1-savol: Qizim uchun aqiqa qilmoqchi edim. Qurbon hayiti kuni ham qurbonlikka, ham aqiqaga niyat qilib qo‘y so‘ysam bo‘ladimi?
Javob: Qurbon hayitida qurbonlik qiling. Qurbonlik qodir kishilarga vojib amal, aqiqa qilish mustahab amal. Qurbonlik qilishda aqiqani qo‘shib niyat qilish mumkin. Chunki, bir jinsdagi katta amal o‘zining jinsidagi kichik amalni o‘z ichiga oladi.
2-savol: Avtomobili bor lekin puli nisobga yetmagan insonga qurbonlik qilish vojib bo‘ladimi? Mashina ham nisob hisoblanadimi?
Javob: Va alaykum assalom. Inson hojati uchun minib turgan mashinasi nisobga kirmaydi. Yolg‘iz mashinasi bo‘lib, boshqa nisob miqdorida mablag‘i bo‘lmasa, qurbonlik vojib bo‘lmaydi. Ehtiyojdan ortiq mashina olib qo‘yilgan bo‘lsa, qurbonlikning nisobiga kiradi va qurbonlik vojib bo‘ladi.
3-savol: Men savdogarchilik qilaman va nisobdan oshgan pulim bor shunga qurbonlik so‘yishim kerakmi? Zakotni bu yil chiqargan edim, lekin qurbonlik hakida ma’lumotga ega emasman. Iltimos, kimlarga farzligini va qanday so‘yilishini tushuntirib bering. Uyda erkak kishi bo‘lmasa akamni chaqirib va qassob chaqirib so‘ysam bo‘ladimi?
Javob: Ha, nisobga yetadigan miqdordagi mablag‘ga ega kishi qurbonlik qilishi vojibdir. Siz akangizni chaqirib qurbonlik qilishingiz joiz. Qurbonlik uchun so‘yiladigan jonliq ayb va nuqsonlardan salomat bo‘lishi kerak. Qurbonlik go‘shtidan bir qismini tarqatib, bir qismini saqlab qo‘yib, yana bir qismini esa qavmu-qarindosh, qo‘ni-qo‘shnilarga pishirib yedirish mustahab amaldir.
4-savol: Meni savolim shuki, Ramazon hayiti bilan Qurbon hayiti orasidagi farq qancha?
Jabov: Ramazon hayiti shavvol oyining birinchi kuni, Qurbon hayiti esa zulhijja oyining o‘ninchi kunidir. Shunga ko‘ra bularning o‘rtalarida chamasi yetmish kunga yaqin bo‘ladi.
5-savol: Qurbon hayitida qurbonlik qilmoqchi edik, jumada imom domla oilasi katta bo‘lsa go‘shtni yarmini o‘ziga olib qolsa bo‘ladi dedi. Shu to‘g‘rimi? Umuman oila katta bo‘lsa hammasini olib qolsayam bo‘ladimi?
Javob: Qurbonlik qiluvchi inson Alloh taoloning roziligi uchun qurbonlikka yaroqli hayvonni so‘yish bilan ibodat hosil bo‘ladi. Uning go‘shtidan foydalanish ikkinchi masala hisoblanadi. Shunga ko‘ra, siz so‘ragandek katta oilalar qurbonlik go‘shtining hammasini o‘z oilalari uchun olib qolishi joiz. Shuningdek qurbonlik qiluvchi hayt kunida go‘shtning hammasini muhtoj insonlarga tarqatishi ham joiz. Ammo, mustahab amal ya’ni, shu o‘rinda eng afzali qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini tarqatish, bir qismi o‘z oilasi uchun olib qolish va yana bir qismini qarindosh-urug‘ va yaqinlar bilan pishirgan holda baham ko‘rish bo‘ladi.
6-savol: Meni ko‘limda nisobiga yetgan pulim bo‘lsa Qurbonlik xam qilamanmi? Men Rossiyada ishlayman u yerda nasroniy qo‘shnilarim ham bor. Agar Qurbonlik mengayam vojib bo‘lsa, o‘sha nasroniy qo‘shnilarimga Qurbonlikdan bersam bo‘ladimi?
Javob: Qurbonlik ibodatida qurbonlikka yaroqli hayvonni so‘yish e’tiborli. Hayvonning qoni yerga tushishi bilan ibodat hosil bo‘ladi. Qo‘shnilarlarga berish ehson. Boshqa dindagi qo‘shnilarga bersa ham bo‘ladi.
7-savol: Qurbonlikka mol oldik. 4ta odam bo‘lib bo‘ladimi yo toq bo‘lishi kerakmi?
Javob: Qurbonlikka so‘yiladigan molda yetti kishigacha sherik bo‘lish mumkin. Bunda sheriklar soni toq yoki juft bo‘lishi shart emas. Muhimi sheriklarning barchasi qurbonlikni niyat qilishi kerak. Agar ularning birortasi go‘sht niyatida sherik bo‘lsa qolganlarning ham qurbonligi qabul bo‘lmaydi.
O‘MI fatvo hay’ati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan