Sut solingan kosa onaning qo‘lidan tushib ketib, sindi. O‘g‘il bor ovozi bilan onasiga baqirdi va g‘azab bilan xonani tark etdi. Ona kichik bir maktub bitdi. O‘g‘il ko‘chadan qaytganda ona odatdagidek kursida o‘tirgancha uxlar, maktub esa ko‘ksida turgan edi. O‘g‘il asta maktubni qo‘liga olib o‘qiy boshladi:
«O‘g‘lim, mehribonim, ko‘zimning quvonchi! Afsuski, men qarib qoldim. Qo‘llarim qaltirab, ovqat kiyimimga to‘kilib ketyapti. Endi oldingidek tetik, chiroyli, xushbo‘y emasman. Sendan iltimos, meni malomat qilmagin. Libos va poyabzalimni o‘zim kiya olmayapman. Iltimos, menga yordamlashgin. Oyoqlarim ham yurishga qiynalyapti. Tahorat qilish uchun hammomga borayotganimda, qo‘llarimda ushlab olgin. Sen yurishga harakat qilgan paytlaringda, yiqilib ketmasliging uchun qo‘llaringdan necha marta ushlab olganimni bir esla. Xotiram zaiflashib qolganidan va sekin gapirayotganimdan malollanma. Sen bilan gaplashganimda meni xursand qiladigan birgina narsa sening yoningda ekanimdir. Bolaligingda kulgularing bilan meni xursand qilarding. Bugun ham tabassumingni mendan darig‘ tutma. Men o‘limini kutib yashayotgan qariyaman. Seni tuqqanimda yoningda edim. Vafot etar chog‘imda sen ham yonimda bo‘lgin».
So‘zimiz oxirida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish lozimligi so‘ralganda, uch marta «Onangga!» deganlarini eslatib qo‘ymoqchimiz.
Ey Rabbim! Onalarimizni Jannatdan mahrum qilmagin! Umrlarini uzun, rizqlarini barakali, gunohlarini mag‘firat qilgin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.
Buxoro shahridagi «Abu Bakr as-Siddiq» jome masjidida gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan suhbatni imom-xatib Orif domla To‘qsonov olib bordi. «Qalb pokligi — ruhiy tarbiya asosi» mavzusida kechgan suhbat malakali surdo tarjimoni vositasida ishtirokchilarga yetkazildi.
Uchrashuv davomida qatnashchilar aqida, fiqh va ijtimoiy hayotga oid savollariga batafsil javob oldilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga xayriya ehsonlari tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati