Har narsani yo‘qotish oson, ammo uni qaytarish qiyin. Bugungi kunda “olomon madaniyati”, “madaniyat kushandasi”, deb hamma joyda aytilib, yoshlarni milliy urf-odat, milliy kiyimlar kiyishga chaqirilmoqda. Ammo yo‘qotilgan madaniyatni qaytarib bo‘larmikan? Dunyoni ilmi bilan tebratgan ulamolar farzandlari o‘zlarini g‘arblikka o‘xshatsa, ulamolar beshigini tebratgan ayollar sharmu hayosini unutib ulardan oshib tushsa, ertaga bularni yo‘lga solib bo‘larmikin? Yomonlikka o‘rganish oson, yomonlikdan qaytish qiyin. Yomonlikka yetishish oson, xalqning xizmatini qilib rahmat, duo olish qiyin. Yoshlikda qilingan xatolarni tuzatish nihoyatda mushkul kechadi.
Dengiz suvi qurib bitsa, undagi baliqlar suvsizlikdan o‘lsa, kimga achchiq qilinadi? Yillar o‘tib, suv bilan dengiz to‘lsa, o‘lgan baliqlar hayotga qaytarmikan? dengizning o‘lgan baliqlarga to‘lishidan nima foyda?
Ey aziz farzand! Kimligingni unutma, qo‘lingdagi imkoniyatlarni qo‘ldan boy berib ajdodlaring madaniyatini qo‘yib, o‘zgalardan xayriyat kutma. O‘zini qadrlamagan insonni o‘zgalar qadrlaydimi? O‘z tili, madaniyati, milliy urf-odati, odob-axloqi, sharmu hayo, ibosini unutganni o‘zga xalq nazar-pisand qilarmikin? “O‘z qadriga yetmagan, o‘zgalar qadriga yetarmidi?” deb malomat toshlarining otilishidan saqlangin.
G‘isht qolipidan ko‘chganidan so‘ng,
Hayoning mash’ali o‘chganidan so‘ng,
Yillar o‘tib, hayo-imon nur taratsa,
Foyda bormi imonsiz o‘lgandan so‘ng?
Dengiz quribon, qirilsa baliq,
O‘rnini qoplasa sahroyi qumliq.
Vaqt o‘tib, yana dengiz suvga to‘lsa,
O‘lgan baliqqa foyda bormi aniq?
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.