Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Umr safaridan olinadigan foydalar

25.07.2018   11263   3 min.
Umr safaridan olinadigan foydalar

Hajdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Alloh ulug‘lagan va sharaflagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va undagi foydalar va yaxshiliklarga shohid bo‘lish va qo‘lga kiritishdir. Bu esa bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.

«Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda)ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda(Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga(qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!» (Haj, 27-28).

Ulamolar, Qur’oni karim va sunnati sharifda kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar.

1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).

2) Mabrur haj, eng afzal amallardan biridir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan).

3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar».

4) Mabrur hajning mukofoti jannatdir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar».

5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan). 

6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.

Burayda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).

7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.

Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.

Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.

 

No‘monjon SOLIYEV

Toshkent tumani

“Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi

Haj va umra
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari tahliliy markazlarining ilk forumi bo‘lib o‘tadi

21.04.2025   1175   1 min.
Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari tahliliy markazlarining ilk forumi bo‘lib o‘tadi

21-22 aprel kunlari Markaziy Osiyo xalqaro instituti Londondagi “Bourse & Bazaar” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchi tahliliy markazlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etadi.
 

Joriy yil 5 may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari rahbarlari ikkinchi sammiti arafasida tashkil etilayotgan mazkur tadbir ushbu yirik xalqaro anjumanga tayyorgarlik jarayonini ekspertlar darajasida tahlil qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.


Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, O‘mon kabi davlatlardan yetakchi tahliliy, diplomatik va akademik muassasalarning 40 nafarga yaqin taniqli ekspert ishtirok etadi. Ular orasida ilmiy tadqiqotchilar, hukumat va mustaqil ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, yondosh universitetlar vakillari ham bor.


Uchrashuv davomida ikki mintaqa hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi. Xususan, transport va mintaqaviy bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va iqlim xavfsizligi kabi mavzular kun tartibidan o‘rin olgan.


Forum yakunida diplomatik korpus, ilmiy doira va OAV vakillari bilan uyushtiriladigan matbuot brifingida ekspert muhokamasi davomida ishlab chiqilgan asosiy xulosa, tavsiyalar taqdim etiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari