Afsuski, ba’zi ota-onalar xorijga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, farzandlariga “Jumong”, “Ishani”, “Ronaldo”, “Messi” deb ot qo‘ymoqda. Bu ham yetmagandek, dilbandining ko‘rinishini ham o‘shalarga o‘xshatishga intiladi. Farzandining soch turmagi-yu kiyim-kechagini e’tiqodimizga, musulmonchilikka mutlaqo zid bo‘lgan ko‘rinishga keltiradi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaza’dan qaytardilar. Nofe’dan: “Qaza’ nima?” deb so‘radim. U: “Yosh bola sochining bir qismini olib, bir qismini qoldirish”, dedi (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘sha qavmdandir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobit qadam qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati