Xonamga bir yigit kirib keldi. Nimadandir juda xijolat, iymanibgina:
– Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? Xotinim bilan bir ish qilmoqdamizki, ko‘nglimizda xotirjamlik yo‘q! Bu qilayotgan ishimiz uchun Alloh jazolamasmikan, shundan tashvishdamiz, – dedi yerga qarab. Xayolimga bu inson katta bir gunohga qo‘l urdimikan, shu darajada xijolat chekmoqda, degan fikr keldi.
– Qanday ish ekanki, sizlarni bunchalik tashvishga solibdi? – dedim.
– Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Qo‘shnim keksa rus kampir, farzandlari Rossiyaga ketib qolishgan, hech holidan xabar olishmaydi. Shu kampir betob, farzandlariga onalari kasalligi to‘g‘risida bir necha bor xabar jo‘natdim, ular kelishmadi. Xotinim ikkalamiz kampirga ovqat beramiz, uyini tozalaymiz, xotinim kirlarini yuvadi. Bu kampir boshqa dindan bo‘lsa, unga xizmat qilayotganimiz to‘g‘rimi, shuni bilmoqchi edim, – deb gapini yakunladi.
– Bu xizmatni uy-joyiga ega chiqish yoki biror dunyoviy narsa ilinjida qilmoqdasizlarmi? – dedim.
– Xudo asrasin! Uyimiz o‘zimizga yetarli, uning uyiga hech ehtiyojimiz yo‘q. Qolaversa, bu yordamni astoydil, kampirning qiyinchiliklarini yengillatish uchun qilyapmiz, tama uchun qilmayapmiz, shu ishimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? G‘ayridinga xizmat qilib, gunoh qilmayapmizmi? – deb savolini yana qaytardi.
– Bechora, g‘arib, kasal, keksa kampirning farzandlari tuqqan onasiga xizmat qilishdan qochishsa, sizdek yetti yot begonalar, ulug‘ savob ishga qo‘l urib, gunoh ish qilmayapmizmi, deyishingizning o‘zi ulkan savob. Sizlar eng olijanob, haqiqiy odamiylik burchingizni ado qilyapsizlar, buning uchun esa mukofot va ajr bor, deb qo‘shni va boshqa dindagilarga yaxshilik qilish, yordam berish to‘g‘risidagi hadislardan tushuntirdim.
Yigit: “Xudoga shukr!” deb qilayotgan savob ishlaridan mamnun bo‘lib, tashakkur aytib ketdi.
Aziz qardoshlarim! Bizning xalqimiz mana shunday ajoyib xalq. Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz millionlab yetimlar, uy-joyidan judo bo‘lgan turli millat xalqlariga yordam bergan. Ularning ichida rus, nemis, yapon, koreys, mesxeti turk, tatar, dog‘istonlik, chechenlar va boshqa ko‘plab millatlar bo‘lgan. Bizning otalarimiz ularga o‘zlari yeb turgan bir bo‘lak nonini yarmini berishgan. Ularning boshini silashgan. Biz avlodlar ham ularning go‘zal amallarini davom ettirayotganimizga yuqoridagi hikoyamiz yaqqol dalildur.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjondagi diniy muassasalar va ulamolar bilan diniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor.
"Report" xabariga ko‘ra, bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Bokuda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti doirasidagi xalqaro ilmiy konferensiyada ma’lum qildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Tarixiy yaqinlik, umumiy madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va yagona madaniy makonga mansublik davlatlarimiz va xalqlarimizni yaqinlashtiradi", - dedi u.
Shuningdek, u ikki xalqning ko‘p asrlik ma’naviy an’analari mushtarakligini ta’kidladi.
Aynan shu yerda biz qardosh O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtiruvchi mustahkam ma’naviy rishtalarni ko‘ramiz. Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va xalvatiylik tariqatining buyuk namoyandasi Sayyid Yahyo Bakuviy kabi siymolar merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy-ma’naviy munosabatlar asrlar davomida naqadar mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi", - dedi u.
Ishmatbekovning so‘zlariga ko‘ra, buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillar haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati