Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Avgust, 2026   |   25 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:25
Peshin
12:34
Asr
17:27
Shom
19:37
Xufton
21:06
Bismillah
08 Avgust, 2026, 25 Safar, 1448

Ommaviy madaniyat

06.08.2018   11769   3 min.
Ommaviy madaniyat

Mustaqillikning ilk davrlarida G‘arb mam­lakatlari oliygohlarining birida o‘qiyotgan o‘z­bek yigiti bir xonadonda ijarada turardi. Xonadonda keksa qariya va kampirdan boshqa hech kim turmas, bolalari qaysidir shaharda yashar, yilda bir-ikki kelib xabar olsa olar, bo‘lmasa o‘shanga ham vaqt topisha olmasdi. Ularnikida yashab, ularga o‘z farzandidek bo‘lib qolgan o‘zbek yigitining odobi, xizmati, keksalarga hurmatini ko‘rib ajablanishar, yurti haqida so‘rashar edi. Bir kuni qariyalar:

– O‘g‘lim, sening odobing, yurish-turishing, muomalang juda o‘zgacha-da, yurting haqida yana batafsilroq so‘zlab ber, – deb iltimos qili­shibdi.

– Men O‘rta Osiyoning O‘zbekiston degan dav­latidanman, deb o‘zbek xalqining to‘y-tomosha, bayram va urf-odatlarini to‘lqinlanib gapi­rib beribdi yigit.

Uning mamlakatiga bergan ta’rifidan og‘zi ochilib qolgan chol-kampir:

– Ajoyib! Yana ota-onaga hurmat, qarindosh­lar bilan oqibat qanday? – deb so‘rabdilar.

Yigit ota-onaga hurmat, qarindoshlik, bor­di-keldilar haqida yanada to‘lqinlanib gapiribdi.

– Bu gaplarni eshitgan qariya, sen bizning yurtga nima maqsadda kelding o‘zi? – deb so‘radi. Bu savoldan ajablangan yigit:

– G‘arb texnologiyasi, ilmi va ayniqsa, siz­larning milliy madaniyatingizni, xalqin­giz­ning urflarini o‘rganib, xalqimga yetkaz­moq­chi­man.

– Aslo unday qilma, bizning ilmimizni xohlaganingcha ol, texnikamizni o‘rgan, ammo urf va madaniyatimizni xalqingga olib bor­ma, – debdi.

– Nimaga? – dedi yigit.

– Har bir xalqning o‘z urf-odati va mada­ni­yati bor. Bizning madaniyat, mentaliteti­miz o‘zi­mizga mos. Ko‘rib turibsan, bizda qarin­dosh-urug‘­chilik yo‘q, bo‘lsa ham juda oz qoldi. Goho qizi­mizning turmushga chiqib ketganini, o‘g‘limizning oila qurib, farzandli bo‘lgani­ni birovlardan, gazetalardan bilib qolamiz yoki qizimiz telefon orqali xabar beradi. Hayotimiz nihoyatda zerikarli, keksayib kuchdan qolsang, qariyalar uyiga ketasan, nabirang yoki farzandingni sog‘inasan, ular kelsa, yaxshi, lekin kelishmasa-chi. Ularni sog‘inib, umring o‘tib ketadi. Bizni ko‘rishga farzandlarimiz­ning vaqtlari yo‘q. Ishni bahona qilishadi. Biz­dan ko‘ra futbolni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Biz­larga bir so‘m sarflashmay, res­toran, kazino­larga ming-minglab sarfla­shadi. Sen shu madani­yatni, shu hurmatni xal­qingga o‘rgatmoqchimisan? Mayli yana qaytaraman, texnologiya, taraqqiyot omillariga tegishli qancha ilmni o‘rgansang o‘rgan, ammo ommaviy madaniyatimizni yurtingga olib borma. Agar ayt­ganlarimga amal qilma­sang, bir kun bu ishing uchun pushaymon bo‘lasan! Keksayib yolg‘iz qolganingda, unsiz yig‘laysan! Gapingga qaraganda, O‘zbekiston to‘ylarida osh­lar berilib, qudalar, qarindoshlar yaxshi va yomon kunlarida bir-birining holidan xabar olar ekan. Farzandlar ota-onasini hurmat qilib, xizmatlarini qilisharkan, aka-uka, opa-singil bir-biriga oqibatli ekan. Odamlar tele­fon qilmasdan mehmonga borarkan, bu naqadar ulug‘ baxt. Bu baxt­ni aslo qo‘ldan chiqarmanglar, – dedi qariya.

Azizlar! Ha, bizda dunyoda yo‘q urf-odat­larimiz, go‘zal odobimiz bor. Bularni G‘arbning olomon madaniyatiga aralashtirib, o‘zligimiz­ni yo‘qotib qo‘ymaylik. Hozir yoshlarimiz bizni ayblashlari mumkin, ammo o‘zlari keksalik yoshi­ga yetishsa, suyanchiqsiz, yordamchisiz yolg‘iz qolishsa, bemorligida hech kim holidan xabar olmasa, sharoiti bo‘lsa-da, qariyalar uyida yetti yot bego­nalarning goh shirin, goh achchiq so‘zlaridan dillari og‘risa, o‘zimizning go‘zal madaniyat, millat va o‘zaro oqibatni qo‘msab ho‘ng-ho‘ng yig‘laydilar. Shu bois o‘zimizning milliy libos, madaniyat va ma’rifatimizni aslo qo‘l­dan chiqarmaylik.

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

 

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Virtual tahdid: kiberjinoyatchilardan ogoh bo‘ling!

03.08.2026   15322   1 min.
Virtual tahdid: kiberjinoyatchilardan ogoh bo‘ling!

Bugun, 3 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Kiberjinoyatchilik: zamonaviy jamiyatning yangi tahdidi” mavzusida onlayn yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda Diniy idora Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hotamov so‘zlab, ishtirokchilar e’tiborini bugungi kunda dolzarb muammoga aylanib borayotgan kiberjinoyatlar ko‘lamiga qaratdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Toshkentda kiberjinoyatlar soni 16 mingdan ortgan. Fuqarolar qariyb 2 trillion so‘m moddiy zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, ularni fosh etish 8 foizga ham yetmagan.

Ushbu jinoyatlarga keskin barham berish va oldini olish uchun 2026 yil 10 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasining 2026 – 2030 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi qabul qilindi.

Yuqoridagi kabi salbiy xolatlarning oldini olishda aholining huquqiy savodxonligini oshirish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda Diniy idora bosh yuristi Alisher Agzamov Kiberjinoyatchilikning paydo bo‘lish tarixi, asosiy turlari, kiberjinoyatga duch kelgan kishi nima qilishi kerakligi, kiberxavfsizlikning oddiy qoidalari haqida tushunchalar berib o‘tdi.

 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Yangiliklar