Islomxo‘ja - (1872-1913 9 avgust, Xiva) — Xiva xonligining bosh vaziri bo‘lib, Xorazmda jadidchilik harakati o‘ng oqimi rahbarlaridan biri edi.
Islomxo‘ja Muhammad Rahimxon II va Asfarndiyorxon hukmronligi davrida Xiva xonligi delegatsiyasi tarkibida Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida bir necha marta bo‘lgan (1907—12).
Uning tashabbusi bilan Xiva va boshqa shaharlarda Islomxo‘ja madrasasi va minorasi, Nurullaboy qishki saroyi, kasalxona, elektrostansiya, paxta tozalash zavodi, apteka, pochta, telegraf kabilar qurildi.
Bundan tashqari 1910-1913 yillar oralig‘ida Islomxo‘janing tashabbusi va mablag‘i hisobiga Xivadan tashqari Yangi Urganch, Shovot, Gurlan, Qo‘ng‘irot, Qo‘shko‘pir va Mo‘ynoq shaharlarida ham jadid maktablari tashkil etiladi. Xivadagi maktab esa tamomila zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan edi. Yangi Urganchda esa Islomxo‘ja o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida jadid maktablari ochib, ularga 60 dan ortiq o‘g‘il-qizlar qabul etiladi.
Islomxo‘ja bosh vazir bo‘lish bilan birga xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalarni ham boshqargan.
Xonlikni idora etishdagi xizmatlari uchun "vaziri akbar" unvoni bilan taqdirlangan.
Islomxo‘ja taraqqiyparvar va ma’rifatparvar inson edi.
1910 yilda u xonlikda islohot o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Sug‘orma dehqonchilikka asoslangan Xorazmda dehqonlarning ahvolini yengillatish uchun yer solig‘ini kamaytirishga harakat qildi.
Yosh hivaliklar partiyasining asoschisi Polvonniyoz Yusupovning yozishicha, Islomxo‘ja taraqqiyparvarlik g‘oyalari uchun o‘z kuyovi, Xiva xoni Asfandiyorxonning buyrug‘i bilan 1913 yilning 9 avgustida vahshiyona o‘ldirilgan.
uz.wikipedia.org va www.e-tarix.uz materiallari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bunday deydi:
So‘nggi yillarda “Ka’bani tavof qilishdan ko‘ra, kambag‘allarni tavof qiling”, “Qurbonlik uchun sarflanadigan mablag‘ni sadaqa qilish uni so‘yishdan yaxshiroq”, “Och insonning og‘zidagi bir luqma mingta masjid qurishdan afzal” kabi noto‘g‘ri tushunchalar keng tarqalmoqda.
Bu kabi chaqiriqlar Islom shiorlaridan bo‘lgan amallarni kamsitish va odamlarni ulardan qaytarishga qaratilgan harakatdir. Ehtimol, bunday fikrlarni ilgari surayotgan kishilar dinning asl mohiyati va uning ahkomlaridan yetarlicha xabardor emasdirlar.
Faqir, miskin va muhtoj insonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bo‘lgan, bugun ham bor. Ammo o‘tgan asrlar davomida ulamolardan yoki solih zotlardan hech kim bunday gaplarni aytmagan.
Nega:
– haftada ikki marta go‘sht sotib olmang, oyda bir marta olib, qolgan mablag‘ni kambag‘allarga bering, deyilmaydi?
Nega:
– sigaret chekmang, uning pulini muhtojlarga ehson qiling, deyilmaydi?
Nega:
– to‘y va marosimlarni ixchamlashtirib, ortiqcha xarajatlarni kambag‘allarga sarflang, deyilmaydi?
Nega:
– yozgi dam olish maskanlariga bormang, o‘sha mablag‘ni muhtojlarga ajrating, deyilmaydi?
Nega aynan ikkisi ham fazilatli va savobli bo‘lgan amallar o‘zaro taqqoslanadi?
Bunday da’volar ko‘pincha dinning qadriyatlariga putur yetkazishni maqsad qilgan kimsalar tomonidan o‘ylab topiladi. Eng achinarlisi esa, aksariyat hollarda bu kabi gaplarni aytayotganlarning o‘zlari muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishda faol emaslar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblar taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Davron NURMUHAMMAD