Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Oktabr, 2026   |   6 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:18
Quyosh
06:37
Peshin
12:08
Asr
15:56
Shom
17:44
Xufton
18:58
Bismillah
17 Oktabr, 2026, 6 Jumadul avval, 1448

Idda muddatlari

03.09.2018   33435   3 min.
Idda muddatlari

 «Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini  saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.

Idda muddatlari:

  1. Eri taloq qilgan ayol taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi.

Alloh taolo:

«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).

Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.

Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.

  1. Yoshi keksaligi yoki juda yoshligi yoki bo‘yi yetgan bo‘lsa ham umuman hayz ko‘rmaydigan ayol uch oy idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan.  (Taloq, 6)

  1. Eri vafot etgan homilador bo‘lmagan ayol taloq qilinsa to‘rt oy o‘n kun idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.

Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.

  1. Eri vafot yetgan homilali ayol homilasini tug‘ishi bilan iddasi chiqadi.

Alloh taolo:

«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan.  (Taloq, 6)

Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:

Alloh taolo:

«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)

Er-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.

Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:

Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.

 Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.

Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.

 

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

O‘MI matbuot xizmati

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erta nikoh va nikohni qayd etmasdan diniy marosim o‘tkazganlik uchun jazo kuchaytirildi

16.10.2026   20438   2 min.
Erta nikoh va nikohni qayd etmasdan diniy marosim o‘tkazganlik uchun jazo kuchaytirildi

O‘zbekistonda nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi. Bu prezident 14 oktyabr kuni imzolagan qonunda nazarda tutilgan. O‘zgarishlar shu sanadan kuchga kirdi, xabar bermoqda Gazeta.uz.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish endi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (avval — 5 baravaridan 10 baravarigacha).

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni turmushga berish yoki uylantirish uchun BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi (avval — 7 baravaridan 15 baravarigacha).

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun jarima BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha oshirildi (avval — 15 baravaridan 30 baravarigacha).

Bahorda prezident moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor yoshlar o‘rtasida nikoh tuzilishini rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi. 2027 yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lganda ilk bor nikohdan o‘tgan yosh oilalarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Bundan tashqari, qonunchilikda nikoh yoshini pasaytirish uchun aniq (tugal) asoslar belgilash rejalashtirilgan edi. Hozirgi vaqtda hokimlar istisno hollarda va uzrli sabablar mavjud bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi va voyaga yetmagan shaxsni to‘liq muomalaga layoqatli deb e’lon qilish) nikoh yoshini 18 yoshdan 17 yoshgacha pasaytirish huquqiga ega.

Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18−19 yoshdagi yoshlar o‘rtasida tuzilmoqda.

1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizi bunday holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari