Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistonda ilk bor islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator boshqaruvining 2026 yil 23 oktyabrdagi 28/1-sonli qaroriga muvofiq, Open bank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi 1-I-sonli litsenziya berilgan.
Mazkur litsenziya “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 5¹-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarini qamrab oladi.
Markaziy bank fuqarolardan bank xizmatlaridan foydalanishdan avval moliya muassasasining tegishli litsenziyaga ega ekanini regulyatorning rasmiy veb-sayti orqali tekshirishni so‘radi.
Avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini tashkil etish va litsenziyalash tartibi belgilangandi. 2026 yil 20 iyuldan kuchga kirgan hujjat bilan yangi islomiy banklar tashkil etish hamda an’anaviy banklarda “islomiy darchalar” ochish uchun huquqiy asoslar yaratilgan.
Unga ko‘ra, islomiy bank faoliyatini yurituvchi tashkilotlarda kamida uch nafar a’zodan iborat islomiy moliya kengashi, tegishli malakaga ega rahbar xodim hamda islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati bo‘lishi talab etiladi.