Qur’oni karim, insu jins jam bo‘lib uning o‘xshashini keltirishdan ojiz qolgan, butun insoniyatning nusrat mayog‘i bo‘lgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatiga o‘zidan keyin mahkam tutishga buyurgan Alloh taoloning samoviy kitobidir.
Qur’oni karimni tutib, unga amal qilgan kishining Allohga yaqinligi ortadi, uning tiynatida Qur’oniy sifatlar gavdalanadi. Alloh taolo Qur’oni karimni bir necha joylarida turli sifatlar bilan vasf qilgan. Qur’on u:
Oyati karimada Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan Qur’onni “Ruh” deb atamoqda. Ruh hayot negizi hisoblanadi. Ulamolarimiz kishining jismoniy tirikligi ozuqa bilan bo‘lsa, ruh va qalb olamining tirikligi ma’naviy oziqlar bilan bo‘ladi, ma’naviy oziqning eng oliysi – oliy Zotning Kalomidir, deya Qur’on ila ruhlarimizni oziqlantirishga chorlaganlar.
Azaliyligu abadiylik O‘zigagina xos bo‘lgan Zot:
“Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik.”, deya marhamat qilgan (A’rof surasi, 96-oyat). Alhamdulillah, Rabbimiz amri ila U yuborgan barcha narsalarga iymon keltiramiz. U buyurganidek, ibodat qilamiz va rahmatidan umidvor, azobidan xavfda bo‘lamiz.
Rabbimiz kalomini qanchalik mahkam tutsak, bizga Allohning barakoti shuncha ziyodalashadi. Ayniqsa, uning tilovatini qilib yoki tinglab, ma’nolarini o‘rgansak, inshoalloh, Qur’onning yuqorida keltirilgan sifatlariga erishamiz va ikki dunyo saodatidan bahramand bo‘lamiz!
Barcha holatlarimizda hojatbarorimiz, tarbiyachimiz bo‘lgan Alloh taolo Qur’oni karim ila xulqlanishimizda ham O‘zi tavfiq ato qilguvchimiz bo‘lsin. Amin!
Muhammadiy Ergashev
manba: nasihat.uz
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV