Ba’zilar ne’mat so‘zining ma’nosini tor doirada tushunishadi. Ular uchun orzu umidlar ro‘yobi har kim ham yetisha olmaydigan narsalarni qo‘lga kiritish: katta mol-dunyo, mansab-martaba va shunga o‘xshash narsalarni ne’mat deb biladilar. Suv, havo, tan sihatlik, el-yurt tinchligi kabi inson hayotining asosi bo‘lgan narsalarga beparvo qarab, go‘yo ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan tabiiy holat deb o‘ylaydilar.
Holbuki, kishining dunyo va oxirati uchun manfaat yetkazadigan narsalar borki, ularning barchasi ne’mat hisoblanib, dinimiz bizlarni uning qadriga yetib yashashga buyuradi. Zero, ne’matning qadrini bilish, uni e’zozlash ne’mat beruvchi «Mun’im» (Alloh)ning shukrini ado etish demakdir. Payg‘ambar alayhissalom hadislarining birida: «Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani cog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan», deb ne’matni keng ma’noda tushunish lozimligini o‘rgatganlar. Ne’mat moddiy va ma’naviy bo‘lib, yuqorida sanab o‘tganlarimiz moddiy ne’matlar jumlasiga kiradi. Ma’naviy ne’matlar esa imon, islom, hurriyat, tinchlik kabi ko‘zga ko‘rinmaydigan, biroq moddiy ne’matlarga qaraganda qadrliroq narsalardan iboratdir.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir. Ne’matning salmog‘iga yarasha shukr lozimdir. Tinchlikning qadrini turli o‘lkalarda bo‘lib turgan qo‘poruvchilik harakatlarini, odamlarning notinch holatlarini ko‘z o‘ngiga keltirgan odamgina chuqur his kila oladi. U yerdagi odamlarning ko‘ngliga ibodat qilish u yoqda tursin hatto yeb-ichish ham sig‘maydi. Bas, shunday ekan, ushbu buyuk ma’naviy ne’matning shukrini doim ado etib turmog‘imiz lozim. Inson berilgan bu ne’matlarga qay darajada shukr qilgan yoki qilmagani haqida qiyomat kunida albatta so‘raladi. Rasululloh (s.a.v.) bir hadisda: «Alloh taolo qiyomat kunida bandasidan: «Taningni sog‘ qilib qo‘ymaganmidim? Seni totli suv bilan qondirmaganmidim?..» deb so‘raydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: «Odam bolasi qiyomat kunida to besh narsadan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi: umrida nima ishlar qilgani, yoshlik davrini qanday o‘tkazgani, molini qaysi yo‘l bilan topib, qayerga sarf qilgani va nihoyat bilganlariga qay darajada amal qilgani», deb marhamat qilganlar. Ne’matni Allohdan deb bilish kishini Allohga yana ham yaqinlashishga, Unga taqarrub hosil qilishga undaydi. Aksincha, tinchlik shukri ado etilmagan ne’mat esa insonga ofat keltiradi.
Tinchlik qaror topgan joyda xotirjamlik hukm suradi, insonlar emin-erkinlikda yashab, kelajak avlodlarni kamolotga erishish yo‘lida tarbiya qiladilar. Buning natijasi o‘laroq jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Bundan kelib chiqadiki, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Buning uchun esa inson o‘z zimmasiga yuklatilgan, tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini to‘laqonli bajarmog‘i lozim.
Jannatmonand yurtimiz, mustaqil O‘zbekistonimizda har bir jabhada yuksalish va rivojlanishlar ro‘y berib, shahar va qishloqlar kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Albatta, bularning barchasining negizida yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik yotadi. Tinchlik va osoyishtalikni doimiy saqlamoq uchun esa shu yurtning har bir farzandi Vatan tinchligi va taraqqiyotini ma’lum bir soha vakillarining vazifasi deb qaramasdan, balki mening burchim, mening or-nomusim deb bilib, birlik va hamjihatlikda harakat qilishlari va fidoyilik ko‘rsatishlari lozim.
Yurtimizdagi rivojlanish va yuksalishlarni ko‘ra olmaydigan, undagi imkoniyatlar, yer osti va yer usti boyliklariga ega bo‘lishga harakat qilayotgan, bu yo‘lda har xil fitnalar bilan notinchlik keltirib chiqarishga urinayotgan qabih niyatli guruhlarning mavjudligi, undan ham yomoni bunday dushmanlarga yordam berishga intilayotgan xoinlarning topilishi bizni har doim ogoh bo‘lishga chorlaydi.
Xalqimiz bejizga duoga qo‘l ochganda Yaratgandan yurtga tinchlik, xalqqa farovonlik tilamaydi. Chunki bu ne’matlar – eng oliy ne’matlardir.
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati