بسم الله الرحمن الرحيم
OTA-ONAGA EHTIROM – VOJIB
Muhtaram jamoat! Islom dini insonning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketmasligi uchun har bir ishda o‘z ko‘rsatmalarini berib boradi. Shu jumladan, ota-ona haqlarini farzandlar zimmasiga yuklab, ularga doimo hurmatda bo‘lishga buyuradi. Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi. Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zlariyu fe’llarini hech malol olmaslikka buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Isro surasida shunday marhamat qiladi:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا (سورة الإسراء 23).
ya’ni: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt” (Isro surasi, 23‑oyat).
Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amridan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olishga targ‘ib qilganlar.
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ الأَعْمَالِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: "الصَّلاَةُ لِوَقْتِهَا"، قَالَ: قُلْتُ: ثُمَّ أَيُّ؟ قَالَ: "بِرُّ الْوَالِدَيْنِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ مُسْلِمٌ).
ya’ni: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?”, – deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”, – dedilar. “Keyin nima?”, – dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati ).
Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda va rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ أحمدُ بْنُ حَنْبَلٍ فِي مُسْنَدِهِ).
ya’ni: “Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi hursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).
Ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida quyidagi hadis kelgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ).
ya’ni: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Alloh taolo o‘zining roziligi va g‘azabini ota-onaning roziligi va g‘azabiga bog‘lab qo‘ydi:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ : رَضَى الرَّبِّ فِي رِضَى الْوَالِدِ وَسَخَطُ الرَّبِّ فِي سَخَطِ الْوَالِدِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rabbning roziligi ota (ona)ning roziligida, Rabbning g‘azabi ota (ona)ning g‘azabidadir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onadan yetim qolgan bo‘lsalar ham, emizgan onalariga nisbatan yuksak hurmat namunalarini ko‘rsatganlar. Ibn Sa’dning “Tabaqot” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Xadicha onamizga uylanib, Makkada yashab turganlarida yonlariga Halimai Sa’diya kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda” – deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib qirqta qo‘y va bitta tuya beradilar.
Hatto bir kuni Halimai Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib:“Onajon!, onajon!”, – deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tqazganlari ham naql qilingan. Halimai Sa’diya roziyallohu anho Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.
Muhtaram ota-onalar farzandlari kamoli, ularning chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini safarbar etishadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Ammo ayrim yoshlarimiz ota-onalariga qo‘pol muomalada bo‘lib, dillarini ranjitib, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ota-onasini sharmanda qiladigan, keksaygan chog‘larida e’zozlab parvarishlash o‘rniga, qarovsiz tashlab qo‘yadigan yoki qariyalar uyiga jo‘natadigan nobakor farzandlar ham uchrab turishi sir emas. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "بِرُّوا آباَئَكُمْ تَبَرُّكُمْ اَبْنَائُكُمْ وَعِفُّوا تَعِفُّ نِسَاءُكَمْ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْحَاكِمُ)
ya’ni: “Ota (ona)laringizni hurmatlab, ularga yaxshilik qilinglar, farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi. Iffatli bo‘linglar, shunda ayollaringiz ham iffatli bo‘lishadi” (Imom Hokim rivoyati).
Dono xalqimizda “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, “Ota rozi – Xudo rozi” kabi ajoyib hikmatlar bor. Har bir erkak va ayol bu hikmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zini o‘nglashi, xato qilgan bo‘lsa, darrov ota-onalaridan uzr so‘rab, ular ko‘nglini topishi, dillaridan ozorni ketkazish payida bo‘lishi darkor!
قَالَ أَبُو مُوسَى الْأَشْعَرِيُّ رضي الله عنه شَهِدَ اِبْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا رَجُلاً يَماَنِيًّا يَطُوفُ بِالْبَيْتِ حَمَلَ أُمَّهُ وَرَاءَ ظَهْرِهِ يَقُولُ: إِنّي لَهَا بَعِيْرُهَا الْمُذَلَّلُ ... إِنْ أَذْعَرَتْ رِكَابُهَا لَمْ أُذْعِرْ ثُمَّ قَالَ: يَا ابْنَ عُمَرَ أَتَرَانِيْ جَزَيْتُهَا قَالَ: "لَا، وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ).
ya’ni: Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo bir Yamanlik kishi o‘z onasini yelkasiga ko‘targan holda Ka’batullohni tavof ettirib yurganini ko‘rdilar. U odam tinmay quyidagi baytni aytar edi:
Onai zorim uchun bo‘ynini eggan tuyaman,
Tuya mingan onam horisa, men horimasman.
Bu baytni o‘qir ekan haligi kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga qarab: “Ey Abdulloh, mana shu xizmatim bilan onamning haqqini ado qila oldimmi?”, – deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Yo‘q! bu xizmating onangning sen tufayli bitta oh tortganiga ham teng kelmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o‘ting va mening yuzlarimni do‘zaxdan qutqaring”, – der ekan.
Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishlari lozim.
عَنْ أَبِيْ أُسَيْدِ السَاعِدِي رضي الله عنه قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: "نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا" (رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ).
ya’ni: Abu Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida edik. Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli, men uchun ota-onam dunyodan o‘tganidan keyin ham qiladigan yaxshilik qoldimi?”, – deb so‘radi. “Ha, ularning haqlariga duo qilish, istig‘for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilish va do‘stlarini hurmat qilish”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ota-onaning do‘stlik aloqalarini saqlash to‘g‘risida shunday deganlarini rivoyat qiladi:
اِحْفَظْ وُدَّ أَبِيكَ ، لَا تَقْطَعْهُ ، فَيُطْفِىءَ اللهُ نُورَكَ (أَخْرَجَهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ)
“Otangning do‘stlik aloqalarini saqla, uni uzib qo‘yma, aks holda Alloh nuringni o‘chirib qo‘yadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Ota-onaga yaxshilik qilish gunohi kabiralar uchun kafforatdir”, – deganlar.
Ota-onasi vafot etganlaridan keyin ham yaxshilik qilishni istagan farzandlar ota-onalari nomidan xayru sadaqa va ehsonlar qilsinlar. Qilgan sadaqalari savobini ota-onalariga bag‘ishlasalar, manfaati ularga yetadi. Ota-onadan so‘ng ularning qarindoshlariga yaxshilik qilgan farzand xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgan bilan barobar bo‘lib, umriga ham baraka beriladi. Ota-ona vafotlaridan keyin ularning do‘st va dugonalariga farzand yaxshilik qilsa, xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
Farzand ota-onaning roziligini olish uchun quyidagi amallarni bajarishi tavsiya etiladi.
Alloh taolo ota-onalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, xalq tinchligi va farovonligini tilab qilayotgan duolarini mustajob aylasin, farzandlarimizga insof va tavfiq berib, ota-onalarini e’zozlaydigan, ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatadigan solih insonlardan qilsin! Omin.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi