Alloh taolo jannatda bandalari uchun shunday ne’matlarni tayyorlab qo‘yganki, u ne’matlarni ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, insonning xayoliga kelmagandir. Jannatdagi ne’matlar orasida mevalar ham bor. Biz shu mevalar haqida so‘z yuritsak.
Dunyoda olma, anor, behi, anjir, uzum kabi mevalar bor. Xuddi shu nomdagi mevalar jannatda ham bor. Ammo ularning ta’mi dunyo mevalarinikidan tubdan farq qiladi.
Dunyoda meva yeyish uchun bozorga borish, mevani sotib olish, uyga kelib, uni yuvib, keyin yeyiladi. Agar oldimizdagi dasturxonda tayyor yuvilgan mevalar turgan bo‘lsa ham, baribir, ularga qo‘l cho‘zishimiz kerak. Jannat mevalari esa unday emas. Qo‘l cho‘zishga, intilishga, qiynalishga hojat yo‘q. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَجَنَى الْجَنَّتَيْنِ دَانٍ
“Ikki jannat mevalari yaqin bo‘lgan...” (Rohman surasi, 54-oyat).
Yana bir oyatda bunday degan:
قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ
“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqah surasi, 23-oyat).
Boshqa bir oyatda bunday deyilgan:
وَدَانِيَةً عَلَيْهِمْ ظِلَالُهَا وَذُلِّلَتْ قُطُوفُهَا تَذْلِيلاً
“Va ustilariga u(jannat)ning soyalari yaqindir hamda uning mevalari juda ham oson qilingandir” (Inson surasi, 14-oyat).
Oyatlardan ko‘rinib turibdiki, jannat mevalari uni yeyuvchilarga yaqin va oson qilib qo‘yilgan. Ular hech bir qiyinchiliksiz, muammosiz ulardan yeydilar.
Dunyodagi mevalar yegan sari tugaydi. Bozorga borib meva sotib olsak ham bozordagi barcha mevalarni sotib olmaymiz, balki o‘zimizga kerakli miqdordagisini sotib olamiz. Mabodo bozordagi barcha mevalarni sotib olgan taqdirimizda ham ular baribir tugaydi. Ammo jannat mevalari hech qachon tugamaydi. Alloh taolo bu haqida shunday deb marhamat qilgan:
وَفَاكِهَةٍ كَثِيرَةٍ لَّا مَقْطُوعَةٍ وَلَا مَمْنُوعَةٍ
“Serob mevalardadir. Tugamaydigan va man qilinmaydiganlardadir” (Voqea surasi, 32-33-oyatlar).
Ya’ni jannat mevalarini shox ham, tikan ham, uzoqlik ham man qilmaydi. Ularni yeyishda hech qanday to‘siq va muammo bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisda shunday deganlar:
“Agar kishi (jannatda) bir mevani uzib yesa, (yeyilgan mevaning) o‘rniga boshqasi keladi” deganlar. Imom Hokim rivoyati.
Bozorda ba’zan biz istagan meva topilmay qolishi mumkin. Qish faslida yog‘ingarchilik kam bo‘lishi yoki sovuq qattiq kelishi sabab bo‘lib, mevalar nobud bo‘lishi mumkin. Natijada biz ko‘nlimiz tusagan, yaxshi ko‘rgan mevani topolmasligimiz hech gap emas. Jannatda esa bunday bo‘lmaydi. Alloh taolo bu haqida shunday deb marhamat qiladi:
وَفَاكِهَةٍ مِّمَّا يَتَخَيَّرُونَ
“Va ular xohlagan mevalar bilan” (Voqea surasi, 20-oyat).
Alloh taolo bu oyatda jannat ahli jannatda istagan, yegilari kelgan, ko‘ngillari tusagan mevalarni yeyishlari, jannatda xizmat qiladigan yigitlar ularga istagan mevalarini hozirlab turishlari haqida xabar beryapti.
Bu kabi bitmas-tuganmas, yeyuvchiga yaqin keladigan mevalardan istagancha yeyish uchun nima qilishimiz kerak? Bu haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday bayon qilgan:
إِنَّ الْمُتَّقِينَ فِي ظِلَالٍ وَعُيُونٍ وَفَوَاكِهَ مِمَّا يَشْتَهُونَ كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئاً بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ إِنَّا كَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنينَ
“Albatta taqvodorlar soyalar va buloqlardadir. Va o‘zlari xohlagan mevalardadir. Yenglar va ichinglar, osh bo‘lsin. Qilgan amallaringiz sababidandir. Albatta, Biz muhsinlarni shunday mukofotlarmiz” (Mursalot surasi, 41-44-oyatlar).
Oyatdan ko‘rinib turibdiki, jannatdagi go‘zal ne’matlar, mevalardan iste’mol qilishimiz, abadiy rohatga erishishimiz uchun taqvodor bo‘lishga, ya’ni Allohning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytishga, muhsin bo‘lishga, ya’ni yaxshilik qilishga, ehson qilishga, Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilishga harakat qilmog‘imiz lozim.
Alloh taolo barchamizni taqvodor, muhsin bandalaridan qilsin va jannat ne’matlari bilan rizqlanishimizni nasib aylasin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV