Qadim zamonda donishmandligi bilan yuksak obro‘-e’tibor qozongan kishi bor edi. U barchaga mehribon, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi, hamdard va hamsuhbat edi.
Bir kuni donishmandning huzuriga suv sotuvchi g‘amgin holda keldi. Uning mahzunligini ko‘rgan donishmand:
– Bolam, biror musibating bormi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, ...ammo... qanday aytishni bilmay turibman – deb javob berdi suv sotuvchi.
– Gapiraver, uyalma, dardingni ayt, – dedi donishmand kuyinib.
– Kechirasiz, deb gap boshladi sotuvchi ming xijolat ila. Sizning farzandingiz bugun oltinchi meshimni juvoldiz (bigiz) bilan teshdi. Bilasiz, faqir odamman, nima qilishni bilmay qoldim. Yangisini olishga pulim ham qolmadi.
Donishmand:
– Xafa bo‘lma, bolam, bir chorasini topaman. Hozircha mana bu pulni olib, boshqa mesh sotib ol, – dedi.
Ota “nega farzandim bunday ishga qo‘l urdi?” degan savolning javobini o‘ylab o‘yiga yeta olmadi. Shundan so‘ng, ayoliga bo‘lgan voqeani aytib:
– Qanday qilib o‘g‘limiz bu xunuk ishga qo‘l urdi. Xatoimni hech o‘ylab topa olmadim. Sen ham yaxshilab o‘ylab ko‘r, – dedi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, ayoli:
– Esimga tushdi, – dedi hayajonlanib. O‘g‘limizga homilador bo‘lganimda mehmonga borgan edim. Dasturxondagi apelsinga ko‘zim tushib, juda ham yegim keldi. Biroq dasturxonga qo‘l uzatishga tortindim. Katta yoshdagi qariya onaxonlarning: “Homilador ayolning ko‘ngli biror narsani tusaganda undan totib ko‘rmasa, tug‘ilajak farzandiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyishgani yodimga tushdi. Bolamizga putur yetishidan qo‘rqib, mezbondan suv so‘radim. Suv olib kelishga chiqib ketganida, yoqamdagi to‘g‘nog‘ichni olib, apelsinga tiqib yaladim.
Donishmand:
– Tez borib uy egasidan uzr so‘ra, – dedi.
– Ularga nima deyman? Shu arzimagan ish uchun ham uzr so‘rash shartmi? – dedi ayoli e’tiroz bildirib.
– Xonadan ahlidan rozilik so‘ra. Farzandimiz olti yoshga to‘ldi. O‘sha voqeadan olti yil o‘tib, to‘g‘nog‘iching o‘g‘limiz qo‘lida bigiz bo‘ldi. Sening qilgan ishing davom etmoqda. Keyin kech bo‘lmasin, – dedi donishmand.
O‘rol TUROBOV,
Baxmal tumanidagi “Labi-hovuz” jome masjidi imom-xatibi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH