Dunyodagi eng chuqur va chuchuk suvli ko‘l — Baykal ko‘lidir. Bu ko‘l Rossiyaning Sharqiy Sibir mintaqasida, Buryatiya Respublikasi bilan Irkutsk viloyati orasida joylashgan bo‘lib, xaritadan Rossiya hududidagi oysimon tizilgan Baykalni qiynalmay topa olamiz.

Baykal dunyodagi eng chuqur ko‘l bo‘lib, uning chuqurligi 1642 metrga yetadi.
Ko‘lning maydoni 31,5 ming kv km, uzunligi 636 km.ga cho‘zilgan. Baykalning o‘zi suvga va baliqqa boy. U o‘zining chuqurligi, suvining ko‘pligi, hayvonot va o‘simlik dunyosining xilma-xilligi bilan mashhur. Ko‘l suvining xajmi 23 ming kubkilometr bo‘lib, Orol dengizinikidan 23 marta, Azov dengizinikidan 92 marta ko‘pdir. Ko‘lga Selenga, Yuqori Angara, Barguzin, Turka, Snejnaya, Kichera, Buguldeyka kabi jami 336 daryo quyiladi va faqat bir daryo – Angara oqib chiqadi, xolos.

Baykal ko‘lining mashhur tekshiruvchisi G.Yu. Vereshchaginning hisoblashicha, agar ko‘lga hech qanday daryo quyilmay turgan taqdirda ham Angara Baykalning suvini quritish uchun 400 yil oqishi kerak ekan.
Baykal suvining ta’mi juda mazali. Buning sababi suv tozaligi bilan bir qatorda tarkibida minerallar ham kam.
Ko‘lda o‘simliklarning 850, hayvonlarning esa 1400 turi mavjud. U yerdagi o‘simliklarning 133 turi, hayvonlarning esa 848 turi dunyoning boshqa joylarida uchramaydi. Ba’zi tirik organizmlar dunyoning boshqa hech bir ko‘lida yo‘q. Baykal ko‘hna mavjudotlarning tabiat muzeyi deb atalishi ham bejiz emas. Bu yerga tub hayvonlar – endemikalar kelganiga besh million yildan oshgan.
Yer sharidagi jami chuchuk suv zaxirasining 22 foizini shu ko‘l suvi tashkil etadi. Shuncha miqdordagi ichishga yaroqli suvning bir joyga to‘planishi Allohning ulkan ne’matlaridandir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاء الَّذِي تَشْرَبُونَ أَأَنتُمْ أَنزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنزِلُونَ لَوْ نَشَاء جَعَلْنَاهُ أُجَاجاً فَلَوْلَا تَشْكُرُونَ
“O‘zingiz ichadigan suvni o‘ylab ko‘ring-a! Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushuruvchimizmi? Agar xohlasak, Biz uni sho‘r qilib qo‘yamiz. Shukr qilsangiz-chi!” (Voqea surasi, 68-70-oyatlar).
Ha, azizlar! Alloh taoloning ne’matlariga shukr qilsak va ulardan oqilona foydalansak, Robbimiz bu ne’matlarni yana ham ziyoda qiladi.
Qish faslida, aniqrog‘i, yanvardan maygacha Baykal to‘la muzlaydi. Faqat Angara daryosiga yaqin 15-20 km atrofidagi joyi muzlamaydi.



Qishning oxirlariga borib, muzning qalinligi ko‘l o‘rtalarida 1 metr, qo‘ltiqlarda 1 yarim va 2 metrgacha yetadi. Ko‘lning muzi feruza rangda tovlanadi.
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon IMINJONOV
tayyorladi
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati