Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Yo‘llaringiz ochiq, ibodatlaringiz maqbul bo‘lsin!..

30.07.2018   5322   2 min.
Yo‘llaringiz ochiq, ibodatlaringiz maqbul bo‘lsin!..

Hajga borishni orzu qilib, Makkai mukarama va Madinai munavvaraga qadami yetishini diliga tugib olgan, hajga boruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan kunidanoq qalblaridagi muhabbati yanada ziyoda bo‘lib kuchli hayajon bilan ulug‘ ibodatga tayyorlanib, kecha-yu kunduz zikr bilan mashg‘ul bo‘lgan ixlosi cheksiz vatandoshlarimizning birinchi guruhi o‘tirgan havo layneri bugun tongda Saudiya Arabistoniga qarab uchib ketdi.

Bir necha kun burun Saudiyaga yetib borgan ishchi guruhi hojilarimizni kutib olish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib qo‘yganlar. Hojilarimizga hashamatli mehmonxona, eng qulay sharoitlar, iste’mollari uchun turli vaqtlarda tayyorlanadigan pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillariga yetkazib qo‘yuvchi salqin avtobuslar, o‘zini rohatsiz sezib qolgudek bo‘lganlarga malakali tibbiy xizmatlar, boringki, ularning nima ehtiyoji bo‘ladigan bo‘lsa, hammasi a’lo darajada muhayyo qilingan.

O‘zbekistonlik hojilarga shunday sharoitlar muhayyo qilinganki, ular hech narsaga chalg‘imaydi, hech narsa haqida o‘ylamaydi, hech narsadan xavotirga tushmaydi, faqat ibodat qiladi, ibodatning lazzatini his qiladi. Haj  amalini bu qadar qulay sharoitlarda bajarish ne-ne shavkatli zotlarning orzusi bo‘lib kelganini tasavvur qilishning o‘ziyoq bizning vatandoshlarimizning tolei qanchalik balandligiga dalolat qiladi.

Samolyotga chiqayotgan choqdagi nuroniy otaxonu onaxonlarning qalblaridagi hayajonni, ko‘zlaridagi sevinch yoshlarini ko‘rib. tillaridagi duolarini eshitgan har bir kishi to‘lqinlanib ketadi. Yurtimizning  tinchligi, yurtboshimizning omonligi, g‘ayrat-shijoati, elimizning ma’murligi astoydil ko‘ngildan kelayotgan duolar sharofatdindir deb sevinadi. Ularning muqaddas makonlarga eson-omon borib, haj ibodatlarini bekam-u ko‘st bajarib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan yuzlaridan taralib turgan ibodat nurlari yanada barq urib qaytib kelishlarini tilab qoladi.

Hojilarimizni – otaxon-u onaxonlarimizni, aka-ukalarimizni, opa-singillarimizni o‘z bag‘riga joylab havoga ko‘tarilgan ulkan havo laynerining ortidan qarab, qo‘llarimizni duoga ochib ularning haqqiga duolar qilib qoldik: Yo‘llaringiz ochiq va oydin, ibodatlaringiz maqbulu manzur bo‘lsin! Hajingiz muborak, aziz yurtdoshlar!

 

 

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

16.06.2025   5727   1 min.
Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?


Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.

Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.

Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.

Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.