yurtimiz musulmonlari dinga oshkora amal qilish, toat-ibodatlarni jamoat bo‘lib masjidlarda ado etish, haj va umra kabi amallarni ham keng miqyosda bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu sababli yurtimiz “Islom diyori” hukmida qolgan.
Shunday ekan, yurtimizdan go‘yoki hijrat qilish farz yoki vojib ekanini da’vo qilayotgan shaxslarning aytayotgan so‘zlari shar’iy asosga ega emas. Balki, diniy tushunchalarni buzib talqin qilish hisoblanadi. Barchamiz bundan ogoh bo‘lishimiz lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi