Hozirgi kunda islom dini asoslarini, ayniksa, Qur’oni karimni ilmiy o‘rganish dunyo mikyosida shu darajada ommalashib ketdiki, bu mavzuda chiqayotgan adabiyotlarni eng umumiy tarzda ham kamrab olish imkonidan tashqaridir.
Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbek tiliga tarjimasini Muhammadjon xoji Hindistoniy o‘tgan asrning 80-yillarida qilgan edi. Lekin u tarjima davr taqozosi bilan chop etilmay qolib ketdi.
Vatandoshimiz Oltinxon to‘ra arab imlosi bilan o‘zbek tiliga o‘girgan Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi mustaqillikning ilk davrlaridayoq o‘zbek kitobxonlariga yetib bordi. Arab imlosini mutolaa qila oladigan kishilar mazkur tarjimadan bahramand bo‘ldilar. Biroq ushbu kitob o‘zbek tilida bo‘lsa-da, arab imlosida ekani ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirdi.
So‘ngra Shamsuddin Boboxonov o‘zbek tiliga tarjima qilgan Qur’onning oxirgi juzi – Amma porasi, Alouddin Mansurning to‘la izohli tarjimasi chop etildi. Ushbu izohli tarjima avvaliga “Sharq yulduzi” jurnalida muntazam berib borildi. Keyinchalik alohida kitob shaklida bosilib, mutaxassislar uchun qo‘llanma bo‘ldi.
Shuningdek, 1992 yildan boshlab, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri hilol”i nashr etila boshlandi. Bu dastlab, Qur’oni karimning oxirgi juzlarini o‘z ichiga olgan edi. Keyinchalik 114 ta suraning barchasi jildlarga bo‘lingan holda “Tafsiri hilol” nomi bilan bosib chiqarildi. Natijada xalqimizning Qur’on ilmlari borasidagi tushunchalarini ortishiga sabab bo‘ldi. Nihoyat shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan, imom A’zam mazhabi doirasida izohlangan, yangi mukammal tarjima ham nashrdan chiqdi. Ushbu izohli tarjima dastlab 2001 yili, oradan bir oz vaqt o‘tib, aniqrog‘i 2004, 2017 yillari qaytadan chop bo‘ldi. Mazkur nashr bugungi kunda nafaqat islomshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talablar uchun, balki ijtimoiy-gumanitar sohalarda izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarga ham qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tarjimonlar jamoasining ham Qur’oni karim ma’nolarining ilmiy izohli akademik tarjimasi nashr etildi. Buning e’tiborli tomoni shundaki, kitobning kirish qismida Qur’oni karim tarixiga doir ma’lumotlar ham o‘rin olgan.
Aytish mumkinki, keyingi yillarda o‘zligimizni anglash, muqaddas dinimiz arkonlarini har tomonlama o‘rganish imkoni paydo bo‘ldi. Qur’oni karim ma’nolarning o‘zbek tiliga o‘girilib xalqimizga tuhfa qilinishi xalqimizning ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi.
Xudoyberdi Saidov
Olmazor tumanidagi “Ibrohim ota” jome masjidi imom-xatibi
manba:nasihat.uz
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati