Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Yengil, ammo savobi ulug‘ amallar

07.08.2018   24814   1 min.
Yengil, ammo savobi ulug‘ amallar

Abu Barza Aslamiy aytadilar: Yo Rasululloh! Meni jannatga kiritadigan amalga dalolat qiling, – dedim.

U zot sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla”, dedilar.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikonning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikonni olib tashlayman, bir musulmon odamga zarar bermasin”, dedi. Shunda uning gunohlari mag‘firat qilindi”, dedilar.

 

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Qachon ikki musulmon uchrashib, qo‘l olib so‘rashsalar, Allohga hamd va U zotga istig‘for aytsalar, ikkovlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

– Kimki qilmishiga pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan odamni kechirib yuborsa, uning xatolarini ham Alloh taolo qiyomat kuni kechiradi.

 

– Manzilni so‘raganga yo‘l ko‘rsatish ham yaxshilikdir.

 

– Do‘zaxdan yarimta xurmo sadaqa qilib bo‘lsa ham saqlaninglar! Agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz shirin so‘z bilan saqlaning.

 

– Halol kasbdan charchab uxlagan odam gunohlari kechirilgan holda tunaydi.

 

– Kasal ko‘rgani boruvchi odam go‘yo jannat bog‘ida yurgandek bo‘ladi.

 

– Kimki duolarim ijobat bo‘lsin, tashvishlarim boshimdan arisin desa, kambag‘allar holidan xabar olsin.

 

– Kimki ko‘zi ojiz odamni qirq qadam yetaklagan bo‘lsa, uning jannatga kirishi muqarrardir.

 

Sadaqa suv olovni o‘chirganidek xatoni (gunohni) o‘chiradi.

 

 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi

Jahongir SHAMSUTDINOV

Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Kim o‘zini tanisa..."

11.09.2026   38602   2 min.

Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
 

Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.

Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...

Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...

Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.

Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.

Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.

Abdulatif ABDULLOH

Maqolalar