Abu Muso Asha’riy (roziyallohu anhu) dedilar: “Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) onasini yelkasiga mindirib Ka’bani tavof qilayotgan yamanlik kishini ko‘rdilar. U Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan: “Ey Ibn Umar nima deb o‘ylaysiz onamning xaqqini ado eta oldim-mi”? deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo): “Yo‘q seni dunyoga keltirish vaqtidagi to‘lg‘oq azoblarida chekkan qiyinchiliklaridan bittasini ham ado eta olmading”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Tobeinlar sayyidi Abul Xasan Ali ibn Xusayn Zaynul Obidin (roziyallohu anhu) onasiga ko‘p yaxshilik qilardi. Odamlar: “Siz insonlar ichida onasiga eng ko‘p yaxshilik qiluvchi zotsiz, biroq, onangiz bilan bir idishdan taom yeganingizni ko‘rmaymiz, buning sababi nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Qo‘limni onamning ko‘zlari tushgan taomga birinchi bo‘lib uzatishdan qo‘rqaman”, deb javob berdi.
Zur’a ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi. Umar (roziyallohu anhu)ning oldilariga bir kishi kelib: “Juda keksa yoshga yetgan onam bor. Yelkamda opichib xizmatlarini ado etaman. Doimo onamni yuvib, tarab, tahorat qildiraman. Shu xizmatlarim bilan onamni xaqqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Shunda Umar (roziyallohu anhu) unga: “Yo‘q”, deb javob berdilar. U: “Axir men onam uchun o‘zimni bag‘ishladimku”, dedi. “Onang sening xizmatingni, o‘sib ulg‘ayishing, hayotda yashab ketishing umidida qildi. Sen esa undan ajralish umidida qilyapsan”, dedilar hazrat Umar (roziyallohu anhu).
Muhammad ibn Bishr Aslamiy aytadilar: “Kufada biror kishi Mansur ibn Mo‘tamir va Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan ko‘ra onasiga yaxshilik qila olmadi. Hatto Mansur ibn Mo‘tamir onasiga ozor bermasin deb mayda hashoratlarni ham onasiga yaqin keltirmas edi”.
Hajar ibn Adbar onasining rohatini istab, yumshoqligiga ishonch hosil qilish uchun to‘shagini qo‘llari bilan paypaslab, so‘ngra unga onasini yotqizar edi.
Sufyon ibn Uyayna aytadilar: “Bir kishi safardan qaytdi. Uyda onasi tik turgan holda namoz o‘qir edi. Onasi tik turib, o‘zi o‘tirishni istamadi. Onasi o‘g‘lini fikrini fahmladi va o‘g‘li ko‘proq savobga ega bo‘lishi uchun namozini uzun qildi.
Avazxo‘ja BAHROMOV,
Toshkent viloyati “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar "Jome" jome masjidi imom noibi Nuriddin domla Hoshimovning padari buzrukvorlari Xolbek ota Hoshimovning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Nuriddin domla Hoshimovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun soat 18:00 da Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor MFY Qayirma qishlog‘ida o‘z xonadonida ado etiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz