Insonning kelajak oldidagi eng katta burchi – farzand tarbiyasidir. Chunki jamiyatning ertangi kuni farzandlarimizga bergan tarbiyamizga bog‘liq. Bu shunday mas’uliyatki, bundan aslo g‘aflatda qolmaslik lozim.
Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kishi yeydigan narsalarning eng pokizarog‘i kasbidandir. Albatta, farzandi ham uning kasbidandir” (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).
Farzand inson kasbining mahsuli kabi ekan, undan go‘zal hosil olish uchun qanday ko‘chat parvarish qilingani va qanday yerga ekilganiga yaxshi ahamiyat berish lozim. Toki “ko‘chat”ning urug‘i puchak bo‘lib qolmasin. Keyin esa, “urug‘ qadalguvchi yer”ning pokizasini tanlash lozim. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rinib, tashqi go‘zalligi yoqib qolgan ayolga uylanaverishlik farzandning otasi zimmasidagi haqga xiyonatdir.
Ana undan keyin xotin bilan qo‘shilish Allohning zikrisiz bo‘lmasligi kerak. Doimiy parvarish halollikni talab qiladi. Farzand tug‘ilgach shariatga muvofiq chiroyli ism qo‘yish, faqat halol parvarish qilish, aqlini taniy boshlagach imon kalimasini, asta sekin suralarni yodlatib, o‘ng qo‘lida ovqatlanish va boshqa odoblarni o‘rgatish lozim.
“Nima eksang, shuni o‘rasan”, deganlaridek, ota-ona odob-axloqda, ahillikda va taqvoda umr o‘tkazsin, toki o‘zidan yetishib chiqqan meva yaxshi hosil bersin.
Sobit Banoniy rahimahulloh aytadi: “Rivoyat qilinishicha bir kishi otasini bir joyda urayotgan edi. Undan:
Abu Lays Samarqandiy aytadi: “Kim ota-onasiga osiylik qilsa, bolasidan xursandchilik ko‘rmaydi”.
Odoblarning eng yaxshisi – chiroyli o‘rnak bo‘lish. Bunda ota-onaning tarbiyali bo‘lishi muhim. Lekin bu so‘zlar bugungi kunlarning armonlari bo‘lib borayotir.
Internet tarmoqlarida bir ibratli hikoyaga ko‘zim tushdi. Unda yozilishicha bir ishbilarmon tadbirkor odatiga ko‘ra yarim tunga yaqin uyiga keldi. Uni kichkintoy o‘g‘ilchasi kutib turar edi.
— Dadajon, sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? – deb so‘radi bola.
— Mayli, – dedi ota.
— Bir soatda qancha pul topasiz?
— Bu senga nimaga kerak?
— Bilgim kelyapti-da.
— Boringki, yuz ming so‘m toparman, dedi ota o‘zicha xomcho‘t qilib.
Bola ham o‘zicha bir narsalarni hisob qildi va:
— Unday bo‘lsa menga ellik ming so‘m berib turing? – dedi.
— Sen mendan pul olish uchun shunday mug‘ombirlik qilyapsanmi?! Bor, xonangga kirib uxlab, damingni ol! – jahli chiqdi otaning.
Noiloj qolgan bola indamasdan xonasiga kirib ketdi. Charchaganidan asabiylashgan ota birozdan keyin charchog‘i yozilib, sal hovridan tushdi. Keyin o‘ziga-o‘zi: “O‘z bolamga shunchalik qattiqqo‘llik qilib yubordim. Ehtimol o‘g‘lim shu ellik ming so‘mga rostdan ham muhtoj bo‘lib qolgandur. Axir doim ham bunaqa pul so‘rayvermaydi-ku” deb, asta o‘g‘lining xonasi tomon yurdi. Eshikni ochib so‘radi:
— O‘g‘lim, uxlamadingmi?
— Yo‘q, hali.
— Kun bo‘yi ishlar bilan ovora bo‘lib, charchagan edim. Turli odamlar bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Shuning alamini sendan olib xato qilibman. Mana senga ellik ming.
Bola xursand bo‘lib ketdi:
— Rahmat, dadajon! Men Sizni yaxshi ko‘raman!
So‘ng yostig‘ining tagidan yana ozgina mayda pullarni oldi-da, qo‘shib sanay boshladi. Otaning yana jahli chiqdi:
— Shuncha puling bo‘lib turib yana so‘radingmi?!
— Ha, dadajon! Bu pullarim yetmayotgan edi. Mana endi yuz ming bo‘ldi. Shu pulni sizga beray, men uchun bir soat ajrating.
Bugun g‘aflat uyqusidan uyg‘onmoq kerak. Inson o‘z oilasidagi farzandiga befarq bo‘lishga haqqi yo‘q. Qahramon shoirimiz aytganlaridek:
Marsga to‘p otquvchi — sen,
Zuhroni uyg‘otquchi — sen,
Uyquda qotquchi — sen,
Uyg‘on o‘zing, uyg‘on o‘zing.
Ulug‘bek qori YO‘LDOSHЕV,
Asaka tumani “Xolid ibn Valid” jome masjidi xodimi
Ekologiya haqida gapirganda, atrof-muhitni Alloh taolo tomonidan bizga berilgan omonat ekanini tushunishimiz kerak.
Inson tabiatning egasi emas, balki uning himoyachisidir. Qur’oni karimda yer yuzidagi muvozanatni buzmaslik haqida shunday deyiladi:
«Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘yganidan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!» (A’rof surasi, 56-oyat).
Tabiatni chiqindilar bilan ifloslantirish, suvni behuda isrof qilish va daraxtlarni sababsiz kesish buzg‘unchilikning bir ko‘rinishidir.
Ekologik madaniyatning eng go‘zal namunasi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu hadislarida namoyon bo‘ladi:
«Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu, birontangizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin» (Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadis bizga har qanday vaziyatda ham tabiatga hayot bag‘ishlash, ko‘kalamzorlashtirish naqadar savobli ish ekanini o‘rgatadi.
Suv – hayot manbai. Hatto daryo bo‘yida tahorat olganda ham suvni isrof qilmaslikka buyurilganmiz. Bugungi yoshlar suv va energiya resurslarini tejash orqali nafaqat tabiatni asraydilar, balki dinimizning muhim talabi bo‘lgan isrof qilmaslik tamoyiliga amal qiladilar.
Ekologik madaniyat iymonning bir bo‘lagidir. Tozalik va tartib bor joyda baraka bo‘ladi. Shunday ekan omonatni munosib saqlaylik!
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev