Hajdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Alloh ulug‘lagan va sharaflagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va undagi foydalar va yaxshiliklarga shohid bo‘lish va qo‘lga kiritishdir. Bu esa bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.
«Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda)ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda(Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga(qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!» (Haj, 27-28).
Ulamolar, Qur’oni karim va sunnati sharifda kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar.
1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
2) Mabrur haj, eng afzal amallardan biridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan).
3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar».
4) Mabrur hajning mukofoti jannatdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar».
5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.
Burayda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).
7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.
Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.
Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.
No‘monjon SOLIYEV
Toshkent tumani
“Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov