Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzalarini ziyorat qilayotgan kishining dimog‘iga juda yoqimli hid urildi. U ziyoratdan chiqib do‘konga bordi va attorga: «Menga muborak ravzada dimog‘imga urilgan atirdan bering», dedi. Sotuvchi hayron bo‘lib, xaridorga qaradi va: «Siz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi tanimas ekansiz. Dimog‘ingizga urilgan hid biror do‘konda sotiladigan atir hidi emas. U hid Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlaridan chiqadi. Alloh taolo o‘sha hidni olamlarga rahmat qilib yuborgan Payg‘ambarining muborak badanidan taraladigan qilib qo‘ygan. Hayotlik chog‘larida qaysi ko‘chadan o‘tsalar, o‘sha ko‘chada hidlari qolar, kimning boshini silasalar, o‘sha kishining boshidan ancha vaqtgacha o‘sha ifor taralib turardi. Mana, vafotlariga necha asrlar bo‘lganiga qaramay, o‘sha hid qabrlaridan taralib turibdi» deb javob berdi.
Allohumma solli va sallim va baarik ala Muhammad va ala olihi va as'habihi ajma’iyn.
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar masalalarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 9 sentyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Unda masjidlar ochilishi, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy va uy-joy masalalari hamda moddiy yordam so‘rab qilingan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqotlar jarayonida oilaviy masalalar yuzasidan shar’iy yechim va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizga belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, boshqa masalalar ham vakolat doirasida ko‘rib chiqilib, mas’ullar tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar olishdi.
Bu kabi qabullar aholining diniy va ijtimoiy muammolarini tezkor hamda manzilli hal etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati