Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Uyquga yotish va uyqudan turish odoblari

15.08.2018   19803   17 min.
Uyquga yotish va uyqudan turish odoblari

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

اللَّهُ يَتَوَفَّى الْأَنْفُسَ حِينَ مَوْتِهَا وَالَّتِي لَمْ تَمُتْ فِي مَنَامِهَا فَيُمْسِكُ الَّتِي قَضَى عَلَيْهَا الْمَوْتَ وَيُرْسِلُ الْأُخْرَى إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Alloh jonlarni o‘lgan vaqtida, o‘lmaganlarni esa uxlayotgan paytlarida olur.

Bas, O‘zi o‘limga hukm qilgan jonlarni (qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ajallari yetguncha) qo‘yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir” . (Zumar surasi, 42 oyat).

Ibn Kasir ushbu oyatni tafsir qilib bunday deydilar: “Alloh taolo O‘zi mavjudotlarni xohlaganday boshqarishining xabarini beryapti. Darhaqiqat, U jonlarni tanalardan olish orqali “katta o‘lim”ga hukm qiladi. “Kichik o‘lim” esa – uyqudir”.
Boshqa oyati karimada esa shunday deydi:

وَهُوَ الَّذِي يَتَوَفَّاكُمْ بِاللَّيْلِ وَيَعْلَمُ مَا جَرَحْتُمْ بِالنَّهَارِ ثُمَّ يَبْعَثُكُمْ فِيهِ لِيُقْضَى أَجَلٌ مُسَمًّى ثُمَّ إِلَيْهِ مَرْجِعُكُمْ ثُمَّ يُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ

“U tunda sizlarni «vafot ettiradigan» (uxlatib ruhingizni vaqtincha oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan zotdir. So‘ngra belgilangan muhlat (umr) ado etilishi uchun unda (kunduzi) sizlarni (yana) «tiriltirur» (uyg‘otur). Keyin Unga qaytish (bor). So‘ngra sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur” (An’om surasi, 60 oyat).

Darhaqiqat, uyqu – Alloh taoloning buyuk mo‘jizalaridan. Zero, go‘yo o‘lgandek, hech narsani his qilmay yotgan odamni Alloh yana ruhini qaytarib uyg‘otadi va u oldingidek to‘la-to‘kis yashay boshlaydi. Demak, uyqudagilarni uyg‘otib ruhini qaytargan Alloh taolo qabrlarda yotgan “katta o‘lim” berilganlarni uyg‘otishga albatta qodirdir!

Dinimizda hamma, hatto, ko‘zimizga kichik va e’tiborsiz bo‘lib ko‘rinadigan amallardagi odoblar ham bayon qilingan.

“Nega aynan uyqu. Uyquda ham e’tiborli yoki savobli amal bormi? Axir uyquda inson na yaxshilik va na yomonlik qila olmaydiku”, deyishingiz mumkin. Lekin, faraz qiling, bir kishi oltmish yil yashadi, deylik. Odatda, umumiy hisobda u sakkiz soat uxlasa uning hayotining uchdan bir qismi ya’ni, yigirma yilni uyquda o‘tkazgan bo‘ladi. Biz quyida sanab o‘tadigan odobi shariflarga amal qilinsa, o‘sha kattagina muddat – yigirma yil manfaatli va savobga limmo-lim umrga va har kunlik odat esa ibodatga aylanadi.

Quyida uyquga ketishga oid bir qancha odoblarni keltirib o‘tamiz.

1.Xufton namozidan oldingi uyqu va xuftondan keyingi suhbatning makruhligi:

عَنْ أَبِي بَرْزَةَ  أَنَّ رَسُولَ اللَّه كَانَ يَكْرَهُ النَّوْمَ قَبْلَ الْعِشَاءِ وَالْحَدِيثَ بَعْدَهَا. صحيح البخاري،

Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam xuftondan oldingi uyquni va undan keyingi suhbatni yoqtirmasdilar” (Sahihul Buxoriy, 568). 

Chunki xuftondan oldingi uyqu uyqu uchun xoslangan kechki uyquga putur yetkazadi. Undan keyingi suhbat esa bomdod namoziga uxlab qolish xavfini keltirib chiqaradi. Lekin ulamolarning fikricha, xuftondan keyingi suhbat diniy va ijtimoiy manfaat uchun yoki ilm suhbatlari bo‘lsa u makruh emas, deganlar. Negaki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq bilan tunda suhbat qilganlari haqida Umar roziyallohu anhudan rivoyatlar kelgan.

  1. Uyquga tahoratli yotish:

عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ : إِذَا أَتَيْتَ مَضْجَعَكَ، فَتَوَضَّأْ وُضُوءَكَ لِلصَّلاَةِ، ثُمَّ اضْطَجِعْ عَلَى شِقِّكَ اْلأَيْمَنِ، ثُمَّ قُلِ: اللَّهُمَّ أَسْلَمْتُ وَجْهِي إِلَيْكَ، وَفَوَّضْتُ أَمْرِي إِلَيْكَ، وَأَلْجَأْتُ ظَهْرِي إِلَيْكَ، رَغْبَةً وَرَهْبَةً إِلَيْكَ، لاَ مَلْجَأَ وَلاَ مَنْجَا مِنْكَ إِلاَ إِلَيْكَ. اللَّهُمَّ آمَنْتُ بِكِتَابِكَ الَّذِي أَنْزَلْتَ، وَبِنَبِيِّكَ الَّذِي أَرْسَلْتَ. متفق عليه ،
 Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Yotog‘ingga kelganda namozga qanday tahorat qilsang shunday tahorat qil. Keyin o‘ng tomoningga yot, so‘ngra shunday degin: “Allohumma aslamtu vajhiy ilayk va favvaztu amriy ilayk va alja’tu zohriy ilayk. Rog‘batan va rohbatan ilayk. La malja’a va la manja minka illa ilayk. Allohumma amantu bikitabikallaziy anzalta va binabiyyikallaziy arsalta” (tarjimasi: “Yo, Allohim! Senga umid qilib va qo‘rqib yuzimni (ya’ni, o‘zimni) Senga taslim qildim. Ishimni Senga topshirdim. Senga suyandim. Panoh va najot faqat O‘zingdandir. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan nabiyyinnga iymon keltirdim)…” (Muttafaqun alayh).

  1. To‘shakni qoqish va “Bismilloh”ni aytish:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ : إِذَا أَوَى أَحَدُكُمْ إِلَى فِرَاشِهِ، فَلْيَنْفُضْ فِرَاشَهُ بِدَاخِلَةِ إِزَارِهِ، فَإِنَّهُ لاَ يَدْرِي مَا خَلَفَهُ عَلَيْهِ، ثُمَّ يَقُولُ: بِاسْمِكَ رَبِّ وَضَعْتُ جَنْبِي، وَبِكَ أَرْفَعُهُ، إِنْ أَمْسَكْتَ نَفْسِي فَارْحَمْهَا، وَإِنْ أَرْسَلْتَهَا فَاحْفَظْهَا بِمَا تَحْفَظُ بِهِ عِبَادَكَ الصَّالِحِينَ.  صحيح البخاري،
 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog‘iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to‘shagini qoqib yuborsin. Zero, u o‘zidan keyin to‘shagiga nima kirganini bilmaydi. So‘ngra shunday deydi: “Rabbim! Noming ila yotdim va Sen ila turaman. Agar jonimni olsang rahm qil. Agar jonimni yuborsang (ya’ni, uyg‘onganda ruhi qaytarilishi) uni solih bandalaringni saqlaganingdek asra” (Sahihul Buxoriy, 6320).

  1. O‘ng tomon bilan yotish:

Juda ko‘p hadisi shariflarda o‘ng tomon bilan yotishga targ‘ib qilingan. Baro ibn Ozibdan rivoyat qilingan yuqoridagi hadis ham shular jumlasidandir. Chunki inson o‘ng tomon bilan yotganda oshqozonda ovqat hazm uchun yaxshi joylashadi va sergakroq uxlaydi. Chap tomonga yotganda esa yurakka og‘irroq bo‘ladi.

  1. 5. O‘ng qo‘lni yuzining tagiga qo‘yib yotish va ba’zi zikrlarni aytish:

عَنْ حُذَيْفَةَ ، قَالَ كَانَ النَّبِيُّ  إِذَا أَخَذَ مَضْجَعَهُ مِنْ اللَّيْلِ، وَضَعَ يَدَهُ تَحْتَ خَدِّهِ، ثُمَّ يَقُولُ: اللَّهُمَّ بِاسْمِكَ أَمُوتُ وَأَحْيَا. وَإِذَا اسْتَيْقَظَ، قَالَ: الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَحْيَانَا بَعْدَ مَا أَمَاتَنَا وَإِلَيْهِ النُّشُورُ. صحيح البخاري،

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, qo‘llarini yuzlarini tagiga qo‘yardilar. So‘ngra: “Allohumma bismika amutu va ahya” (tarjimasi: “Allohim, isming ila o‘laman va tirilaman!”), derdilar. Uyg‘onsalar esa: “Alhamdu lillahillaziy ahyana ba’da ma amatana va ilayhin nushur” (tarjimasi: “Jonimizni qabz qilgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo‘lsin. Qayta tirilish Uning O‘zigadir”) (Sahihul Buxoriy, 6314).

Bundan boshqa ba’zi zikrlar ham yuqoridagi hadislarda keltirilgan.

  1. Chalqancha yotish makruh:

عَنْ طِخْفَةَ الْغِفَارِيِّ ، قَالَ: أَصَابَنِي رَسُولُ اللَّهِ  نَائِمًا فِي الْمَسْجِدِ عَلَى بَطْنِي، فَرَكَضَنِي بِرِجْلِهِ، وَقَالَ: مَا لَكَ وَلِهَذَا النَّوْمِ. هَذِهِ نَوْمَةٌ يَكْرَهُهَا اللَّهُ، أَوْ يُبْغِضُهَا اللَّهُ. صحيح / صحيح سنن ابن ماجه،

Tixfatul G‘iforiy roziyallohu anhu aytdilar:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda chalqancha holatda uxlab yotganimda ko‘rib qoldilar. Shunda, oyoqlari bilan turtib: “Bu uyqu nimasi?! Buni Alloh yomon ko‘radi”, dedilar» (Sunani Ibn Moja, 3015).

Bu masalaga boshqa tarafdan yondashilsa, u holatda yotish noqulay ko‘rinishga olib keladi. Lekin ulamolar: “Qornida og‘riq bo‘lgan inson og‘riqni yengillatish maqsadida qorniga yotsa joiz”, deyishgan.

  1. Uyqudan oldin Qur’ondan ba’zi oyatlarni tilovat qilish:

وعَنْ أم المؤمنين عَائِشَةَ رضي الله عنها، أَنَّ النَّبِيّ كَانَ إِذَا أَوَى إِلَى فِرَاشِهِ كُلَّ لَيْلَةٍ، جَمَعَ كَفَّيْهِ ثُمَّ نَفَثَ فِيهِمَا، فَقَرَأَ فِيهِمَا: ( قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ ( و( قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ الْفَلَقِ ( و( قُلْ أَعُوذُ بِرَبِّ النَّاسِ (، ثُمَّ يَمْسَحُ بِهِمَا مَا اسْتَطَاعَ مِنْ جَسَدِهِ، يَبْدَأُ بِهِمَا عَلَى رَأْسِهِ وَوَجْهِهِ وَمَا أَقْبَلَ مِنْ جَسَدِهِ، يَفْعَلُ ذَلِكَ ثَلاَثَ مَرَّات صحيح البخاري،

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, ikki kaftlarini birlashtirib, ularga dam urib – “Ixlos”, “Falaq”, “Nos” suralarini qiroat qilardilar. So‘ngra ikki kaftlarini badanlarining qo‘llari yetgarlik joylariga surtardilar. Boshlaridan boshlab, so‘ngra yuzlari va ketma-ket boshqa a’zolariga. Bu ishni uch marta qilardilar” (Sahihul Buxoriy, 5017).

Alloma Qozi Iyoz: “Qur’on oyatlari va zikrdan hosil bo‘lgan havo (nafas) va undagi namlikda tabarruklik bor”, degan.

Bundan tashqari, uxlashdan oldin Oyatul kursiy o‘qilsa, Alloh taolo tomonidan asrovchi farishta tushirilishi, Baqara surasining oxirgi ikki oyati o‘qilsa, omonda bo‘lishi, Kafirun surasini o‘qisa esa shirkdan omonda bo‘lishi, Zumar, Sajda, Taborak va boshqa suralarni o‘qishning fazilatlari haqida hadisi shariflar mavjud.

  1. Tungi (tahajjud) namoziga turishni niyat qilib uxlash:

عنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ (، عَنْ النَّبِيَّ (، قَال:َ مَنْ أَتَى فِرَاشَهُ وَهُوَ يَنْوِي أَنْ يَقُومَ يُصَلِّي مِنَ اللَّيْلِ، فَغَلَبَتْهُ عَيْنَاهُ حَتَّى أَصْبَحَ، كُتِبَ لَهُ مَا نَوَى، وَكَانَ نَوْمُهُ صَدَقَةً عَلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ
Abu Darlo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim yotog‘iga tungi namozga (tahajjudga) turishni niyat qilib yotsa va tungi namozga uxlab qolib tong orttirsa, unga niyat qilgani bo‘libdi. Uyqusi esa Rabbisi azza va jalladan u uchun sadaqa bo‘libdi”.

  1. Uyqudan oldin chiroqlarni o‘chirib, eshiklarni yopish:

وعَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: خَمِّرُوا اْلآنِيَةَ، وَأَجِيفُوا اْلأَبْوَابَ، وَأَطْفِئُوا الْمَصَابِيحَ، فَإِنَّ الْفُوَيْسِقَةَ رُبَّمَا جَرَّتْ الْفَتِيلَةَ فَأَحْرَقَتْ أَهْلَ الْبَيْتِ . صحيح البخاري،

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Idishlarning og‘zini yopib, eshiklarni tambalab va chiroqlarni o‘chirib yotinglar, chunki sichqon pilikni tortib yuborib, uy ahlini yoqib yuborishi mumkin”, dedilar” (Sahihul Buxoriy, 6295).

Hadisdan olinadigan foyda shuki, o‘t chiqishiga sabab bo‘ladigan jihozlar, ya’ni gaz va elektr jihozlariga uyqudan oldin e’tibor berish ham dinimiz odoblaridan ekan. Bu hadis nafaqat dunyoviy manfaatlarni, balki diniy manfaatlarni ham o‘z ichiga olgan. U asrash lozim bo‘lgan har bir jonga e’tibor va behuda sarflash gunoh bo‘lgan molni saqlashga undovdir.

Boshqa hadisda esa:

وعَنْ جَابِرٍ ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: أَطْفِئُوا الْمَصَابِيحَ بِاللَّيْلِ إِذَا رَقَدْتُمْ، وَغَلِّقُوا اْلأَبْوَابَ، وَأَوْكُوا اْلأَسْقِيَةَ، وَخَمِّرُوا الطَّعَامَ وَالشَّرَابَ.  صحيح البخاري، 5624

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Tunda chiroqlarni o‘chirib, eshiklarni yopib, meshlarningsh og‘zini bog‘lab hamda ovqat va ichimliklarni yopib yotingiz” (Sahihul Buxoriy, 5624).

  1. 10. Qo‘rqib uyg‘onsa ma’lum bir  duo va zikrlarni aytish:

عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ  قَالَ: إِذَا فَزِعَ أَحَدُكُمْ فِي النَّوْمِ، فَلْيَقُلْ: أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللَّهِ التَّامَّاتِ مِنْ غَضَبِهِ وَعِقَابِهِ، وَشَرِّ عِبَادِهِ، وَمِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ، وَأَنْ يَحْضُرُونِ. فَإِنَّهَا لَنْ تَضُرَّهُ. حسن / صحيح سنن الترمذي

Amr ibn Shuayb roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Birortangiz uyquda qo‘rqsa: “A’uzu bikalimatillahit tammati min g‘ozobihi va iqobihi va sharri ibadihi va min hamazatish shayatiyn va ay-yahzurun”, desin (tarjimasi: “Allohning mukammal kalimalari ila Uning g‘azabi va jazosi, bandalarining yomonliklari, shaytonlarning vasvaslari va ularni mening oldimga kelishlaridan panoh tilayman”) (Sunani Termiziy, 3528).

  1. Yaxshi va yomon tush ko‘rish:

وعَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ ، أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ يَقُولُ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمْ رُؤْيَا يُحِبُّهَا فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ اللَّهِ، فَلْيَحْمَدِ اللَّهَ عَلَيْهَا وَلْيُحَدِّثْ بِهَا، وَإِذَا رَأَى غَيْرَ ذَلِكَ مِمَّا يَكْرَهُ، فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَلْيَسْتَعِذْ مِنْ شَرِّهَا وَلاَ يَذْكُرْهَا ِلأَحَدٍ، فَإِنَّهَا لاَ تَضُرُّهُ. صحيح البخاري، Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan naql qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘ziga yoqadigan tush ko‘rsa, uni Alloh taolo sizga marhamat qilgan bo‘lib, buning uchun darhol Rabbingizga hamdu sano aytsin va ko‘rgan tushini (yaxshi odamlarga) aytsin. Agar ko‘ngli xushlamaydigan tushni ko‘rsa, demak, u shayton tarafidan bo‘lib, uning yomonligidan Alloh taolodan panoh tilasin (ya’ni, “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” desin) va uni hech kimga aytib bermasin. Shunda ko‘rgan yomon tushi unga zarar keltira olmaydi!” dedilar” (Sahihul Buxoriy, 6985).

وعَنْ جَابِرٍ ، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ ، أَنَّهُ قَالَ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمُ الرُّؤْيَا يَكْرَهُهَا، فَلْيَبْصُقْ عَنْ يَسَارِهِ ثَلاَثًا، وَلْيَسْتَعِذْ بِاللَّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ ثَلاَثًا، وَلْيَتَحَوَّلْ عَنْ جَنْبِهِ الَّذِي كَانَ عَلَيْهِ.  صحيح مسلم، 62

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan naql qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘zi yoqtirmaydigan tush ko‘rsa, chap tarafiga uch marta tuflasin va shaytondan Alloh taolodan panoh tilasin hamda boshqa tarafga o‘girilib olsin”, dedilar (Sahihi Muslim, 2262).

Uyquda yomon tush ko‘rganda nima qilish kerak ekani yuqoridagi hadislarda bayon qilindi. Lekin ularning eng afzali Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallama aytganlaridek:

أبي هريرة عن رسول الله: ” … فَإِنْ رَأَى أَحَدُكُمْ مَا يَكْرَهُ فَلْيَقُمْ فَلْيُصَلِّ وَلَا يُحَدِّثْ بِهَا النَّاسَ … ” ] صحيح مسلم، 263

“…Birortangiz o‘zi yoqtirmaydigan tush ko‘rsa turib namoz o‘qisin va u tushini hech imga aytib bermasin…”

Uyqudan turish odoblari:

Uyqudan uyg‘onganda zikr qilish, tahorat qilish va namoz o‘qish sunnatdir:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ (، أَنَّ رَسُولَ اللَّه ( قَالَ: يَعْقِدُ الشَّيْطَانُ عَلَى قَافِيَةِ رَأْسِ أَحَدِكُمْ إِذَا هُوَ نَامَ ثَلاَثَ عُقَدٍ، يَضْرِبُ على كُلَّ عُقْدَةٍ، عَلَيْكَ لَيْلٌ طَوِيلٌ فَارْقُدْ، فَإِنِ اسْتَيْقَظَ فَذَكَرَ اللَّهَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ تَوَضَّأَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ صَلَّى انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَأَصْبَحَ نَشِيطًا طَيِّبَ النَّفْسِ، وَإِلاَ أَصْبَحَ خَبِيثَ النَّفْسِ كَسْلاَنَ. ] متفق عليه

Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shayton sizlardan biringiz uyqudaligida gardaniga uchta tugun tugadi va har bir tugunga: “Senda uzun tun bor, shunday ekan uxla!” deydi. U uyg‘onganda Allohni zikr qilsa bitta tugun yechiladi. Tahorat qilsa yana bir tugun yechiladi. Namoz o‘qisa esa yana bitta tugun yechiladi. Shunda u g‘ayratli-tetik va ko‘ngli ravshan holda tong orttiradi. Ammo unday qilmasa ko‘ngli xira, dangasa holda tong orttiradi”, dedilar.

Boshqa hadisi sharifda esa:

عَنْ عُبَادَةُ بْنُ الصَّامِتِ (، عَنِ النَّبِيِّ ( قَالَ: مَنْ تَعَارَّ مِنَ اللَّيْلِ فَقَالَ: لاَ إِلَهَ إِلاَ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ. الْحَمْدُ لِلَّهِ وَسُبْحَانَ اللَّهِ وَلاَ إِلَهَ إِلاَ اللَّهُ وَاللَّهُ أَكْبَرُ وَلاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَ بِاللَّهِ. ثُمَّ قَالَ: اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي، أَوْ دَعَا، اسْتُجِيبَ. فَإِنْ تَوَضَّأَ قُبِلَتْ صَلاَتُهُ. ] صحيح البخاري،

Uboda ibn Somit roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimki kechasi uyg‘onib: “La ilaha illallohu vahdahu la sharika lah. Lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shay’in qodiyr. Alhamdu lillahi va subhanalllohi va la ilaha illallohu vallohu akbar va la havla va la quvvata illa billah” (tarjimasi: “Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Uning yolg‘iz O‘zigina mavjuddir, uning sherigi yo‘qdir, jamiki mulk Unikidir, barcha maqtovlar Unga xos va U har bir narsaga Qodirdir!  Allohga madhu maqtovlar bo‘lsin. Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Alloh eng buyukdir, Allohning irodasisiz hech narsa bo‘lmaydi”), degan duoni o‘qib, so‘ng “Allohim, meni kechirgin!” desa, duosi mustajob bo‘ladi, keyin tahorat olib namoz o‘qisa, namozi qabul bo‘ladi” (Sahihi Buxoriy, 1154).

Uyqudan turganda sunnat hisoblangan yana bir qancha zikr va duolar mavjud. Ularni batafsil hadis, odob-axloq mavzusidagi kitoblardan topish mumkin.

 

Jahongir UBAYDULLOH,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,

Toshkent shahar Olmazor tumani “Ahmadjon qori” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   158257   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari