Saudiya Arabistoni hukumati Haj mavsumida ziyoratchilarning xavfsizligini ta’minlash, ziyoratchilarga qulayliklar yaratish, ziyorat paytida haddan ortiq tirbandlik holatini oldini olish maqsadida mamlakatda yashovchi va xorijdan ruxsatnomasiz Makka shahriga kirmoqchi bo‘lgan shaxs va mashinalarni nazorat qiladi.
Bugun, 9 avgust kuni Haj xavfsizlik kuchlari qo‘mondonligining xabar berishiga qaraganda 188 464 nafar ziyoratchilar Makka shahriga kiritilmagan. Buning asosiy sababi sifatida ularda Haj ruxsatnomasining yo‘qligi ekani qayd etilgan.
Saudi Press Agency (SPA)ning ma’lum qilishicha, Makka shahriga kirish va chiqish qattiq nazoratga olingan. Shaharga 12 ta nazorat punkti orqali kirish yo‘lga qo‘yilgan.
Makka shahriga faqatgina Haj ruxsatnomasiga ega ziyoratchilar va Haj mavsumiga ishlashga ruxsat berilgan shaxslargina kiritiladi.
Ushbu qoidalarni buzgan shaxslar 2,6 ming AQSH dollari miqdoridagi jarimaga tortilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, 2017 yilda Haj qilish uchun 2,35 million ziyoratchi Makka shahriga kelgan bo‘lib, shundan 1,75 million nafarini xorijliklar tashkil etgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati