بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonlarni bir ota va bir onadan paydo qilib, ularni Yer yuzi bo‘ylab turli xil millat va elatlar shaklida tarqatib yubordi. Insonlarning bu kabi xilma-xilligi fitriy bo‘lib, Alloh taolo uni ilohiy hikmat ila joriy qildi. Ya’ni, bu bo‘linish ajralish uchun emas, balki birlashish va o‘zaro yaqinlashish uchun ekanligini Qur’oni karimda bayon qildi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ (سورة الحجرات/13).
ya’ni: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Dinimizda mana shu haqiqatni bayon qilish orqali insonlarni birlikda va hamjihatlikda yashashga da’vat etiladi.
Ayni paytda dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ (سورة آل عمران/103).
ya’ni: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting! Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”
(Oli Imron surasi, 103-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo O‘zining kalomi bo‘lmish Qur’oni karimni “mahkam tutish”ga buyurmoqda. Shunchaki, uni “ushlang” demayapti. Chunki, ushlangan narsa gohida behosdan qo‘ldan tushib ketishi mumkin. Ammo mahkam tutilganda, uni har qanday holatda ham qo‘ldan qo‘yib yubormaslikka harakat qilinadi. Qolaversa, oyatda bu ishni jamoat bo‘lib, barcha birgalikda qilishga buyurilmoqda. Aks holda, har kim o‘z holicha bo‘lsa, o‘rtada tafovut, kelishmovchilik, tafriqa chiqishi tabiiy holdir. Shuning uchun oyatning davomida “firqalarga bo‘linmang!” deyilmoqda.
Hozirgi kunda biz Alloh taoloning bu amrini to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak. “Firqalarga bo‘linmang!” dedimi, biz o‘zaro nizo va adovatlarni yig‘ishtirib, firqalarga bo‘linishni to‘xtatishimiz kerak.
Qachonki bizlar Qur’oni Karimni mahkam tutish uchun birlashib, yonma-yon turar ekanmiz, oralarimizdagi adovat ham yo‘qola boshlaydi, o‘zaro hamjihatlik rivoj topadi. Qur’onning mo‘jizasi ham shunda, aslida. Bir tarafdan Alloh taoloning “firqalarga bo‘linmang!” degan oyatlarini zikr qilib tursagu, boshqa tarafdan olimlarni, imomlarni, mazhablarni, boshqa musulmonlarni va ular qilayotgan ishlarni tanqid qilib tursak, oyatga zid ish qilgan bo‘lmaymizmi?! Darvoqe’, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ulamolarni, boshqa mo‘minlarni, diniy tashkilotlarni tanqid qiladiganlar ko‘payib ketdi. Holbuki, oyati karimada mo‘minlarning birodar bo‘lib yashashlari Allohning ne’mati ekanligi, aynan birodarlik tufayligina do‘zax chohi yoqasidan omon qolish mumkin ekanligi eslatilmoqda. Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ فَرَّقُوا دِينَهُمْ وَكَانُوا شِيَعًا لَسْتَ مِنْهُمْ فِي شَيْءٍ إِنَّمَا أَمْرُهُمْ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ (سورة الانعام/159).
ya’ni: “Dinlarini (firqalarga) bo‘lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas’ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So‘ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An’om surasi, 159-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yo‘llaridan boshqa deb, uni hidoyat yo‘liga teskari yo‘l, deb hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ اللَّهَ تعالى يَرْضَى لَكُمْ ثَلاثًا وَيَكْرَهُ لَكُمْ ثَلاثًا فَيَرْضَى لَكُمْ أَنْ تَعْبُدُوهُ وَلا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَأَنْ تَعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلا تَفَرَّقُوا وَيَكْرَهُ لَكُمْ قِيلَ وَقَالَ وَكَثْرَةَ السُّؤَالِ وَإِضَاعَةَ الْمَالِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ مسلم).
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Albatta Alloh taolo sizlar uchun uch narsada rozi bo‘lib, uch narsada norozidir. Allohga biror narsani sherik qilmasdan ibodat qilsangiz, Allohning arqoni bo‘lmish Islomni jam bo‘lib mahkam ushlab, firqalanib ketmasangiz, rozi bo‘ladi. Ammo “dedi-dedi” deb, behuda gapni ko‘paytirsangiz, ko‘p savol bersangiz va mol-dunyoni behudaga sarf qilsangiz, sizdan norozi bo‘ladi”, –dedilar (Imom Muslim rivoyati).
عن أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ أُمَّتِي لَا تَجْتَمِعُ عَلَى ضَلَالَةٍ فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ" (رواه الْإِمَامُ ابن ماجه).
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Albatta meni ummatim zalolatga jamlanmaydi, shunday ekan, qachon ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga savodi a’zamni (ya’ni, eng ulug‘ jamoani) lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ulamolarimiz hadisdagi “savodi a’zam” kalimasini ahli sunna val jamoa deb sharhlaganlar.
Muhtaram azizlar! Alloh taolo Baqara surasining 269-oyatida shunday degan:
يُؤْتِي الْحِكْمَةَ مَنْ يَشَاءُ وَمَنْ يُؤْتَ الْحِكْمَةَ فَقَدْ أُوتِيَ خَيْرًا كَثِيرًا وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّا أُولُو الْأَلْبَابِ (سورة البقرة/269).
ya’ni: “U O‘zi xohlagan kishilarga hikmat (payg‘ambarlik yoki Qur’on ilmini) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan bo‘lsa, demak, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar” (Baqara surasi, 269-oyat).
Demak fahm-hikmat shunday ulug‘ narsa ekanki, inson u orqali Qur’on, hadis ilmlarini bilib, undan to‘g‘ri hukm chiqara bilish hamda har bir oyat va hadisning mohiyatiga tushuna olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Alloh o‘zining ulug‘ ne’mati bo‘lgan hikmatini hammaga emas, balki faqat o‘zi xohlagan, o‘zi sevgan bandalariga beradi. Hikmat boshi, manbai, tamali, asosi – Allohdan qo‘rquvdir! Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "رَأْسُ الْحِكْمَةِ مَخَافَةُ اللهِ" (رواه الْإِمَامُ البيهقي).
ya’ni: “Hikmatning boshi – Allohdan qo‘rqishdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Qalbida Allohdan qo‘rquvi bo‘lib, hikmat egasi bo‘lgan kishi hech qachon Islom dunyosi ulamolari Firqatun nojiya (najot topuvchi toifa), deb ijmo’ qilgan, ahli sunnat val jamoatga qarshi chiqib, yangi firqalar tuzmaydi, boshqa firqalarga ergashmaydi! Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
عَنِ بْنِ عُمَرَ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "إِنَّ اللهَ لاَ يَجْمَعُ أُمَّتِي عَلَى ضَلَالَةٍ وَيَدُ اللهِ عَلَى الْجَمَاعَةِ
وَمَنْ شَذَّ شَذَّ فِي النَّارِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Alloh taolo mening ummatimni zalolatga jamlamaydi. Allohning qudrat qo‘li jamoat uzradir. Kimki jamoatdan ajralsa, ajralib jahannamga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Islom tarixida qanchadan-qancha mazhablar, firqalar chiqqan bo‘lsa-da, ulamolar ularning yo‘llari to‘g‘riligiga ijmo’ qilmaganligidan, tezda yo‘qolib ketishdi. Ahli nojiya deb e’lon qilingan ahli sunnat val jamoat haq bo‘lganligi sababli 14 asrdan beri yashab kelmoqda.
Hikmat sohibi bo‘lgan farosatli, ahli fahm "Men yurgan yo‘l noto‘g‘ri bo‘lib qolsa, Allohning huzuriga borganda nima qilaman?", – deb qo‘rqadi. Faqatgina ilmning o‘zi kifoya qilganda edi, Azozil to‘g‘ri yo‘ldan adashmagan bo‘lar edi. U olim bo‘lsa ham, hikmatdan benasib bo‘lgani uchun Alloh taoloning Odam alayhissalomga sajda qilishga bo‘lgan buyrug‘ining hikmatini bila olmasdan to‘g‘ri yo‘ldan ozib, shaytonir rajiymga aylandi.
Afsuski, ba’zi hikmat ilmi berilmagan kimsalar o‘zlarini olimu dono fahmlab, "shu yo‘lim to‘g‘ri" deb, turli-tuman firqalar tashkil qilmoqda. Ularga farosat va hikmat ilmi berilganida edi, islomning mohiyatidan xabardor bo‘lib, aslo firqalarga bo‘linmas edilar.
Muhtaram ahli islom! Din ilmini bilmay turib, Islom dini nomidan targ‘ibot va tashviqot qilayotgan har qanday kimsaga ergashib ketaverish yaramaydi! Ayniqsa, zamonaviy elektron vositalari, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan diniy mavzudagi ma’lumotlarning hammasi ham sof islom g‘oyasiga, bizning aqidamizga to‘g‘ri kelavermaydi. Shuning uchun internet tarmog‘idan foydalanadigan farzandlarimizdan ogoh bo‘laylikki, toki ular ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, aldanib qolmasinlar.
Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ilmsiz tarzda fatvo berishi ham odamlar orasida tafriqaga sabab bo‘luvchi omillardan biri sanaladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir. Aslida bunday kimsalarni ilmdan gapirishga haqqi yo‘q. Chunki, hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا يَقُصُّ إِلَّا أَمِيْرٌ أَوْ مَأْمُورٌ أَوْ مُخْتَالٌ
(رواه الْإِمَامُ أبو داود).
ya’ni: Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Odamlarga ilmdan faqat amir (podshoh), yoki ma’mur (podshoh tomonidan ruxsat berilgan shaxslar), yoki mutakabbir (o‘zini katta oluvchi) pand nasihat qiladi”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, odamlarga va’z aytishga faqat mutasaddi rahbarning yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak, bu – uning manmanligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir.
Alloh taolo barchalarimizni bir yoqadan bosh chiqarib, mehr-oqibat bilan, tinch-totuvlikda hayotguzaronlik baxtiga muyassar aylasin. Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD