Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Otalar va onalar haqida

26.08.2018   15576   1 min.
Otalar va onalar haqida

 OTALAR HAQIDA

  1. Ota xonadonga tashrif buyurganda o‘rindan turib, joy bo‘shatish lozim.
  2. Ota bilan ketayotganda uning iznisiz undan oldin yurmaslik kerak.
  3. Ota farzand uchun biron narsa meros qoldirmasa ham, undan nomus qilinmaydi.
  4. Ota bor uyda  bosh qotirishga va birovga maslahat solishga zarurat bo‘lmaydi.
  5. Ota yonida yoki u kirib kelganda yonboshlab yotilmaydi.
  6. Ota uyda bo‘lmagan mahalda iste’mol qilingan narsalardan uning uchun alohida olib qo‘yilishi fazilatdir.
  7. Mansabli shaxs bo‘lsang ham otang chaqirganda otingdan tushib, oldida hozir bo‘lishga shoshil! Mansabing ishingga aloqador, otangga emas!
  8. Otangning yonidagi solih kishilarga nisbatan samimiy bo‘lgin, agar otang vafot topib ketsa o‘shalar bilan muomala-munosabatlaringni uzma!

 

 

 ONALAR HAQIDA

  1. Hadyani avval onaga, so‘ng otaga berilishi mahbubdir.
  2. Hayot bo‘lsalar ham, vafot topib ketgan bo‘lsalar ham ularning haqlariga doimo duoda bo‘lmoq zarur.
  3. Onalarning yuzlariga tushgan ajinlar, qo‘llarining qadoqlari – sen  va aka-ukalaring, opa-singillaring sababli ekanligini bilgin!
  4. Senga bergan oq sutini mehru xursandlik  bilan bergan, ammo sening unga bergan taoming ba’zida minnatli va ozorlidir. Shuning uchun bergan har-bir luqmang mehrli bo‘lishi uchun kamtarin bo‘l, kamtarin bo‘l!
  5. Unga sen har kuni ko‘rinish ber, chunki onangning seni ko‘rishi xum-xum tillo tuhfa qilganingdan ortiqroqdir.
  6. Tirikligida bor imkoniyating ila unga tavoze’li va shirin so‘zli bo‘l, shunda uni yo‘qotganingda armonda qolmaysan.
  7. Hayit kunlari onangni bag‘ringa bos! U seni har kuni quchib, hidlaringdan to‘yib-to‘yib zavq olganini esingdan chiqarmagin!

 

Internet manbalari asosida Baxmal tumani «Domla Eshonqul»

jome masjidi imom-xatibi Xushbekov Isoqul tayyorladi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Soha rahbarlari mahallalardagi targ‘ibot va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi

06.08.2026   21347   1 min.
Soha rahbarlari mahallalardagi targ‘ibot va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi

Mamlakatimizda mustaqillik bayramining 35 yilligi munosabati bilan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida hududlarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, obodonlashtirish, xayriya va mehr-oqibat ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mutasaddilar Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “No‘g‘ayqo‘rg‘on”, “Qumariq” va “Ittifoq” mahallalarida bo‘lishdi.

Tashrif davomida soha rahbarlari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish, obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillari, “mahalla yettiligi”, nuroniylar hamda diniy soha xodimlari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Mahallalarda o‘tkazilgan sayyor yig‘inlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”, oilalarda totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma’rifatga yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi hamda aholi muammolarini hal etishda hamjihatlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, xonadonlar atrofi, ko‘chalar, ariqlar va qabristonlarni obod qilish, ularning ozodaligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lishi va aholi kayfiyatida o‘z aksini topishi lozim. Shu ma’noda, joriy yil yakunida mamlakatimiz bo‘ylab “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarning aniqlanishi mazkur ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari