بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda o‘qishga buyurilishning o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanining yorqin dalilidir. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va shu orqali Parvardigorini tanishga buyurdi. Alloh taolo marhamat qiladi:
فَاعْلَمْ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُمْ (سورة محمد/28).
ya’ni: “Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur ”. (Muhammad surasi, 28-oyat).
Har bir ish mukammal, mustahkam bo‘lishi uchun ilm, amal va ixlos birlashishi shart. Farididdin Attor hazratlari “ilohiyotda avval ixlos keyin ilm turadi”, – deydilar. Dunyoda ilmdan ko‘ra yuksak daraja va martaba yo‘qdir. Alloh taolo aytadi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ ( سورة المجادلة/11).
ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflarda ham ilmga targ‘ib, ilm egalari madh etilgan. Jumladan bir hadislarida:
اَلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالْاِمَامُ اَبُو دَاوُدَ).
ya’ni: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar”, – deganlar (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:
مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ).
ya’ni: “Kim ilm talab qilayotgan vaqtida ajali yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Ilm olish va kitob mutolaa qilish borasida ulug‘ zotlardan ajoyib xotiralar qolgan. Jumladan mazhabimiz ulamolaridan bo‘lgan Muhammad ibn Hasan Ash-Shayboniy kitob o‘qish asnosida murakkab bir masalaga yechim topganlarida, xursand bo‘lib ketganlaridan:
اَيْنَ اَبْنَاءُ الْمُلُوكِ مِنْ هَذِهِ الَّذَّةِ
ya’ni: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko‘rmagan”, – der
ekanlar. Imom Shofe’iy aytadilar:
مِنْ شَرَفِ الْعِلْمِ اَنَّ كُلَّ مَنْ نُسِبَ اِلَيْهِ وَلَوْ فِيْ شَيْئٍ حَقِيْرٍ فَرِحَ وَمَنْ رُفِعَ عَنْهُ حَزِنَ
ya’ni: “Ilmning qadri shunchalik balandki, kimga ilm nisbati berilsa, - garchi u arzimas narsada bo‘lsada – xursand bo‘ladi. Agar kimni ilmsiz deyilsa, xafa bo‘ladi”. Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida, uning yengini keng qilib tiktirar ekanlar. Chunki unga kitob solar ekanlar. U kishi ko‘p kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta yonlarida kitoblarini olib yurar, bo‘sh vaqt topildi deguncha kitoblarini olib o‘qir ekanlar.
Ulamolardan birlari: “Agar biz kitob o‘qishdan topayotgan lazzatni mulkdorlar bilsalar edi, uni bizdan tortib olishardi”, – der edi.
Al-Hasan ibn Sahl aytadilar: “Ma’mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb vasiyat qilar edi:
اِسْتَعِنْ عَلَى وَحْشَةِ الْغُرْبَةِ بِقِرَاءَةِ الْكُتُبِ، فَإِنَّهَا أَلْسُنٌ نَاطِقَةٌ وَعُيُوْنٌ رَامِقَةٌ
ya’ni: “Yolg‘izlik vahshatini kitoblarni o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”. Al-Hasan Al-Lu’luiy aytadilar: “Qirq yil bo‘ldi, turganimda ham, uxlaganimda ham ko‘ksimdan kitob tushgan emas”. Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘lib yana so‘radik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan o‘tirib nima qilaman. Sizlar bekor o‘tirib, odamlarni g‘iybatini qilib o‘tirasizlar”, – deb javob berdilar”.
Bobomiz Amir Temur aytadilar: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”.
Muhtaram jamoat! Barchalarimiz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi davlat dasturini amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sa’yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
...إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنْفُسِهِمْ ... (سورة الرّعد/11(
ya’ni: “...Albatta, Alloh biror qavm o‘zlaridagi narsani (ne’matlarga nisbatan munosabatni) o‘zgartirmagunlaricha, ulardagi narsani (holatni yomon holatga) o‘zgartirmas...” (Ra’d surasi, 11-oyat)
Hozirgi farovon, tinch-omon va to‘kin-sochin hayotimiz qadriga yetmagan ayrim yoshlar ta’lim olish, o‘qish-o‘rganish, mehnat ko‘nikmalarini hosil qilish, kasb-hunar sirlarini o‘rganish fursatini g‘animat bilmay, beparvolik qilmoqdalar. Ular oltindan qimmat vaqtlarini ko‘cha-kuylarda bemaqsad yurishlar bilan boy berishyapti, kunlarini mazmunsiz o‘tkazib, begona yot g‘oyalar ortidan ergashib, yosh umrlarini xazon etmoqdalar.
عَنْ الْحَسَنِ الْبَصْرِيِّ : الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ ، كَالنَّقْشِ فِي الْحَجَرِ
ya’ni: Hasanul Basriydan rivoyat qilinadi. U zot: "Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – deganlar. Shu o‘rinda muhtaram ota-onalarga farzandlari tarbiyasi va ta’limiga jiddiy ahamiyat berishga, ularni har vaqt nazorat qilish, maktabdan so‘ng albatta biron bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, sport, uy yumushlari, tomorqa va chorva hayvonlari parvarishi kabi jismoniy ishlarga jalb qilishlari zarur ekanligini ta’kidlaymiz.
Alloh taolo aziz farzandlarimizni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk va teran bilimli, bo‘lib tarbiya topishlari va kamolat cho‘qqilariga erishuvlariga nasibu ro‘zi aylasin! Omin.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, bir necha kunlardan keyin yangi hijriy 1440 yili kirib keladi. Uning birinchi oyi bo‘lmish Muharram oyi shariatimizda ulug‘langan oylardan hisoblanadi. Bugun sizlarga Muharram oyining fazilatiga doir hadisi shariflarni eslatib o‘tamiz:
Muharram oyining Ashuro, ya’ni o‘ninchi kunida samoviy dinlar tarixida muhim voqealar bo‘lib o‘tgani sababli bu oyning o‘ninchi kunini Ashuro kuni deyish urfga aylangan.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilishlaricha, shu kuni hazrati Nuh alayhissalomning kemalari Judiy tog‘i ustida to‘xtagan, shu sababli Nuh alayhissalom shukrona tariqasida shu kuni ro‘za tutganlar. Bundan tashqari, Alloh taolo muso alayhissalomni Ashuro kuni Fir’avnning iskanjasidan qutqargani haqida Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan.
Muharram oyi va unda ro‘za tutishning fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ (رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazondan keyin ro‘zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro‘zasi)dir” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisdagi “Allohning oyi” deyilishi Muharramni ulug‘lash uchun.
عَنْ أَبِي قَتَادَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ (رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro‘zasi (sababli) Alloh o‘tgan yilgi gunohlarni kechirishini umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyati).
Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ni 9-kuni bilan qo‘shib tutish (zavoid) sunnat amal. Faqat Ashuro kunining o‘zida ro‘za tutish (tanzihiy) makruhdir (Fatvoi Hindiya).
Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro‘za tutish mustahab bo‘ladi (Fathul Qadir).
عَنْ عَبْدِ اللهِ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ (َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)
ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo kirib kelayotgan yangi 1440 hijriy yilni barchamizga muborak aylasin! Omin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi