Hajga borishni orzu qilib, Makkai mukarama va Madinai munavvaraga qadami yetishini diliga tugib olgan, hajga boruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan kunidanoq qalblaridagi muhabbati yanada ziyoda bo‘lib kuchli hayajon bilan ulug‘ ibodatga tayyorlanib, kecha-yu kunduz zikr bilan mashg‘ul bo‘lgan ixlosi cheksiz vatandoshlarimizning birinchi guruhi o‘tirgan havo layneri bugun tongda Saudiya Arabistoniga qarab uchib ketdi.
Bir necha kun burun Saudiyaga yetib borgan ishchi guruhi hojilarimizni kutib olish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib qo‘yganlar. Hojilarimizga hashamatli mehmonxona, eng qulay sharoitlar, iste’mollari uchun turli vaqtlarda tayyorlanadigan pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillariga yetkazib qo‘yuvchi salqin avtobuslar, o‘zini rohatsiz sezib qolgudek bo‘lganlarga malakali tibbiy xizmatlar, boringki, ularning nima ehtiyoji bo‘ladigan bo‘lsa, hammasi a’lo darajada muhayyo qilingan.
O‘zbekistonlik hojilarga shunday sharoitlar muhayyo qilinganki, ular hech narsaga chalg‘imaydi, hech narsa haqida o‘ylamaydi, hech narsadan xavotirga tushmaydi, faqat ibodat qiladi, ibodatning lazzatini his qiladi. Haj amalini bu qadar qulay sharoitlarda bajarish ne-ne shavkatli zotlarning orzusi bo‘lib kelganini tasavvur qilishning o‘ziyoq bizning vatandoshlarimizning tolei qanchalik balandligiga dalolat qiladi.
Samolyotga chiqayotgan choqdagi nuroniy otaxonu onaxonlarning qalblaridagi hayajonni, ko‘zlaridagi sevinch yoshlarini ko‘rib. tillaridagi duolarini eshitgan har bir kishi to‘lqinlanib ketadi. Yurtimizning tinchligi, yurtboshimizning omonligi, g‘ayrat-shijoati, elimizning ma’murligi astoydil ko‘ngildan kelayotgan duolar sharofatdindir deb sevinadi. Ularning muqaddas makonlarga eson-omon borib, haj ibodatlarini bekam-u ko‘st bajarib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan yuzlaridan taralib turgan ibodat nurlari yanada barq urib qaytib kelishlarini tilab qoladi.
Hojilarimizni – otaxon-u onaxonlarimizni, aka-ukalarimizni, opa-singillarimizni o‘z bag‘riga joylab havoga ko‘tarilgan ulkan havo laynerining ortidan qarab, qo‘llarimizni duoga ochib ularning haqqiga duolar qilib qoldik: Yo‘llaringiz ochiq va oydin, ibodatlaringiz maqbulu manzur bo‘lsin! Hajingiz muborak, aziz yurtdoshlar!

O‘MI Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati