Bugun, 31 avgust kuni o‘zbekistonlik hojilar joylashgan Makka shahridagi muhtasham «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan muhtaram Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda keltirilgan davlatimiz Rahbarining «Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan bu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz», degan so‘zlari tabarruk zaminda ulug‘ ibodatlarni ado etib bo‘lgan fuqarolarimizni behad quvontirib yubordi.








Tabarruk yoshdagi hoji otaxonu onaxonlarimiz muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatorida muborak haj safarini namunali o‘tkazish borasida bir qator xayrli islohotlar amalga oshirilayotganini so‘zlab, haj qiluvchilar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar yilda-yilga yaxshilanib borayotganini mamnuniyat bilan tilga oldilar. Ular muhtaram Yurtboshimiz, ona-Vatanimiz va fidokor xalqimiz haqqiga ko‘pdan-ko‘p xayrli duolar qildilar.
Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Usoma Toshqandiy janoblari ziyoratchilarimizni istiqlol bayrami bilan muborakbod etib, O‘zbekiston diyorini bundan-da ravnaq topishini tiladi.
Bayram tadbirida ehson dasturxoni yozilib, ziyoratchilarga shirinliklar va tansiq taomlar tortildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati