Keksa otaxon bemor bo‘ldi va uch o‘g‘lini qoshiga chorlab, ularga mol-mulkini taqsimlab bergandan so‘ng:
– O‘g‘illarim, qo‘limda qimmatbaho bir dur qoldi. Bu durni kim oxirgi uch oy ichida eng ulug‘ savob ish qilgan bo‘lsa, shunga beraman, – dedi.
Bu gapni eshitgan to‘ng‘ich o‘g‘il:
– Otajon, bir kun anhor yoqalab ketayotsam, bir ayol u yoqdan-bu yoqqa dod solgancha yig‘lab, yugurar edi. Bilsam, to‘qqiz yoshli farzandi suvga tushib ketib cho‘kayotgan ekan. Anhor chuqur va tez oqayotgan bo‘lsa-da, jonimni xatarga qo‘yib, o‘zimni suvga otdim va bolani qutqardim. Bolasini bag‘riga bosgan ona, xursandligidan haqimga ko‘p duolar qildi, bu haqiqiy mardlik emasmi? – dedi.
– Barakalla o‘g‘lim, katta jasorat ko‘rsatibsan. Bu ulug‘ savob ish, sen haqiqiy botir yigitning ishini qilibsan, – deb maqtab qo‘ydi.
Navbat ikkinchi o‘g‘ilga keldi:
– Do‘konimda savdo-sotiq bilan mashg‘ul edim, notanish bir kishi menga anchagina oltin-kumushni “sizga omonat” deb, tashlab ketdi. Ismini ham, manzilini ham aytmadi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. U odamdan darak yo‘q! Kunlarning birida do‘konimga omonatning egasi kirib kelib, tashlab ketgan omonatini so‘radi. Omonatning bir tiyiniga ham xiyonat qilmay, egasiga qaytarib berdim. Bu ishim mardlik emasmi? – dedi.
– Ha, sen ham omonatdor, sodiq mo‘minning ishini qilibsan! Omonatni saqlash va unga xiyonat qilmaslik olijanob ish, – deb o‘rtancha o‘g‘lini alqadi.
Navbat kenja o‘g‘ilga yetdi:
– Mening ashaddiy dushmanim bor edi. Bir kun tongda yonbag‘irda aylanib yursam, bir odam jarlik yoqasida uxlab yotibdi. Ozgina harakat qilsa, jarga qulaydi. Yoniga borsam, dushmanim! Itarib yuborsam, o‘lishi aniq edi. Ammo unga o‘limni istamadim, uni uyg‘otib, “Ehtiyot bo‘l, jarga tushib ketishing mumkin!” deb o‘limdan saqlab qoldim, – dedi.
Ota kenja o‘g‘lini bag‘riga bosib:
– Bolajonim, sen eng ulug‘ savob ishni qilibsan! Dushmaningni o‘ldirishga qodir bo‘la turib, unga yaxshilik qilib, o‘limdan saqlab qolibsan, bu – mard yigitning ishi. Manavi qimmatbaho dur senga, – deb va’da qilingan mukofotni unga berdi.
Haqiqiy mard inson dushmaniga ham yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladi. Dono xalqimizda “Yaxshidan bog‘, yomondan dog‘ qoladi», deb bejiz aytilmagan.
Aziz kitobxon! Siz kimlarga yaxshilik qilgansiz? Yaxshilikning mukofoti yaxshilik ekanini bilasizmi?!
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH