Mustaqillikning ilk davrlarida G‘arb mamlakatlari oliygohlarining birida o‘qiyotgan o‘zbek yigiti bir xonadonda ijarada turardi. Xonadonda keksa qariya va kampirdan boshqa hech kim turmas, bolalari qaysidir shaharda yashar, yilda bir-ikki kelib xabar olsa olar, bo‘lmasa o‘shanga ham vaqt topisha olmasdi. Ularnikida yashab, ularga o‘z farzandidek bo‘lib qolgan o‘zbek yigitining odobi, xizmati, keksalarga hurmatini ko‘rib ajablanishar, yurti haqida so‘rashar edi. Bir kuni qariyalar:
– O‘g‘lim, sening odobing, yurish-turishing, muomalang juda o‘zgacha-da, yurting haqida yana batafsilroq so‘zlab ber, – deb iltimos qilishibdi.
– Men O‘rta Osiyoning O‘zbekiston degan davlatidanman, deb o‘zbek xalqining to‘y-tomosha, bayram va urf-odatlarini to‘lqinlanib gapirib beribdi yigit.
Uning mamlakatiga bergan ta’rifidan og‘zi ochilib qolgan chol-kampir:
– Ajoyib! Yana ota-onaga hurmat, qarindoshlar bilan oqibat qanday? – deb so‘rabdilar.
Yigit ota-onaga hurmat, qarindoshlik, bordi-keldilar haqida yanada to‘lqinlanib gapiribdi.
– Bu gaplarni eshitgan qariya, sen bizning yurtga nima maqsadda kelding o‘zi? – deb so‘radi. Bu savoldan ajablangan yigit:
– G‘arb texnologiyasi, ilmi va ayniqsa, sizlarning milliy madaniyatingizni, xalqingizning urflarini o‘rganib, xalqimga yetkazmoqchiman.
– Aslo unday qilma, bizning ilmimizni xohlaganingcha ol, texnikamizni o‘rgan, ammo urf va madaniyatimizni xalqingga olib borma, – debdi.
– Nimaga? – dedi yigit.
– Har bir xalqning o‘z urf-odati va madaniyati bor. Bizning madaniyat, mentalitetimiz o‘zimizga mos. Ko‘rib turibsan, bizda qarindosh-urug‘chilik yo‘q, bo‘lsa ham juda oz qoldi. Goho qizimizning turmushga chiqib ketganini, o‘g‘limizning oila qurib, farzandli bo‘lganini birovlardan, gazetalardan bilib qolamiz yoki qizimiz telefon orqali xabar beradi. Hayotimiz nihoyatda zerikarli, keksayib kuchdan qolsang, qariyalar uyiga ketasan, nabirang yoki farzandingni sog‘inasan, ular kelsa, yaxshi, lekin kelishmasa-chi. Ularni sog‘inib, umring o‘tib ketadi. Bizni ko‘rishga farzandlarimizning vaqtlari yo‘q. Ishni bahona qilishadi. Bizdan ko‘ra futbolni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Bizlarga bir so‘m sarflashmay, restoran, kazinolarga ming-minglab sarflashadi. Sen shu madaniyatni, shu hurmatni xalqingga o‘rgatmoqchimisan? Mayli yana qaytaraman, texnologiya, taraqqiyot omillariga tegishli qancha ilmni o‘rgansang o‘rgan, ammo ommaviy madaniyatimizni yurtingga olib borma. Agar aytganlarimga amal qilmasang, bir kun bu ishing uchun pushaymon bo‘lasan! Keksayib yolg‘iz qolganingda, unsiz yig‘laysan! Gapingga qaraganda, O‘zbekiston to‘ylarida oshlar berilib, qudalar, qarindoshlar yaxshi va yomon kunlarida bir-birining holidan xabar olar ekan. Farzandlar ota-onasini hurmat qilib, xizmatlarini qilisharkan, aka-uka, opa-singil bir-biriga oqibatli ekan. Odamlar telefon qilmasdan mehmonga borarkan, bu naqadar ulug‘ baxt. Bu baxtni aslo qo‘ldan chiqarmanglar, – dedi qariya.
Azizlar! Ha, bizda dunyoda yo‘q urf-odatlarimiz, go‘zal odobimiz bor. Bularni G‘arbning olomon madaniyatiga aralashtirib, o‘zligimizni yo‘qotib qo‘ymaylik. Hozir yoshlarimiz bizni ayblashlari mumkin, ammo o‘zlari keksalik yoshiga yetishsa, suyanchiqsiz, yordamchisiz yolg‘iz qolishsa, bemorligida hech kim holidan xabar olmasa, sharoiti bo‘lsa-da, qariyalar uyida yetti yot begonalarning goh shirin, goh achchiq so‘zlaridan dillari og‘risa, o‘zimizning go‘zal madaniyat, millat va o‘zaro oqibatni qo‘msab ho‘ng-ho‘ng yig‘laydilar. Shu bois o‘zimizning milliy libos, madaniyat va ma’rifatimizni aslo qo‘ldan chiqarmaylik.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH