Misvok – tishni samarali oqartiradigan, jilosini saqlaydigan va sog‘lom qiladigan eng ajoyib vosita. Odamlar ko‘p asrlardan beri tish pastasi o‘rniga ana shu tabiiy vositadan foydalanib kelganlar. Arok (botanik nomlanishi Salvadora Persica) deb ataladigan daraxtdan sindirib olingan kichik novdaga misvok deyiladi. O‘sha shoxchaning bir tarafidan po‘sti archilib tish tozalashda qo‘llaniladi.
Misvokdan foydalanish Payg‘mabarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning sunnati shariflaridan. 2003 yil olimlar misvok bilan tish cho‘tkalarini solishtirib o‘rganganda misvokning tish cho‘tkasidan foydali ekani ayon bo‘ldi. Xalqaro sog‘likni saqlash tashkiloti Xalqaro konsensus ma’ruzasida 1986 va 2000 yillarda misvokdan foydalanishni tavsiya etdi va buning natijasida misvokning foydali jihatlarini o‘rganish yuzasidan jiddiy tadqiqot ishlari olib borildi.
Misvok arok daraxtidan tashqari zaytun va yong‘oq daraxtlaridan ham olinadi. Tishni tozalash uchun sindirib olingan shoxchaning po‘sti 5-10 mm. o‘lchamda archiladi va tolalarga ajralishi uchun chaynaladi. Misvokdan namozdan oldin, mehmonga borganda mezbonning uyiga kirishdan oldin, safar oldidan va keyin, uxlagani yotishdan oldin, uyqudan turgandan keyin, ochiqqanda va chanqaganda, birorta tadbirga borishdan burun foydalaniladi.
Misvokdan foydalanish foydalari haqida Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Sivak bu – og‘izni poklaydigan va Alloh taoloni sizdan rozi qiladigan vositadir”; “Agar ummatlarimga qiyinchilik tug‘dirmaganida edi, ularga har tahorat olganda misvokdan foydalanishni buyurgan bo‘lar edim”, deganlar. Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari kunduzi ham, tunda ham uyqudan turganlarida, har safar tahorat olganlaridan misvok bilan tishlarini tozalaganlar. Misvokning foydalari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV