Ayni kunlarda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy xatlar orqali ayrim imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablarini so‘rab O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu kabilarni inobatga olgan holda quyidagilarni ma’lum qilamiz.
So‘nggi yillarda Islom dini qadriyatlarini ravnaq toptirish, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlar merosini o‘rganish va yoshlarni dinu diyonatli qilib tarbiyalash borasida sermahsul ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz Rahbari zamon bilan hamnafas yashash, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va aholi imon-e’tiqodini mustahkamlash yo‘lida imom-xatiblarni doimo faollikka, g‘ayrat ko‘rsatishga da’vat etib kelmoqda.
Biroq ayrim imom-xatiblardagi o‘zibo‘larchilikka berilish, loqaydlikka yo‘l qo‘yish va sustkashlik qilish kabi holatlar ko‘pchilikning dilini xira qilmoqda. Tan olish kerak, Islom dini ma’rifatini keng targ‘ib etish, xalqimizning talab-istaklarini qondirish va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ishiga barcha imom-xatiblar birdek yondoshmayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Hukumatimiz diniy soha rivoji uchun bir qator shart-sharoitlarni muhayyo etib bermoqdaki, bir vaqtlar xayol ham qilib bo‘lmaydigan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda.
Lekin mana shunday qulaylik va yengilliklarga zid ravishda ayrim masjidlardagi noxush manzaralar va imom-xatiblar faoliyatidagi nuqsonlar ko‘ngilni ranjitmoqda. Ba’zi masjidlarning qarovsizligi, ayrim imom-domlalarning beparvoligi yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlaydi.
Masalan, Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYO organidan ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani aniqlangan. Mana shuning uchun Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon domla Usmonov egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov ham masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olindi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani bosh imom-xatibi Ashurov Hasanboy ham topshiriqlarni paysalga solishi, itoatsizligi va muomala madaniyati imomlikka noloyiq bo‘lgani uchun ishdan ketdi. Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi Po‘latov Abdurahim kabi imom-xatiblar ham mana shunday xato-kamchiliklar tufayli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Aslida imom-domlalarning ishdan bo‘shash sabablarini shunday ochiqlashni istamagan edik. Lekin internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqdan-ochiq so‘rovlar, murojaatlar mana shunday qilishga majbur etdi.
Xulosa, mo‘min-musulmonlar tomonidan imom-xatiblarga berilgan ishonchni oqlash vojib. Buning uchun zimmadagi mas’uliyatni bajarish, vazifani ado qilish zarur. Bu yo‘lda tinimsiz mehnat, itoat va kasb-mahoratni oshirib borish talab etiladi.
Erdon Esanov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xodimlar bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom dinida musulmonlarni or-nomusini yerga urish (toptash), ularni kamsitish, haqorat qilish va xo‘rlash taqiqlanganligi bilan bir qatorda musulmon bo‘lmaganlarni ham haqoratlash va ularga hurmatsizlik qilish taqiqlanadi.
Musulmon bo‘lmagan boshqa bir nomusulmonni haqoratlashi, unga tuhmat, bo‘hton qilishi yoki yolg‘on so‘zlashi mumkin. Biroq Islom dini o‘z e’tiqodidagilarni musulmon bo‘lmaganlarni, hatto ularning oilasi va nasli, avlodini ham haqoratlashdan qaytaradi.
Rivoyat qilinishicha, Misr voliysi Amr ibn Oss roziyallohu anhuning o‘g‘li bir musulmon bo‘lmagan fuqaroni nohaq jazolaydi. Shunda bu adolatsizlik Halifa Umar ibn Hattob roziyallohu anhuga yetib boradi va Umar roziyallohu anhu musulmon bo‘lmaganni voliyning o‘g‘li qanday jazolagan bo‘lsa, uni ham huddi shunday jazolashga buyuradi hamda “Qachondan beri siz onasidan ozod holda dunyo kelgan insonlarni o‘zlaringizning qulingiz qilib oldingiz?” deb aytadi[1].
Qo‘li va tili bilan musulmonlarga ozor berish hamda ularni haqoratlash qay darajada taqiqlangan bo‘lsa, bu jinoyatlarni musulmon bo‘lmaganlarga nisbatan sodir etish ham taqiqlanadi. Bu haqda “Durr al-muxtor”da quyidagilar bayon etiladi: “Musulmon bo‘lmaganlarga nisbatan ziyon yetkazishning barcha turlari taqiqlangan hamda musulmonni g‘iybat qilish taqiqlangani singari musulmon bo‘lmaganlarni ham g‘iybat qilish taqiqlanadi[2].
Molikiy mazhabining atoqli faqihlaridan Imom Shihobiddin al-Qarofiy o‘zining “Al-Furuq” nomli asarida quyidagilarni keltirib o‘tadi:
“Musulmon bo‘lmaganlarni musulmonlar bilan bitimni imzolashlari (kelishuvga kelishlari) ular uchun bir qator haq-xuquqlarining mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Jumladan:
ular bizning zimmamizda hisoblanishadi,
ular bizning himoyamiz va g‘amho‘rligimiz ostida bo‘ladilar,
ular biz kabi hayot kechiradilar, shuningdek ular Allohning, Uning Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning hamda Islom dinining himoyasida bo‘ladilar.
Bas, kim endi shu chegarani buzsa va musulmon bo‘lmaganlarga tili yoki qo‘li bilan ozor bersa Allohning, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning va Islom dinining kafilligiga beparvolik qilgan bo‘ladi”[3].
Ibn Obidin al-Shomiy esa musulmon bo‘lmaganlarning quyidagi haq-huquqlarini keltiradi:
“Musulmon bo‘lmaganlarni musulmonlar bilan kelishuvga kelishlari natijasida ular musulmonlar ega bo‘lgan haq-huquqlarning barchasiga musulmonlar kabi teng ega bo‘ladilar. Hatto agar musulmonni g‘iybat qilish taqiqlangan bo‘lsa nomusulmonni ham g‘iybat qilish taqiqlanadi. Biroq ulamolar: “Musulmon bo‘lmaganlarga jabr-zulm qilish yanada ulkan gunohlardan hisoblanadi[4]”.
Imom Kosoniy o‘zining “Badoius-sanoi” nomli asarida musulmon va musulmon bo‘lmaganlarning haq-huquqlari teng ekani to‘g‘risida quyidagilarni aytib o‘tadi:
“Musulmon bo‘lmaganlar huddi musulmonlar kabi birdek haq-huquqlarga hamda burch va ma’suliyatlarga egadirlar”[5].
Darhaqiqat, yuqoridagi faqih ulamolarning fikrlari musulmonlarni musulmon bo‘lmaganlarning qadr-qimmatini yuksak darajada muhofaza etishlarining hamda ularning huquq va erkinliklarini hurmat qilishlarining yaqqol isbotidir.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari doimo musulmon bo‘lmagan aholiga nisbatan yahshi muomalada bo‘lishga buyurganlar va bu borada ham bizga o‘zlari namuna bo‘lganlar.
Shu sababdan, musulmon bo‘lmagan fuqarolarni jabr-zulmlardan, turli yomonliklardan muhofaza etishni kafilligini olish – Islom davlatining vazifalaridan hisoblanadi.
Agar davlat o‘zining musulmon bo‘lmagan fuqarolarining havfsizligini, ularning haq-huquqlarini to‘g‘ri ta’minlay olmasa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jabr chekkan, zulm ko‘rgan odamlarning himoyachisi men bo‘laman va qiyomat kunida ularning haq-huquqlarini o‘zlariga qaytarib olib beraman” deganlar.
Yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Ogoh bo‘ling! Kimda-kim musulmon bo‘lmagan aholiga zulm qilsa, uning haq-huquqlarini kamsitsa, toqati yetmaydigan biror ishga majbur qilsa yoki uning ruhsatisiz biror narsasini olsa jonlar qayta tiriladigan kun (qiyomat)da men uning himoyasida bo‘laman”[6].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kabi aytgan so‘zlari musulmonlarni doimo musulmon bo‘lmagan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishlarida javobgarlikni, ma’suliyatni anglab yetishlariga hizmat qiladi.
“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Al-Hindiy, Kanz al-ummal, 2:455.
[2] Al-Haskafiy, al-Durr al-muxtar, 2:223; Ibn Obidin al-Shomiy, Radd al-muhtar.
[3] Al-Qarofiy, al-Furuq, 3:14
[4] Ibn Obidin al-Shomiy, Radd al-muhtar, 3:273, 274.
[5] Al-Kosoniy, Badoius-sanoi, 7:111.
[6] Abu Dovud, al-Sunan: Kitab al-haraj va al-imara va al-fay, 3:170 §3052, Bayhaqiy, al-Sunan al-kubra, 9:205 §18511, Munziriy, al-Targ‘ib va al-tarhib, 4:7 §4558, Al-Ajluniy, Kashf al-hafa, 2:342.