Alloh taolo jannatda bandalari uchun shunday ne’matlarni tayyorlab qo‘yganki, u ne’matlarni ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, insonning xayoliga kelmagandir. Jannatdagi ne’matlar orasida mevalar ham bor. Biz shu mevalar haqida so‘z yuritsak.
Dunyoda olma, anor, behi, anjir, uzum kabi mevalar bor. Xuddi shu nomdagi mevalar jannatda ham bor. Ammo ularning ta’mi dunyo mevalarinikidan tubdan farq qiladi.
Dunyoda meva yeyish uchun bozorga borish, mevani sotib olish, uyga kelib, uni yuvib, keyin yeyiladi. Agar oldimizdagi dasturxonda tayyor yuvilgan mevalar turgan bo‘lsa ham, baribir, ularga qo‘l cho‘zishimiz kerak. Jannat mevalari esa unday emas. Qo‘l cho‘zishga, intilishga, qiynalishga hojat yo‘q. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَجَنَى الْجَنَّتَيْنِ دَانٍ
“Ikki jannat mevalari yaqin bo‘lgan...” (Rohman surasi, 54-oyat).
Yana bir oyatda bunday degan:
قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ
“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqah surasi, 23-oyat).
Boshqa bir oyatda bunday deyilgan:
وَدَانِيَةً عَلَيْهِمْ ظِلَالُهَا وَذُلِّلَتْ قُطُوفُهَا تَذْلِيلاً
“Va ustilariga u(jannat)ning soyalari yaqindir hamda uning mevalari juda ham oson qilingandir” (Inson surasi, 14-oyat).
Oyatlardan ko‘rinib turibdiki, jannat mevalari uni yeyuvchilarga yaqin va oson qilib qo‘yilgan. Ular hech bir qiyinchiliksiz, muammosiz ulardan yeydilar.
Dunyodagi mevalar yegan sari tugaydi. Bozorga borib meva sotib olsak ham bozordagi barcha mevalarni sotib olmaymiz, balki o‘zimizga kerakli miqdordagisini sotib olamiz. Mabodo bozordagi barcha mevalarni sotib olgan taqdirimizda ham ular baribir tugaydi. Ammo jannat mevalari hech qachon tugamaydi. Alloh taolo bu haqida shunday deb marhamat qilgan:
وَفَاكِهَةٍ كَثِيرَةٍ لَّا مَقْطُوعَةٍ وَلَا مَمْنُوعَةٍ
“Serob mevalardadir. Tugamaydigan va man qilinmaydiganlardadir” (Voqea surasi, 32-33-oyatlar).
Ya’ni jannat mevalarini shox ham, tikan ham, uzoqlik ham man qilmaydi. Ularni yeyishda hech qanday to‘siq va muammo bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisda shunday deganlar:
“Agar kishi (jannatda) bir mevani uzib yesa, (yeyilgan mevaning) o‘rniga boshqasi keladi” deganlar. Imom Hokim rivoyati.
Bozorda ba’zan biz istagan meva topilmay qolishi mumkin. Qish faslida yog‘ingarchilik kam bo‘lishi yoki sovuq qattiq kelishi sabab bo‘lib, mevalar nobud bo‘lishi mumkin. Natijada biz ko‘nlimiz tusagan, yaxshi ko‘rgan mevani topolmasligimiz hech gap emas. Jannatda esa bunday bo‘lmaydi. Alloh taolo bu haqida shunday deb marhamat qiladi:
وَفَاكِهَةٍ مِّمَّا يَتَخَيَّرُونَ
“Va ular xohlagan mevalar bilan” (Voqea surasi, 20-oyat).
Alloh taolo bu oyatda jannat ahli jannatda istagan, yegilari kelgan, ko‘ngillari tusagan mevalarni yeyishlari, jannatda xizmat qiladigan yigitlar ularga istagan mevalarini hozirlab turishlari haqida xabar beryapti.
Bu kabi bitmas-tuganmas, yeyuvchiga yaqin keladigan mevalardan istagancha yeyish uchun nima qilishimiz kerak? Bu haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday bayon qilgan:
إِنَّ الْمُتَّقِينَ فِي ظِلَالٍ وَعُيُونٍ وَفَوَاكِهَ مِمَّا يَشْتَهُونَ كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئاً بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ إِنَّا كَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنينَ
“Albatta taqvodorlar soyalar va buloqlardadir. Va o‘zlari xohlagan mevalardadir. Yenglar va ichinglar, osh bo‘lsin. Qilgan amallaringiz sababidandir. Albatta, Biz muhsinlarni shunday mukofotlarmiz” (Mursalot surasi, 41-44-oyatlar).
Oyatdan ko‘rinib turibdiki, jannatdagi go‘zal ne’matlar, mevalardan iste’mol qilishimiz, abadiy rohatga erishishimiz uchun taqvodor bo‘lishga, ya’ni Allohning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytishga, muhsin bo‘lishga, ya’ni yaxshilik qilishga, ehson qilishga, Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilishga harakat qilmog‘imiz lozim.
Alloh taolo barchamizni taqvodor, muhsin bandalaridan qilsin va jannat ne’matlari bilan rizqlanishimizni nasib aylasin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.
Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.
Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.
Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.
Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.
Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana