1-savol: Kishi o‘zi ishlab turgan muassasa yoki biror bir tashkilotdan kelajakda oylik maoshidan sekin-asta to‘lash sharti bilan qarz olib hajga borishi mumkinmi?
Javob: Haj ibodati qodir bo‘lgan kishiga farz. Yetarli mablag‘i bo‘lmagan kishiga haj farz emas.
2-savol: Ma’lumki, haj mavsumida tirbandlik sababli ehrom bo‘laklarining yirtilish hollari ko‘p bo‘ladi. O‘sha holatda yirtilganlarini yamash joizmi yoki yangisiga almashtirish kerakmi?
Javob: Xohlasa, tikib oladi, xohlamasa, boshqasiga almashtiradi, har ikkisi ham joiz. Alhamdulillah, shariatda bu masalada yengillik bor. Shariatda man qilingan narsa ko‘ylak va shalvar kiyishdir. Ammo ehrom biror narsaga ilinib yirtilsa yoki teshilsa, uni ip bilan chatib yoki yamoq solib tikishning zarari yo‘q.
3-savol: Muhtaram Muftiy hazratlari! Yaqinda turmushga chiqayotgan dugonam mahr uchun eridan haj ziyoratiga olib borishni so‘ramoqchi ekanini aytib qoldi. Bizning mazhabimizda shu to‘g‘rimi?
Javob: Mahr uchun hajga olib borishni so‘rasa, bizning hanafiy mazhabimizda mahri misl vojib bo‘ladi. Mahri misl deganda opalariga berilgan mahr miqdori tushuniladi.
4-savol: Hurmatli Muftiy hazratlari! Mustaqillik sharofati tufayli diniy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, har yili muborak hajda umra ibodatini ming-minglab yurtdoshlarimiz ado etishmoqda. Haj kabi umrani ham kishi umrida bir marta ado etadimi? Iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz.
Javob: Umra lug‘atda “ziyorat qilish” va “obod qilish” ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa, niyat qilib ehrom bog‘lab, Baytullohni tavof qilish, Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilish umra deyiladi.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Allohga qasam, albatta, u (umra) Alloh taoloning Kitobida un(haj)ga qo‘shib zikr etilgan. “(Haj va umrani Alloh uchun tugal ado qiling)”, deydi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Umradan keyingi umra oralaridagilarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti jannatdir”, dedilar” (Imom Ahmad, Buxoriy va Muslim).
Har bir kishiga qodir bo‘lsa, umrida bir marta haj qilish farzdir, umra sunnat amal. Umrani bir yilda bir necha bor qilish mumkin.
5-savol: Alloh nasib qilib, 2005 yili haj ibodatini ado etish sharafiga muyassar bo‘ldim. Iltimos, umra bilan haj o‘rtasidagi farqni tushuntirib bersangiz.
Javob: Haj muayyan vaqtda ado etiladi. Haj ibodatida Arafotda turish, Baytullohni tavof qilish lozim. Safo va Marva orasida sa’y qilish, Muzdalifa va Minoda tunash, Jamarotda shaytonga tosh otish kerak.
Umra esa, haj ado etiladigan kunlardan boshqa yilning barcha fasllari va kunlarida ado qilinishi mumkin. Umra Baytullohni tavof qilish va Safo hamda Marva o‘rtasida sa’y qilishdir.
Demak, umra uchun maxsus vaqt tayin qilinmagan. Balki arafa va tashriq kunlaridan tashqari yilning barcha kunlarida umra qilish joiz. Barcha olimlar umra uchun maxsus vaqt belgilanmaganiga ittifoq qilishgan. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zulqa’da va shavvol oylarida umra qilganlar.
6-savol: Menga haj qilish nasib etganida, quvonganimdan Alloh uchun o‘n kun ro‘za tutaman, deb niyat qilgan edim. Shu ro‘zani qay tartibda tutsam to‘g‘ri bo‘ladi, iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz.
Javob: Avvalo, nazr niyat bilan bo‘lmaydi. Til bilan aytilsa, nazr bo‘ladi. Ibodatlardan darhol yo keyin zimmaga vojib bo‘lmagan birortasini, masalan, ro‘zani Ramazon oyidan boshqa paytda tutishni o‘ziga vojib qilish nazr bo‘ladi. Agar kishi Alloh uchun ikki kun yoki uch kun yoinki o‘n kun ro‘za tutish o‘ziga vojib deb (nazr) bilsa, unga o‘sha aytganini tutish vojib bo‘ladi. U istagan vaqtda, xohlasa, bo‘lib-bo‘lib tutadi, xohlasa, ketma-ket, orasini ajratmasdan tutadi.
Agar ro‘za tutishni nazr qilgan paytda ketma-ket tutishni niyat qilgan bo‘lsa, ketma-ket tutishi zarur bo‘ladi. Orada bir kun iftor qilsa yoki ayol kishi hayz ko‘rsa, qayta boshidan nazr qilgan kunlari miqdorida tutishi lozim.
Nazr qilgan kishi ketma-ket tutishni niyat qilmagan bo‘lsa ham, ketma-ket tutsa bo‘ladi (“Fatovoyi Hindiya”, “Zohiriya”).
7-savol: Eri o‘lgan ayolning haj qilishi durust emas deb eshitdim, shu to‘g‘rimi?
Javob: To‘g‘ri. Eri qazo qilgan ayol to‘rt oyu o‘n kun idda o‘tirishi lozimdir. Eri o‘lgani uchun iddadagi yo taloq iddasidagi ayol hajga bormaydi va boshqaga turmushga chiqmaydi. Iddasi tugab bo‘lgach, uning ixtiyori o‘zida bo‘ladi. Xohlasa, mahramlaridan biri, ya’ni otasi, aka yo ukasi, tog‘a yo amakisi, bobosi yoki o‘g‘illaridan biri hamrohligida haj ibodatini ado etishi mumkin (“Fatovoyi Hindiya”).
Haj safariga borish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli vatandoshlarimiz emin-erkin haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
19 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi.
Hamyurtlarmizni muhtasham Soncrete al-Sahhab mehmonxonasida saudiyalik mutasaddilar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov va bosh konsulxona xodimlari tomonidan katta ehtirom ila kutib olindi.
Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlar hozirlandi. Muborak safar mobaynida har bir tadbirlar aniq reja asosida yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifatda tashkil etilgan.
Ziyoratchilar umra amalini bajarib bo‘lgach haj ibodati boshlanish sanasi, ya’ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuniga qadar Harami sharifda toatu ibodatda bo‘ladilar.
Haq taolo hojilarning hajlarini mabrur, sa’ylarini mashkur, gunohlarini mag‘fur qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati