Tabiatdagi go‘zal hodisalardan biri – qutbdagi shafaqdir. U qutb yog‘dusi deb ataladi. Qutb yog‘dusi Quyoshning harakatiga bog‘liq. Quyosh ochiq fazoga juda katta miqdorda issiqlik tarqatadi va o‘zidan elektr bilan zaryadlangan zarralar oqimini chiqarib turadi. Ana shu zarralar Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida – yer yuzasidan 80 kilometrdan to 1000 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda havo atomlari va molekulalari bilan to‘qnashadi va ular sariq, qizil, to‘q sariq ranglarda nur sochadi. Qutb yog‘dusi shunday ro‘y beradi.
Qutb yog‘dusi ulkan qizil-yashil o‘q-yoyga o‘xshab ko‘rinadi va o‘z ko‘rinishini o‘zgartirib, rang-barang tovlanib, goh paydo bo‘lib, goh yo‘qolib turadi. Qoramtir osmonni yorib o‘tgan bu ranglar ba’zan havoda qizil shokilali ko‘m-ko‘k pardadek osilib turadi.
Qutb yog‘dusi Yerning shimoliy va janubiy qutblari yaqinlarida sodir bo‘ladi. Bunga sabab shuki, Yer shari ulkan magnitdan iborat. Har qanday magnitda bo‘lganidek, uning ham ikkita qutbi bor. Elektr bilan zaryadlangan quyosh zarralari bizning sayyoramizga yetib kelganda, ular yerning magnit kuchlari ta’sirida shimoliy va janubiy magnit qutblariga og‘adi, natijada bu hududlarda qutb yog‘dusi kuzatiladi.
Olimlar Quyoshda dog‘lar miqdori ko‘paygan paytlarda qutb yog‘dusi kuchliroq va tez-tez bo‘lishini payqashgan. Quyoshning aynan dog‘lari bor qismidan otilib chiqadigan zarralarning o‘ta kuchli oqimlari qutb yog‘dusi kelib chiqishiga sabab bo‘lar ekan.
Qutb yog‘dusi – Yerning magnit maydoni Quyoshdan kelayotgan o‘ta zararli nurlarga qarshi kurashayotganining isbotidir. O‘sha zararli nurlar bizni yondirib yuborishi o‘rniga Allohning fazli bilan magnit maydoni o‘sha nurlarni bizdan uzoqlashtirib turadi. Biz esa uning aksini qutb yog‘dusi sifatida ko‘ramiz.
Ko‘rib turibmizki, qutb yog‘dusi ulkan ahamiyatga ega narsa ekan. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deb marhamat qilgan:
فَلَا أُقْسِمُ بِالشَّفَقِ وَاللَّيْلِ وَمَا وَسَقَ وَالْقَمَرِ إِذَا اتَّسَقَ لَتَرْكَبُنَّ طَبَقاً عَن طَبَقٍ
“Shafaq bilan qasamki. Kechasi va u o‘rab olgan narsalar bilan qasamki. Va to‘lin oy bilan qasamki. Albatta, sizlar tabaqama-tabaqa minasizlar” (Inshiqoq surasi, 16-19-oyatlar).
Quyida Yer sharining shimoliy va janubiy mintaqalarida joylashgan davlatlar osmonida kuzatilgan qutb yog‘dularini ko‘rasiz. Ushbu rasmlar Shvetsiya, Norvegiya, Islandiya, Rossiya kabi davlatlarda tasvirga tushirilgan.






Internet materiallari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati