Ona Vatanimizda erkinlik bo‘lib, diniy mavzudagi adabiyotlar ko‘plab nusxalarda nashr etila boshlanganidan so‘ng ushbu sohaga oid so‘z va iboralar, turlicha yozilib, qo‘shimchalar turlicha qo‘llana boshlandiki, ularni bir xil usulda yozish va qo‘llash masalasida hamon bir to‘xtamga kelinmadi. Yakuniy xulosaga kelinib, amalda qo‘llanilayotganlari ham bir oz andesha uyg‘otayotir. Xususan, -lar qo‘shimchasi ham ilm va ijod ahli o‘rtasida ko‘plab bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bir toifa hurmatli shaxslar otiga -lar qo‘shimchasini qo‘shib aytishsa, boshqa toifa buni inkor etib, -lar ko‘plik qo‘shimchasi ekanini iddao etadi va: “otamlar”, deganda uning otasi ko‘pmi? degan savol paydo bo‘lib qoladi”, deydi.
Mamlakatimizning peshqadam axborot agentligi O‘zA va yetakchi nashrlari “Tafakkur” jurnali va “Xalq so‘zi” gazetasida -lar qo‘shimchasi faqat ko‘plik ma’nosida qo‘llanilayotir.
Biroq diniy nashrlarda -lar qo‘shimchasi ko‘plik bilan birga shaxsga hurmat ifodasi ma’nosida ham qo‘llanmoqda. Masalan, “Payg‘ambar sollalllohu alayhi vasallam aytdilar”, “Shayx hazratlari keldilar” va shunga o‘xshash.
Nega bunday bo‘layotganini bilish uchun tilimizda ushbu qo‘shimcha qanday vazifalarni bajarishiga e’tibor qaratmog‘imiz lozim. Jumladan, 2015 yil nashr etilgan “O‘zbek tilidan ma’ruzalar to‘plami”da bunday yozilgan:
-lar qo‘shimchasining uslubiy vazifalari
Agar qo‘shimcha o‘z vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. masalan, kitoblar so‘zida -lar qo‘shimchasi grammatik ko‘plikni ifodalamoqda. Bu esa uning vazifasi, ya’ni morfologik vazifasi sanaladi. Agar qo‘shimcha o‘z vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qo‘shimchasi hurmat ma’nosini ifodalamoqda. Bu uning o‘z vazifasi emas (yuqorida ta’kidlaganimizdek, -lar qo‘shimchasining vazifasi grammatik ko‘plikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Otlarning ko‘plik shakli ko‘plik ma’nosidan tashqari hurmat, umumlashtirish, kuchaytirish (ko‘zim – ko‘zlarim, labi – lablari) ma’nolarini ham ifodalashi mumkin:
1. Hurmat ma’nosi. -lar qo‘shimchasi qarindoshlik munosabatini bildiruvchi shaxs otlari (dada, ona, oyi, amma, xola, tog‘a, aka, opa kabi so‘zlar)ga qo‘shilganda 1 va 2 shaxs egalik qo‘shimchalaridan oldin kelsa grammatik ko‘plik, keyin kelsa hurmat ma’nosini ifodalaydi.
Qiyoslang:
Akalarim keldilar – grammatik ko‘plik – 1 shaxsda;
Akamlar keldilar – hurmat – 1 shaxsda;
Akalaring keldilar – grammatik ko‘plik – 2 shaxsda;
Akanglar keldilar –hurmat – 2 shaxsda;
3 shaxsda esa -lar qo‘shimchasi o‘z ma’nosiga qarab ko‘plik yoki hurmatni bildiradi. Qiyoslang: Dadamning akalari keldilar. Bu yerda hurmat yoki ko‘plik ma’nosi ifodalangan.
2. O‘zi qo‘shilayotgan otning ma’nosini kuchaytirish. -lar qo‘shimchasi faqat birlik sonda qo‘llaniladigan inson a’zolari yoki mavhum otlarga qo‘shilganda ma’noni kuchaytiradi: Sizlarga qarab zavqlarim (zavq – mavhum ot) toshib ketdi. Boshlarim (bosh – inson a’zosi nomi) og‘rib ketdi.
Solishtiring: ko‘zlarimga ishonmayman (“O‘tkan kunlar”). Bu jumladagi ko‘zlarimga so‘zini birlik shaklga – ko‘zimga shakliga almashtirib ko‘ring. Ikkinchi holat bilan birinchi holat bir xil ma’noni – birlik ma’nosini (bir kishining ko‘zini) ifodalasa ham, lekin bu ikki holat ta’sirchanlik, ifodalilik belgisiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Birinchisida yuqoridagi belgilar bor, ikkinchi holatda esa yo‘q. Ba’zan tasviriylik, ifodalilikni kuchaytiradi: ko‘z yoshini artdi – ko‘z yoshlarini artdi.
3. Umumlashtirish, jamlash ma’nosini bildirsa atoqli otlar turdosh otlarga aylanadi va kichik harf bilan yoziladi: O‘rtangan shirinlarning fojialari, yor vaslini biyobonlardan izlagan majnunlarning sarguzashtlari xayolimda jonlandi.
4. -lar qo‘shimchasi o‘zlik olmoshiga qo‘shilganda kesatish, mazax yoki hurmat ma’nosini bildiradi. O‘zlari ham kelibdilar-da – kesatish. Majlisni raisning o‘zlari olib bordilar – hurmat.
5. Donalab sanalmaydigan narsa va hodisalarni bildiruvchi otlar birlik shaklda kelsa ham, aslida, jamlikni bildiradi. Masalan, Ko‘chaga qum to‘kilgan yoki Ariq to‘la suv, ichgani tashna bolam. Bunday so‘zlar ko‘plik shaklini olganda ko‘pincha narsa va hodisaning xilma-xil ekanini bildiradi. Suvlar (gazli suv, mineral suv kabi); bozordagi unlar. Do‘konlarda nonlar va ichimliklar sotilmoqda. Tumanimiz markazida yog‘lar ishlab chiqarilmoqda.
6. -lar qo‘shimchasi atoqli otlarga qo‘shilganda birgalikda ekanlik ma’nosini bildiradi: Musobaqada Olimlar (ko‘p olimlar emas, Olim va uning o‘rtoqlari) g‘olib bo‘lishdi. Yozda Buxorolarni (ko‘p Buxoroni emas, Buxoro va uning atroflarini yoki Buxoroning turli nuqtalarini) aylanib keldim.
7. -lar qo‘shimchasi payt va masofani bildiruvchi so‘zlarga qo‘shilganda chama, taxmin ma’nosini bildiradi. Soat beshlarda boraman. Bodom fevralning oxirlarida gullaydi. Metrogacha ikki yuz metrlar yurasiz (Nargiza Erkaboyeva. O‘zbek tilidan ma’ruzalar to‘plami. Toshkent, “Akademnashr” 2015, 149-151 betlar).
Ushbu ta’rifdan ayon bo‘ladiki,-lar qo‘shimchasining vazifasi ba’zilar o‘ylagandek, ikki xil: hurmat va ko‘plik emas, yetti xil ekan.
Endi o‘sha asosiy bahsga sabab bo‘layotgan ikki masalaga kelsak, agar qo‘shimcha o‘z vazifasini bajarsa, bu uning morfologik vazifalari hisoblanadi. masalan, kitoblar so‘zida -lar qo‘shimchasi grammatik ko‘plikni ifodalamoqda. Bu esa uning morfologik vazifasi sanaladi. Agar qo‘shimcha o‘z vazifasidan boshqa vazifalarni ham bajarsa, bu uning uslubiy vazifasi hisoblanadi. Masalan, Onamlar keldilar gapida -lar qo‘shimchasi hurmat ma’nosini ifodalamoqda. Bu uning o‘z vazifasi emas (yuqorida ta’kidlaganimizdek, -lar qo‘shimchasining vazifasi grammatik ko‘plikni hosil qilish), balki uslubiy vazifasidir.
Demak, yetakchi ommaviy axborot vositalari -lar qo‘shimchasining grammatik ko‘plikni hosil qilish vazifasini olganlar, diniy nashrlar esa uning morfolik vazifasi bilan birga uslubiy vazifasini ham olgan.
Shu nuqtayi nazardan, shaxsning ismiga -lar qo‘shimchasini qo‘shmasa ham, qo‘shib yozsa ham xato bo‘lmaydi. Faqat bu borada bir to‘xtamga kelib olinmog‘i zarur. Bizning fikrimizcha, diniy soha xodimlari va diniy nashrlar ushbu qo‘shimchaning ikki vazifasidan ham faol foydalanishda davom etgani tuzuk. Negaki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ismlariga -larni qo‘shib aytmaslik sira ham yarashmaydi. Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning merosxo‘rlari bo‘lgan zotlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabilar va zamonamiz olimlarining ham ismiga -larni qo‘shib aytmasa odam go‘yoki ularga hurmatsizlik qilayotgandek xijolat tortadi.
Aslini olganda, bu istiqlol yillarida paydo bo‘lgan muammo emas, shu yillarda ko‘zga chalinib qoldi. Chunonchi, Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Amir Qosim Anvor quddisa sirruhu haqida yozganlarida “Yigitliklarida shayx Sadriddin Ardabiliy quddisa sirruhug‘a murid bo‘ldilar va sufiya odob va tariyqin andin takmil qilib shayx ishorati bila Xurosong‘a keldilar”, degan bo‘lsalar; boshqa o‘rinda “Mavlono Kotibiy – o‘z zamonining benaziri erdi. Har nav’ she’rg‘aki, mayl ko‘rguzdi, anga maoniyi g‘ariba ko‘p yuzlandi, bataxsis, qasoidda balki ixtiro’lar ham qildi va ko‘p yaxshi keldi”, deganlar.
Buni qarangki, bir asarning o‘zida -lar qo‘shimchasi hurmat-ehtirom ma’nosida ham qo‘llanyapti, ham qo‘llanmayapti.
Bundan ayon bo‘ladiki, ushbu qo‘shimchani qanday qo‘llash masalasida bir to‘xtamga kelib olishimiz talab qilinayotgan ekan, xolos.
Tilimizga oid bu kabi muammolar juda ham ko‘p. Faqat bunda maqolaning hajmi kattarib ketmasin degan andishada bitta qo‘shimcha bilan kifoyalanib qo‘ya qoldik. Ammo ishonchimiz komilki, yurtimizdagi nufuzli dinshunos, tilshunos, atamashunos olimlarimiz va OAV vakillari ishtirokida bir anjuman o‘tkazib muhokama qilishga arziydigan mavzu bu.
Siz nima deysiz, aziz Vatandosh?
Ibrohim Inomov, O‘MI raisi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD