Fazilatli Shayx Muhammad Codiq Muhammad Yusuf rahimahullohning suyukli farzandi Ismoil Muhammad Sodiq O‘zbekiston musulmonlari idorasida maslahatchi lavozimiga tayinlandi.
Xabaringiz bor, shu yil 9 fevral kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tashriflari chog‘ida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida masjid barpo etish bo‘yicha muhim topshiriqlar berib, ulug‘ allomaning xotirasiga yuksak hurmat ko‘rsatish haqidagi iliq so‘zlarni aytgan edilar. Davlatimiz Rahbari Shayx hazratlari eng og‘ir davrlarda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun juda katta xizmat qilganlarini aytib, mana shunday ilm ahllari xotirasiga ehtirom ko‘rsatish zarurligini alohida uqtirdilar.
Bugungi kunda Shayx hazratlarining merosini o‘rganish, u kishidek chin e’tiqod sohibining ilmiy faoliyatini davom ettirish, Islom dini ma’rifatini keng yoyish, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, mana shunday ishlarni yanada jadal olib borish yo‘lida rahmatli Shayx hazratlarining to‘ng‘ich farzandi Diniy idorada maslahatchi vazifasida mehnat qilishida ham ulug‘vor maqsadlar ko‘zlangan.
Shu o‘rnida aytish kerakki, Ismoil Muhammad Sodiq kuchli ilmiy salohiyat, hayotiy tajriba va noyob iste’dod sohibi hisoblanadi. 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil «Islomiy da’vat kulliyasi»ga o‘qishga kirdi. To‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magistraturada o‘qib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan so‘ng, elchixonalarda, diniy ta’lim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va ta’lim markazlarida faoliyat olib bordi.
Hozirda Ismoil Muhammad Yusuf «Hilol nashr» matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi. 2011 yilda faoliyat boshlagan ushbu nashriyot hozirda respublikadagi eng ko‘zga ko‘ringan va ilg‘or nashriyotlarning oldi qatoridan joy olib ulgurdi. Ustoz Shayx hazratlarining kitoblarini va yana boshqa bir qator ilmiy-ma’rifiy asarlarni o‘quvchilar qo‘liga yetkazishda izchillik bilan ish olib borilmoqda. Hatto asarlar rus va qardosh xalqlar tillarida ham nashr etilib, xorijiy davlatlardagi o‘quvchilarga yetkazilmoqda.
Ismoil Muhammad Sodiqning mazkur faoliyatlardan tashqari ilmiy salohiyati ham yuqori. U kishi rasmiy ilm dargohlaridan tashqari o‘z otalari Shayx hazratlaridan ham ko‘p ta’lim olgan. Xususan, «Tafsiri Nasafiy» va «Sahihi Buxoriy»dan ijoza olgan. «Oltin Silsila»ning tarjimonlaridan biri. Shayx hazratlarining barcha kitoblarining noshiri hisoblanadi.
Alloh taboraka va taolo Ismoil Muhammad Sodiqni ulug‘ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va yangi sharafli martabani Haq taolo muborak aylasin.
Erdon Esanov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xodimlar bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati