Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
اللَّهُ يَتَوَفَّى الْأَنْفُسَ حِينَ مَوْتِهَا وَالَّتِي لَمْ تَمُتْ فِي مَنَامِهَا فَيُمْسِكُ الَّتِي قَضَى عَلَيْهَا الْمَوْتَ وَيُرْسِلُ الْأُخْرَى إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Alloh jonlarni o‘lgan vaqtida, o‘lmaganlarni esa uxlayotgan paytlarida olur.
Bas, O‘zi o‘limga hukm qilgan jonlarni (qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ajallari yetguncha) qo‘yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir” . (Zumar surasi, 42 oyat).
Ibn Kasir ushbu oyatni tafsir qilib bunday deydilar: “Alloh taolo O‘zi mavjudotlarni xohlaganday boshqarishining xabarini beryapti. Darhaqiqat, U jonlarni tanalardan olish orqali “katta o‘lim”ga hukm qiladi. “Kichik o‘lim” esa – uyqudir”.
Boshqa oyati karimada esa shunday deydi:
وَهُوَ الَّذِي يَتَوَفَّاكُمْ بِاللَّيْلِ وَيَعْلَمُ مَا جَرَحْتُمْ بِالنَّهَارِ ثُمَّ يَبْعَثُكُمْ فِيهِ لِيُقْضَى أَجَلٌ مُسَمًّى ثُمَّ إِلَيْهِ مَرْجِعُكُمْ ثُمَّ يُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ
“U tunda sizlarni «vafot ettiradigan» (uxlatib ruhingizni vaqtincha oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan zotdir. So‘ngra belgilangan muhlat (umr) ado etilishi uchun unda (kunduzi) sizlarni (yana) «tiriltirur» (uyg‘otur). Keyin Unga qaytish (bor). So‘ngra sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur” (An’om surasi, 60 oyat).
Darhaqiqat, uyqu – Alloh taoloning buyuk mo‘jizalaridan. Zero, go‘yo o‘lgandek, hech narsani his qilmay yotgan odamni Alloh yana ruhini qaytarib uyg‘otadi va u oldingidek to‘la-to‘kis yashay boshlaydi. Demak, uyqudagilarni uyg‘otib ruhini qaytargan Alloh taolo qabrlarda yotgan “katta o‘lim” berilganlarni uyg‘otishga albatta qodirdir!
Dinimizda hamma, hatto, ko‘zimizga kichik va e’tiborsiz bo‘lib ko‘rinadigan amallardagi odoblar ham bayon qilingan.
“Nega aynan uyqu. Uyquda ham e’tiborli yoki savobli amal bormi? Axir uyquda inson na yaxshilik va na yomonlik qila olmaydiku”, deyishingiz mumkin. Lekin, faraz qiling, bir kishi oltmish yil yashadi, deylik. Odatda, umumiy hisobda u sakkiz soat uxlasa uning hayotining uchdan bir qismi ya’ni, yigirma yilni uyquda o‘tkazgan bo‘ladi. Biz quyida sanab o‘tadigan odobi shariflarga amal qilinsa, o‘sha kattagina muddat – yigirma yil manfaatli va savobga limmo-lim umrga va har kunlik odat esa ibodatga aylanadi.
Quyida uyquga ketishga oid bir qancha odoblarni keltirib o‘tamiz.
1.Xufton namozidan oldingi uyqu va xuftondan keyingi suhbatning makruhligi:
عَنْ أَبِي بَرْزَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّه كَانَ يَكْرَهُ النَّوْمَ قَبْلَ الْعِشَاءِ وَالْحَدِيثَ بَعْدَهَا. صحيح البخاري،
Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam xuftondan oldingi uyquni va undan keyingi suhbatni yoqtirmasdilar” (Sahihul Buxoriy, 568).
Chunki xuftondan oldingi uyqu uyqu uchun xoslangan kechki uyquga putur yetkazadi. Undan keyingi suhbat esa bomdod namoziga uxlab qolish xavfini keltirib chiqaradi. Lekin ulamolarning fikricha, xuftondan keyingi suhbat diniy va ijtimoiy manfaat uchun yoki ilm suhbatlari bo‘lsa u makruh emas, deganlar. Negaki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq bilan tunda suhbat qilganlari haqida Umar roziyallohu anhudan rivoyatlar kelgan.
عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ : إِذَا أَتَيْتَ مَضْجَعَكَ، فَتَوَضَّأْ وُضُوءَكَ لِلصَّلاَةِ، ثُمَّ اضْطَجِعْ عَلَى شِقِّكَ اْلأَيْمَنِ، ثُمَّ قُلِ: اللَّهُمَّ أَسْلَمْتُ وَجْهِي إِلَيْكَ، وَفَوَّضْتُ أَمْرِي إِلَيْكَ، وَأَلْجَأْتُ ظَهْرِي إِلَيْكَ، رَغْبَةً وَرَهْبَةً إِلَيْكَ، لاَ مَلْجَأَ وَلاَ مَنْجَا مِنْكَ إِلاَ إِلَيْكَ. اللَّهُمَّ آمَنْتُ بِكِتَابِكَ الَّذِي أَنْزَلْتَ، وَبِنَبِيِّكَ الَّذِي أَرْسَلْتَ. متفق عليه ،
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yotog‘ingga kelganda namozga qanday tahorat qilsang shunday tahorat qil. Keyin o‘ng tomoningga yot, so‘ngra shunday degin: “Allohumma aslamtu vajhiy ilayk va favvaztu amriy ilayk va alja’tu zohriy ilayk. Rog‘batan va rohbatan ilayk. La malja’a va la manja minka illa ilayk. Allohumma amantu bikitabikallaziy anzalta va binabiyyikallaziy arsalta” (tarjimasi: “Yo, Allohim! Senga umid qilib va qo‘rqib yuzimni (ya’ni, o‘zimni) Senga taslim qildim. Ishimni Senga topshirdim. Senga suyandim. Panoh va najot faqat O‘zingdandir. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan nabiyyinnga iymon keltirdim)…” (Muttafaqun alayh).
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ : إِذَا أَوَى أَحَدُكُمْ إِلَى فِرَاشِهِ، فَلْيَنْفُضْ فِرَاشَهُ بِدَاخِلَةِ إِزَارِهِ، فَإِنَّهُ لاَ يَدْرِي مَا خَلَفَهُ عَلَيْهِ، ثُمَّ يَقُولُ: بِاسْمِكَ رَبِّ وَضَعْتُ جَنْبِي، وَبِكَ أَرْفَعُهُ، إِنْ أَمْسَكْتَ نَفْسِي فَارْحَمْهَا، وَإِنْ أَرْسَلْتَهَا فَاحْفَظْهَا بِمَا تَحْفَظُ بِهِ عِبَادَكَ الصَّالِحِينَ. صحيح البخاري،
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog‘iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to‘shagini qoqib yuborsin. Zero, u o‘zidan keyin to‘shagiga nima kirganini bilmaydi. So‘ngra shunday deydi: “Rabbim! Noming ila yotdim va Sen ila turaman. Agar jonimni olsang rahm qil. Agar jonimni yuborsang (ya’ni, uyg‘onganda ruhi qaytarilishi) uni solih bandalaringni saqlaganingdek asra” (Sahihul Buxoriy, 6320).
Juda ko‘p hadisi shariflarda o‘ng tomon bilan yotishga targ‘ib qilingan. Baro ibn Ozibdan rivoyat qilingan yuqoridagi hadis ham shular jumlasidandir. Chunki inson o‘ng tomon bilan yotganda oshqozonda ovqat hazm uchun yaxshi joylashadi va sergakroq uxlaydi. Chap tomonga yotganda esa yurakka og‘irroq bo‘ladi.
عَنْ حُذَيْفَةَ ، قَالَ كَانَ النَّبِيُّ إِذَا أَخَذَ مَضْجَعَهُ مِنْ اللَّيْلِ، وَضَعَ يَدَهُ تَحْتَ خَدِّهِ، ثُمَّ يَقُولُ: اللَّهُمَّ بِاسْمِكَ أَمُوتُ وَأَحْيَا. وَإِذَا اسْتَيْقَظَ، قَالَ: الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَحْيَانَا بَعْدَ مَا أَمَاتَنَا وَإِلَيْهِ النُّشُورُ. صحيح البخاري،
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, qo‘llarini yuzlarini tagiga qo‘yardilar. So‘ngra: “Allohumma bismika amutu va ahya” (tarjimasi: “Allohim, isming ila o‘laman va tirilaman!”), derdilar. Uyg‘onsalar esa: “Alhamdu lillahillaziy ahyana ba’da ma amatana va ilayhin nushur” (tarjimasi: “Jonimizni qabz qilgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo‘lsin. Qayta tirilish Uning O‘zigadir”) (Sahihul Buxoriy, 6314).
Bundan boshqa ba’zi zikrlar ham yuqoridagi hadislarda keltirilgan.
عَنْ طِخْفَةَ الْغِفَارِيِّ ، قَالَ: أَصَابَنِي رَسُولُ اللَّهِ نَائِمًا فِي الْمَسْجِدِ عَلَى بَطْنِي، فَرَكَضَنِي بِرِجْلِهِ، وَقَالَ: مَا لَكَ وَلِهَذَا النَّوْمِ. هَذِهِ نَوْمَةٌ يَكْرَهُهَا اللَّهُ، أَوْ يُبْغِضُهَا اللَّهُ. صحيح / صحيح سنن ابن ماجه،
Tixfatul G‘iforiy roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda chalqancha holatda uxlab yotganimda ko‘rib qoldilar. Shunda, oyoqlari bilan turtib: “Bu uyqu nimasi?! Buni Alloh yomon ko‘radi”, dedilar» (Sunani Ibn Moja, 3015).
Bu masalaga boshqa tarafdan yondashilsa, u holatda yotish noqulay ko‘rinishga olib keladi. Lekin ulamolar: “Qornida og‘riq bo‘lgan inson og‘riqni yengillatish maqsadida qorniga yotsa joiz”, deyishgan.
وعَنْ أم المؤمنين عَائِشَةَ رضي الله عنها، أَنَّ النَّبِيّ كَانَ إِذَا أَوَى إِلَى فِرَاشِهِ كُلَّ لَيْلَةٍ، جَمَعَ كَفَّيْهِ ثُمَّ نَفَثَ فِيهِمَا، فَقَرَأَ فِيهِمَا: ( قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ ( و( قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ الْفَلَقِ ( و( قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ النَّاسِ (، ثُمَّ يَمْسَحُ بِهِمَا مَا اسْتَطَاعَ مِنْ جَسَدِهِ، يَبْدَأُ بِهِمَا عَلَى رَأْسِهِ وَوَجْهِهِ وَمَا أَقْبَلَ مِنْ جَسَدِهِ، يَفْعَلُ ذَلِكَ ثَلاَثَ مَرَّات صحيح البخاري،
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, ikki kaftlarini birlashtirib, ularga dam urib – “Ixlos”, “Falaq”, “Nos” suralarini qiroat qilardilar. So‘ngra ikki kaftlarini badanlarining qo‘llari yetgarlik joylariga surtardilar. Boshlaridan boshlab, so‘ngra yuzlari va ketma-ket boshqa a’zolariga. Bu ishni uch marta qilardilar” (Sahihul Buxoriy, 5017).
Alloma Qozi Iyoz: “Qur’on oyatlari va zikrdan hosil bo‘lgan havo (nafas) va undagi namlikda tabarruklik bor”, degan.
Bundan tashqari, uxlashdan oldin Oyatul kursiy o‘qilsa, Alloh taolo tomonidan asrovchi farishta tushirilishi, Baqara surasining oxirgi ikki oyati o‘qilsa, omonda bo‘lishi, Kafirun surasini o‘qisa esa shirkdan omonda bo‘lishi, Zumar, Sajda, Taborak va boshqa suralarni o‘qishning fazilatlari haqida hadisi shariflar mavjud.
عنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ (، عَنْ النَّبِيَّ (، قَال:َ مَنْ أَتَى فِرَاشَهُ وَهُوَ يَنْوِي أَنْ يَقُومَ يُصَلِّي مِنَ اللَّيْلِ، فَغَلَبَتْهُ عَيْنَاهُ حَتَّى أَصْبَحَ، كُتِبَ لَهُ مَا نَوَى، وَكَانَ نَوْمُهُ صَدَقَةً عَلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ
Abu Darlo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim yotog‘iga tungi namozga (tahajjudga) turishni niyat qilib yotsa va tungi namozga uxlab qolib tong orttirsa, unga niyat qilgani bo‘libdi. Uyqusi esa Rabbisi azza va jalladan u uchun sadaqa bo‘libdi”.
وعَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: خَمِّرُوا اْلآنِيَةَ، وَأَجِيفُوا اْلأَبْوَابَ، وَأَطْفِئُوا الْمَصَابِيحَ، فَإِنَّ الْفُوَيْسِقَةَ رُبَّمَا جَرَّتْ الْفَتِيلَةَ فَأَحْرَقَتْ أَهْلَ الْبَيْتِ . صحيح البخاري،
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Idishlarning og‘zini yopib, eshiklarni tambalab va chiroqlarni o‘chirib yotinglar, chunki sichqon pilikni tortib yuborib, uy ahlini yoqib yuborishi mumkin”, dedilar” (Sahihul Buxoriy, 6295).
Hadisdan olinadigan foyda shuki, o‘t chiqishiga sabab bo‘ladigan jihozlar, ya’ni gaz va elektr jihozlariga uyqudan oldin e’tibor berish ham dinimiz odoblaridan ekan. Bu hadis nafaqat dunyoviy manfaatlarni, balki diniy manfaatlarni ham o‘z ichiga olgan. U asrash lozim bo‘lgan har bir jonga e’tibor va behuda sarflash gunoh bo‘lgan molni saqlashga undovdir.
Boshqa hadisda esa:
وعَنْ جَابِرٍ ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: أَطْفِئُوا الْمَصَابِيحَ بِاللَّيْلِ إِذَا رَقَدْتُمْ، وَغَلِّقُوا اْلأَبْوَابَ، وَأَوْكُوا اْلأَسْقِيَةَ، وَخَمِّرُوا الطَّعَامَ وَالشَّرَابَ. صحيح البخاري، 5624
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Tunda chiroqlarni o‘chirib, eshiklarni yopib, meshlarningsh og‘zini bog‘lab hamda ovqat va ichimliklarni yopib yotingiz” (Sahihul Buxoriy, 5624).
عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: إِذَا فَزِعَ أَحَدُكُمْ فِي النَّوْمِ، فَلْيَقُلْ: أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللَّهِ التَّامَّاتِ مِنْ غَضَبِهِ وَعِقَابِهِ، وَشَرِّ عِبَادِهِ، وَمِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ، وَأَنْ يَحْضُرُونِ. فَإِنَّهَا لَنْ تَضُرَّهُ. حسن / صحيح سنن الترمذي
Amr ibn Shuayb roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Birortangiz uyquda qo‘rqsa: “A’uzu bikalimatillahit tammati min g‘ozobihi va iqobihi va sharri ibadihi va min hamazatish shayatiyn va ay-yahzurun”, desin (tarjimasi: “Allohning mukammal kalimalari ila Uning g‘azabi va jazosi, bandalarining yomonliklari, shaytonlarning vasvaslari va ularni mening oldimga kelishlaridan panoh tilayman”) (Sunani Termiziy, 3528).
وعَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ ، أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ يَقُولُ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمْ رُؤْيَا يُحِبُّهَا فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ اللَّهِ، فَلْيَحْمَدِ اللَّهَ عَلَيْهَا وَلْيُحَدِّثْ بِهَا، وَإِذَا رَأَى غَيْرَ ذَلِكَ مِمَّا يَكْرَهُ، فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَلْيَسْتَعِذْ مِنْ شَرِّهَا وَلاَ يَذْكُرْهَا ِلأَحَدٍ، فَإِنَّهَا لاَ تَضُرُّهُ. صحيح البخاري، Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘ziga yoqadigan tush ko‘rsa, uni Alloh taolo sizga marhamat qilgan bo‘lib, buning uchun darhol Rabbingizga hamdu sano aytsin va ko‘rgan tushini (yaxshi odamlarga) aytsin. Agar ko‘ngli xushlamaydigan tushni ko‘rsa, demak, u shayton tarafidan bo‘lib, uning yomonligidan Alloh taolodan panoh tilasin (ya’ni, “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” desin) va uni hech kimga aytib bermasin. Shunda ko‘rgan yomon tushi unga zarar keltira olmaydi!” dedilar” (Sahihul Buxoriy, 6985).
وعَنْ جَابِرٍ ، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ ، أَنَّهُ قَالَ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمُ الرُّؤْيَا يَكْرَهُهَا، فَلْيَبْصُقْ عَنْ يَسَارِهِ ثَلاَثًا، وَلْيَسْتَعِذْ بِاللَّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ ثَلاَثًا، وَلْيَتَحَوَّلْ عَنْ جَنْبِهِ الَّذِي كَانَ عَلَيْهِ. صحيح مسلم، 62
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘zi yoqtirmaydigan tush ko‘rsa, chap tarafiga uch marta tuflasin va shaytondan Alloh taolodan panoh tilasin hamda boshqa tarafga o‘girilib olsin”, dedilar” (Sahihi Muslim, 2262).
Uyquda yomon tush ko‘rganda nima qilish kerak ekani yuqoridagi hadislarda bayon qilindi. Lekin ularning eng afzali Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallama aytganlaridek:
أبي هريرة عن رسول الله: ” … فَإِنْ رَأَى أَحَدُكُمْ مَا يَكْرَهُ فَلْيَقُمْ فَلْيُصَلِّ وَلَا يُحَدِّثْ بِهَا النَّاسَ … ” ] صحيح مسلم، 263
“…Birortangiz o‘zi yoqtirmaydigan tush ko‘rsa turib namoz o‘qisin va u tushini hech imga aytib bermasin…”
Uyqudan turish odoblari:
Uyqudan uyg‘onganda zikr qilish, tahorat qilish va namoz o‘qish sunnatdir:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ (، أَنَّ رَسُولَ اللَّه ( قَالَ: يَعْقِدُ الشَّيْطَانُ عَلَى قَافِيَةِ رَأْسِ أَحَدِكُمْ إِذَا هُوَ نَامَ ثَلاَثَ عُقَدٍ، يَضْرِبُ على كُلَّ عُقْدَةٍ، عَلَيْكَ لَيْلٌ طَوِيلٌ فَارْقُدْ، فَإِنِ اسْتَيْقَظَ فَذَكَرَ اللَّهَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ تَوَضَّأَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ صَلَّى انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَأَصْبَحَ نَشِيطًا طَيِّبَ النَّفْسِ، وَإِلاَ أَصْبَحَ خَبِيثَ النَّفْسِ كَسْلاَنَ. ] متفق عليه
Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shayton sizlardan biringiz uyqudaligida gardaniga uchta tugun tugadi va har bir tugunga: “Senda uzun tun bor, shunday ekan uxla!” deydi. U uyg‘onganda Allohni zikr qilsa bitta tugun yechiladi. Tahorat qilsa yana bir tugun yechiladi. Namoz o‘qisa esa yana bitta tugun yechiladi. Shunda u g‘ayratli-tetik va ko‘ngli ravshan holda tong orttiradi. Ammo unday qilmasa ko‘ngli xira, dangasa holda tong orttiradi”, dedilar.
Boshqa hadisi sharifda esa:
عَنْ عُبَادَةُ بْنُ الصَّامِتِ (، عَنِ النَّبِيِّ ( قَالَ: مَنْ تَعَارَّ مِنَ اللَّيْلِ فَقَالَ: لاَ إِلَهَ إِلاَ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ. الْحَمْدُ لِلَّهِ وَسُبْحَانَ اللَّهِ وَلاَ إِلَهَ إِلاَ اللَّهُ وَاللَّهُ أَكْبَرُ وَلاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَ بِاللَّهِ. ثُمَّ قَالَ: اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي، أَوْ دَعَا، اسْتُجِيبَ. فَإِنْ تَوَضَّأَ قُبِلَتْ صَلاَتُهُ. ] صحيح البخاري،
Uboda ibn Somit roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimki kechasi uyg‘onib: “La ilaha illallohu vahdahu la sharika lah. Lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shay’in qodiyr. Alhamdu lillahi va subhanalllohi va la ilaha illallohu vallohu akbar va la havla va la quvvata illa billah” (tarjimasi: “Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Uning yolg‘iz O‘zigina mavjuddir, uning sherigi yo‘qdir, jamiki mulk Unikidir, barcha maqtovlar Unga xos va U har bir narsaga Qodirdir! Allohga madhu maqtovlar bo‘lsin. Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Alloh eng buyukdir, Allohning irodasisiz hech narsa bo‘lmaydi”), degan duoni o‘qib, so‘ng “Allohim, meni kechirgin!” desa, duosi mustajob bo‘ladi, keyin tahorat olib namoz o‘qisa, namozi qabul bo‘ladi” (Sahihi Buxoriy, 1154).
Uyqudan turganda sunnat hisoblangan yana bir qancha zikr va duolar mavjud. Ularni batafsil hadis, odob-axloq mavzusidagi kitoblardan topish mumkin.
Jahongir UBAYDULLOH,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
Toshkent shahar Olmazor tumani “Ahmadjon qori” jome masjidi imom noibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati