Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’on – hidoyat kalomi. “Ushbu Kitob (Qur’on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim”... (Baqara surasi, 2-oyat).
Qur’on – Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan kalomi. “Agar bandamizga (Muhammadga) tushirgan narsamizdan (Qur’ondan) shubhada bo‘lsangiz, bas, siz ham unga o‘xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring – agar rostgo‘y bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 23-oyat).
Qur’on – tasdiqlovchi kalom. “O‘zingizdagi narsa (Tavrot va Injil)ni tasdiq etuvchi holda nozil qilgan narsam (Qur’on)ga imon keltiringiz” (Baqara surasi, 41-oyat).
“Qachonki, ularga Alloh huzuridan o‘zlaridagi narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi Kitob (Qur’on) kelganida, ilgari kofirlarga qarshi (xuddi shu kitob vositasi bilan) yordam so‘rab yurar edilar” (Baqara surasi, 89-oyat).
“(U) Sizga (ey Muhammad!) Kitobni (Qur’onni) haqiqatan o‘zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi holida nozil qildi” (Oli Imron surasi, 3-oyat).
“Balki, u (butun) olamlar Parvardigori tomonidan (kelgan), shubhasiz, o‘zidan oldingi narsa (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi va batafsil (bayon etilgan) kitobdir” (Yunus surasi, 37-oyat).
Qur’on – Allohning kalomi. “Alloh tomonidan ulardagi narsani tasdiq etuvchi Payg‘ambar (Muhammad) kelishi bilan, kitob (Tavrot) berilganlardan bir guruhi Allohning kitobi (Qur’on)ni xuddi bilmagandek ortlariga uloqtirdilar” (Baqara surasi, 101-oyat).
Qur’on – haq va botilni ajratuvchi kalom. “(Endi esa) Furqonni (haq bilan nohaqlikni ajrim etuvchi Qur’onni) nozil qildi” (Oli Imron surasi, 4-oyat).
Qur’on – mo‘minlar uchun nasihatdir. “Bu (Qur’on yoki mazkur gaplar) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir” (Oli Imron surasi, 138-oyat).
“Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur’on)ni odamlar orasida Alloh ko‘rsatgan yo‘l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik” (Niso surasi, 105-oyat).
Qur’on – nurdir. “Ey odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg‘ambar va mo‘jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur’on)ni ham nozil etdik” (Niso surasi, 174-oyat).
“...nozil qilingan nur (Qur’on)ga ergashganlar, aynan o‘shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir” (A’rof surasi, 117-oyat).
“Biz nozil qilgan Nurga (Qur’onga) imon keltiringiz!” (Tag‘obun surasi, 8-oyat).
Qur’on – haqiqatdir. “Ularga haqiqat (Qur’on) kelishi bilan uni yolg‘onga chiqardilar” (An’om surasi, 5-oyat).
“Ayting: (Bu Qur’on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir” (Kahf surasi, 29-oyat).
Qur’on – ogohlantiruvchi kalomdir. “Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummul-quro (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir” (An’om surasi, 92-oyat).
Qur’on – muborak kalomdir. “Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur’on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo‘lingiz, toki rahm qilingaysiz” (An’om surasi, 155-oyat).
“(Ey Muhammad! Ushbu Qur’on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir (Sod surasi, 29-oyat).
Qur’on – eslatmadir. “U (Qur’on) mo‘minlar uchun (ilohiy) eslatma hamdir” (A’rof surasi, 2-oyat).
“Siz ulardan bu (da’vatingiz) uchun biror ajr (haq) so‘ramaysiz. U (Qur’on) faqatgina (barcha) olamlar uchun bir eslatmadir, xolos” (Yusuf surasi, 104-oyat).
“Albatta, bu Qur’onda ularning eslatma olishlari uchun (turli masal va hikmatlarni) bayon qildik. (Lekin bu eslatmalar) ularni yanada (haqdan) yiroqlashtirmoqda” (Isro surasi, 41-oyat).
“(Ey Muhammad!) Biz Sizga bu Qur’onni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik” (Toho surasi, 2-3-oyatlar).
“Bu (Qur’on) Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Hali siz uni inkor qiluvchimisiz?! (Anbiyo surasi, 50-oyat).
“Holbuki, u (Qur’on barcha) olamlar uchun eslatmadir” (Qalam surasi, 52-oyat).
“Haqiqatan, u (Qur’on) taqvodorlar uchun eslatmadir” (Hoqqa surasi, 48-oyat).
“Yo‘q! U (Qur’on) bir eslatmadir (Muddassir surasi, 54-oyat).
“U (Qur’on), haqiqatan, butun olam (xalqi) uchun eslatmadir (Takvir surasi, 27-oyat).
Qur’on – rahmatdir. “Bu (Qur’on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir” (A’rof surasi, 203-oyat).
“(Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan gap emas, balki o‘zidan oldingi narsalarni (ya’ni samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo‘lgan bir Kitob)dir” (Yusuf surasi, 111-oyat).
“Albatta, u (ya’ni Qur’on) mo‘minlar uchun hidoyat va rahmatdir (Naml surasi, 77-oyat).
Qur’on – zulmatdan nurga olib chiquvchi kalomdir. “Alif, Lom, Ro. (Ey Muhammad! Bu Qur’on) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga, ya’ni qudrat va hamd egasining yo‘liga olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir” (Ibrohim surasi, 1-oyat).
Qur’on – Alloh taolo O‘zining himoyasiga olgan kalomdir. “Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).
Qur’on – mo‘minlar uchun bashoratdir. “...hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo‘lgan Kitob (Qur’on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 89-oyat).
“(Ey Muhammad! Ularga) uni (ya’ni Qur’onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo‘lgan holida barhaq nozil qilganini (ularga) aytib qo‘ying!” (Nahl surasi, 102-oyat).
“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur” (Isro surasi, 9-oyat).
“Albatta, bunda (Qur’onda) ibodat qiluvchilar qavmi uchun xushxabar bordir (Anbiyo surasi, 106-oyat).
Qur’on – taqvodorlarga shifodir. “(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur” (Isro surasi, 82-oyat).
Qur’on – misli yo‘q kalomdir. Ayting: “Qasamki, agar insu jin ushbu Qur’onning o‘xshashini keltirish uchun birlashib, birbirlariga yordamchi bo‘lsalar-da, uning mislini keltira olmaslar” (Isro surasi, 88-oyat).
Qur’on – turfa masallar bayon etilgan kalom. “Aniqki, (Biz) ushbu Qur’onda odamlar uchun turli masal (ma’no)lardan bayon qildik. Lekin odamlarning ko‘plari faqat inkor etishnigina ixtiyor etdilar” (Isro surasi, 89-oyat).
Qur’on – bo‘lib-bo‘lib nozil qilingan kalom. “Qur’onni odamlarga vaqti-vaqti bilan o‘qib berishingiz uchun uni bo‘laklarga bo‘ldik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik” (Isro surasi, 106-oyat).
Qur’on – hikmat ila nozil bo‘lgan kalom. “Biz uni (Qur’onni) haqiqat (hikmat) bilan nozil qildik va (u ham) haqiqat bilan nozil bo‘ldi” (Isro surasi, 105-oyat).
Qur’on – Alloh taolo nozil qilgan kalom. “(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd!” (Kahf surasi, 1-oyat).
“Albatta, (bu Qur’on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir (Shuaro surasi, 192-oyat).
“Bu Kitobning (Qur’onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir (Sajda surasi, 2-oyat).
“(Ushbu Qur’on) Qudratli va Bilimli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir (G‘ofir surasi, 2-oyat).
“(Bu Qur’on) Qudratli va Hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan kitobdir” (Josiya surasi, 2-oyat).
Qur’on – muborak kechada nozil bo‘lgan kalom. “Aniq Kitob (Qur’on) bilan qasamyod eturmanki, albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik...” (Duxon surasi, 2-3-oyatlar).
Qur’on – Alloh taoloning vahiysidir. “(Ey Muhammad!) Sizga vahiy qilingan Rabbingizning Kitobi (Qur’on)ni tilovat qiling!” (Kahf surasi, 27-oyat).
“U (vahiy) faqat zikr (eslatma) va aniq Qur’ondir (Yosin surasi, 69-oyat).
Qur’on –tilovati oson qilingan kalomdir. “(Ey Muhammad!) Albatta, Biz taqvo egalariga xushxabar berishingiz uchun va sarkash qavmni ogohlantirishingiz uchun uni (Qur’on tilovatini) Sizning tilingizga oson qilib qo‘ydik” (Maryam surasi, 97-oyat)
Qur’on – arab tilida nozil bo‘lgan kalom. “Shuningdek, Biz uni arab tilidagi Qur’on shaklida tushirdik ...” (Toho surasi, 113-oyat).
Qur’on – Alloh taoloning zikridir. “Holbuki, ularning o‘zlari Rahmonning zikri (Qur’on)ni inkor etuvchilardir (Anbiyo surasi, 36-oyat).
Qur’on – oyatlari batafsil yoritilgan kalomdir. “U biladigan kishilar uchun arabiy Qur’on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir (Fussilat surasi, 3-oyat).
Qur’on – zikri oson etilgan kalomdir. “Haqiqatan, Biz Qur’onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik” (Qamar surasi, 17-oyat).
Qur’on – faqat pokizalargina qo‘liga oluvchi kalomdir. “Uni (Qur’onni) tahoratli kishilardan o‘zgalar ushlamaslar” (Voqea surasi, 79-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA