Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar[1] va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan asrga taqaladi.
Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to‘rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o‘n uchta mujtahid namoyon bo‘lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Is'hoq ibn Rohivayh, Bag‘dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.
Ulardan to‘rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi. Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.
Bu o‘rinda shuni ta'kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz.
Bu to‘rt mazhab o‘rtasida katta farqlar ko‘zga tashlanmaydi. Juda ko‘p masalalarda bir xillik mavjud. O‘rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.
Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o‘rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o‘girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko‘ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug‘ tobeinlar asos solgan yo‘l ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Nabiy alayhissalomning sahobalari ilmda bir-biridan farq qilgan. Ba'zilar Abdulloh ibn Abbosni, iroqliklar Ibn Mas'udni, hijozliklar Abdulloh ibn Umarni roziyallohu anhum o‘zlariga o‘rnak qilib, ularning ko‘rsatmalariga rioya etib yashashgan. Ahli ilmlardan hech kim ularning bu ishini qoralagani yoki bir shaxsga taqlid qilganni gunohkorga chiqarganlarini bilmaymiz.
Demak, bugungi kunimizda ham omi xalq, shuningdek, istinbot va ijtihod qilish darajasiga yetmagan olimlar uchun biror mujtahidga taqlid qilish, bilmaganlarini so‘rashdan boshqa chora yo‘q. Zero, Alloh taolo bunday buyurgan: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz ahli zikrlardan so‘rangiz”. (Nahl surasi, 43-oyat).
Shu o‘rinda diyorimiz musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) mazhabi ko‘rsatmasiga rioya qilib kelayotganini alohida ta'kidlab o‘tishimiz zarur. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirishgan. Xalqimiz ham shu mazhabga amal qilishgan. Darhaqiqat, Imomi A'zam mazhabi mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda.
Ming afsuslar bo‘lsinki, XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostida yana bir tahdid – mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasi paydo bo‘ldi.
Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Mazhabsizlar o‘zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to‘rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga yetarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Lekin bir, ikki masalani chuqur o‘rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, yoki “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo‘q edi, biz mazhab egalarining emas, Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak” – degan da'volarni qiladilar. Bu o‘ta kaltafahmlik va johillik, g‘arazgo‘ylikdan boshqa narsa emas.
Mazhabsizlarning eng kulgili holati, ahli sunna va jamoadagi to‘rt mazhab sohiblaridan birining yo‘liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat”mi? Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan “ISHID” yoki “Al-qoida” kabi buzg‘unchi guruhlarning foydasiga xizmat bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, islom qoidalariga binoan, fatvo berish huquqi, aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga yetgan, Qur'on va hadis ilmini tafsirlari va tuli sharhlari, sanadlari bilan to‘liq yod biluvchi, o‘z mazhabining ta'limotlariga tayangan holda, qolaversa, muftiy martabasiga ega muayyan shaxslargina berishi ma'lum.
Hozirgi kunda butun islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o‘zini mujtahid sanab yurganlar aslida, “bir kitobcha va magnit tasmasi madaniyati”ga mansub kishilardir.
Mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G‘azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg‘iloniy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashganlar.
Shu o‘rinda aytayotgan so‘zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da'volarining asossiz ekanligi aniq bo‘lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid'atdir”, degan so‘zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, degan so‘zi ayni haqiqatdir.
Abdulloh Samatov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome’
masjidi imom xatibi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi