Mino Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi bo‘lib, u Masjid al-Haram shimolidan 7 km uzoqlikda joylashgan. Ibrohim alayhissalom shu yerda shaytonga tosh otganlar va qurbonlik qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham vidolashuv hajini ado etganlarida tosh otib, qurbonlik so‘yganlar. Va: “Mana shu yerda qurbonlik qildim. Minoning barcha yerida qurbonlik so‘yilur”, deganlar.
Hojilar Zulhijja oyining sakkizinchi kuni bomdod namozini ado etib bo‘lgach, Minoga yo‘l oladilar va Arafa kunining bomdod vaqtigacha shu yerda istiqomat qiladilar. So‘ngra Arafotga ketib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni yana Minoga qaytadilar va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettiradilar.
Yurtimizdan jo‘nab ketgan hojilar ham Nabiy alayhissalomning sunnati saniyyalariga amal qilish niyatida shunday ulug‘, muborak maskanga yo‘l oldilar. Bu yerda ibodatning mag‘izi bo‘lgan duo bilan mashg‘ul bo‘lib, yurtimiz, xalqimiz tinchligi va farovonligi so‘rab duolar qiladilar.
Alloh taolo hojilarimizning duolar maqbul bo‘ladigan lahza va makonlarda qilayotgan duoi-xayrlarini qabul etsin. So‘raydiganlaridan afzalini bersin.




O‘MI matbuot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati