Zulhijja so‘zi qanday ma’noni anglatadi? “Haj egasi” degan ma’noni bildiradi.
Zulhijja oyi qanday oy? Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri, hijriy-qamariy taqvimning oxirgi oyidir.
Zulhijja oyi qanday fazilatlarga ega? Haj ibodati ado etiladigan, qurbonlik qilinadigan, Arafa va Qurbon hayiti nishonlanadigan oy. Bu oyda, ayniqsa uning dastlabki o‘n kunida qilingan ibodatlar Alloh taolo uchun eng sevimli amallardan sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh dargohida Zulhijjaning o‘n kunidan afzal kun yo‘q”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati)
Bu oyda tutilgan ro‘za ulug‘ ajrlarga musharraf etadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Arafa kunining ro‘zasi o‘zidan avvalgi bir yil va o‘zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Zulhijja oyini Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zulhijja oyining dastlabki to‘qqiz kunida, Ashuro kunida va har oydan uch kunda – oyning avvalgi dushanbasi bilan ikki payshanbasida – ro‘za tutardilar (Imom Ahmad rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloni yanada ko‘proq zikr qilardilar va: “...Bu kunlarda tahlil (La ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh), takbir (Allohu akbar) va tahmid (Alhamdulillah) aytishni ko‘paytiringlar!” derdilar (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Namangan viloyatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Sanepidqo‘mita va YUNISЕF hamkorligida din yetakchilari uchun “Emlash: ilmiy va diniy asoslar” mavzusida ikki kunlik seminar-trening boshlandi.
Tadbirda aholi salomatligini muhofaza qilishda emlashning o‘rni, uning ilmiy va diniy asoslari hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari yoritildi. Ishtirokchilarga milliy emlash dasturining natijalari, organizmni himoya qilishdagi muhim jihatlar va joylarda uchrayotgan savol hamda muammolar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar doirasida imom-xatiblar va otinoyilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hududlardagi vaziyat, aholi fikrlari, takliflar va muammolar muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikni kuchaytirish va emlash bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlarni aholiga yetkazib borish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ilmiy tahlillar so‘nggi yuz yilda emlash ko‘plab xavfli kasalliklarning tarqalishini keskin kamaytirganini ko‘rsatadi. Masalan, 1969 yilgacha har yili 2,6 million insonni halok etgan qizamiqka qarshi vaksina paydo bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallik bo‘yicha 2000–2017 yillarda dunyo miqyosida o‘limlar 80 foizga kamaydi. Millionlab bolalarning hayotini izdan chiqargan poliomiyelit esa bugun deyarli yo‘q darajasga tushgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati