Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Mazhabsizlik – xatarli bid'at

19.06.2023   4955   6 min.
Mazhabsizlik – xatarli bid'at

Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar[1] va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan  asrga taqaladi.

            Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to‘rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o‘n uchta mujtahid namoyon bo‘lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Is'hoq ibn Rohivayh, Bag‘dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.

           Ulardan to‘rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi.  Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.

           Bu o‘rinda shuni ta'kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz.

            Bu to‘rt mazhab o‘rtasida katta farqlar ko‘zga tashlanmaydi. Juda ko‘p masalalarda bir xillik mavjud. O‘rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.

             Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o‘rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o‘girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko‘ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug‘ tobeinlar asos solgan yo‘l ekaniga guvoh bo‘lamiz.

            Nabiy alayhissalomning sahobalari ilmda bir-biridan farq qilgan. Ba'zilar Abdulloh ibn Abbosni, iroqliklar Ibn Mas'udni, hijozliklar Abdulloh ibn Umarni roziyallohu anhum o‘zlariga o‘rnak qilib, ularning ko‘rsatmalariga rioya etib yashashgan. Ahli ilmlardan hech kim ularning bu ishini qoralagani yoki bir shaxsga taqlid qilganni gunohkorga chiqarganlarini bilmaymiz.

             Demak, bugungi kunimizda ham omi xalq, shuningdek, istinbot va ijtihod qilish darajasiga yetmagan olimlar uchun biror mujtahidga taqlid qilish, bilmaganlarini so‘rashdan boshqa chora yo‘q. Zero, Alloh taolo bunday buyurgan: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz ahli zikrlardan so‘rangiz”.  (Nahl surasi, 43-oyat).

              Shu o‘rinda diyorimiz musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) mazhabi ko‘rsatmasiga rioya qilib kelayotganini alohida ta'kidlab o‘tishimiz zarur. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirishgan. Xalqimiz ham shu mazhabga amal qilishgan. Darhaqiqat, Imomi A'zam mazhabi mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda.

            Ming afsuslar bo‘lsinki, XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostida yana bir tahdid – mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasi paydo bo‘ldi.

              Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Mazhabsizlar o‘zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to‘rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga yetarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Lekin bir, ikki masalani chuqur o‘rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, yoki “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo‘q edi, biz mazhab egalarining emas, Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak” – degan da'volarni qiladilar.  Bu o‘ta kaltafahmlik va johillik, g‘arazgo‘ylikdan boshqa narsa emas.

             Mazhabsizlarning eng kulgili holati, ahli sunna va jamoadagi to‘rt mazhab sohiblaridan birining yo‘liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum  “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat”mi? Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan “ISHID” yoki “Al-qoida” kabi buzg‘unchi guruhlarning foydasiga xizmat bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, islom qoidalariga binoan, fatvo berish huquqi, aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga yetgan, Qur'on va hadis ilmini tafsirlari va tuli sharhlari, sanadlari bilan to‘liq yod biluvchi, o‘z mazhabining ta'limotlariga tayangan holda, qolaversa, muftiy martabasiga ega muayyan shaxslargina berishi ma'lum.

                Hozirgi kunda butun islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o‘zini mujtahid sanab yurganlar aslida, “bir kitobcha va magnit tasmasi madaniyati”ga mansub kishilardir.

                Mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G‘azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg‘iloniy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashganlar.

Shu o‘rinda aytayotgan so‘zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da'volarining asossiz ekanligi aniq bo‘lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid'atdir”, degan so‘zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, degan so‘zi ayni haqiqatdir.

 

Abdulloh Samatov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome’
masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   31466   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar