Bir odam duosi mustajob ulug‘ zotning huzuriga borib, «Hazrat, duo qiling, men yaxshi yashamoqchiman, to‘q, xotirjam hayot kechirmoqchiman», debdi. Hazrat «Mayli, duo qilaman, lekin kimga o‘xshab yashamoqchisan? Odamlar orasidan o‘zing havas qilgan biror odam bormi, borib bir qidirib kel-chi, keyin men o‘sha odamga o‘xshab yashashingni so‘rab, Allohdan duo qilib beraman», debdi. Haligi odam shahar aylanibdi. Qarasa, bir odam nihoyatda yaxshi yashayapti, oldida o‘g‘illari xizmatga bel bog‘lagan, yegani oldida, yemagani ortida. U shu odamga havas qilib, hazratga borib, «Falonchini bilasizmi, taqsir? Falon ko‘cha, falon mahallada yashaydi. O‘sha odamga havas qildim, shunga o‘xshab yashagim kelyapti, duo qiling», debdi. Hazrat shunday debdilar: «Mayli, duo qilaman. Lekin sen shoshmagin, bolam. Borib, u odam bilan bir gaplashib ko‘rgin. U odamning biror muammosi, bir dardi bo‘lmasin tag‘in. Duo qilsam, undagi ne’mat bilan qo‘shilib, dardi ham senga o‘tib qolmasin, keyin qiynalib yurma».
Bu odam yana borib, o‘sha boy bilan gaplashibdi. Men hazratning huzurlariga borib, sizga havas qilganimni, sizga o‘xshab yashashimni so‘rab, duo qilishlarini so‘rasam, sizga yubordilar. Sizda hech bir dard, muammo yo‘qdir har holda?» debdi. U gapini tugatar-tugatmas, haligi boy, o‘ziga to‘q, hayotdan xursand, mamnun bo‘lib yashayotgandek ko‘ringan odam yig‘lab yuboribdi, «Bu dunyoda mendan baxtsiz odam bo‘lmasa kerak. Kelib, mendan so‘rab to‘g‘ri qilibsiz» deb, o‘zining tarixini aytib beribdi:
«Oila qurdim, uylandim. Er-xotin bir-birimizni juda yaxshi ko‘rar edik. Ammo ko‘p yillar oldin ayolim og‘ir dardga chalindi, o‘lim to‘shagiga mixlandi. O‘lishi aniq bo‘lib qolgach, oramizdagi tillarda doston bo‘lgudek muhabbat tufayli ayolimning rashki qo‘zib, «Men o‘lsam, boshqasiga uylanib olasiz» deb tinmay yig‘layverdi. O‘zi o‘lim azobida qiynalib yotibdi, yana rashki ham qiynayapti deb, rahmim kelib, «Xotirjam bo‘l, men sendan boshqa ayolga qaramayman. Butun umr senga sadoqat bilan yashab o‘taman», deyaverdim. Ammo u bu gapimga ko‘nmadi. Men ham uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edim, muhabbatdan ko‘zim ko‘r bo‘lib, so‘zimni isbotlash uchun oshxonaga kirib, pichoqni olib, o‘zimni o‘zim bichib tashladim. Shundan keyin ayolim xotirjam bo‘ldi, xursand bo‘ldi, «Endi ko‘nglim joyiga tushdi», dedi. Men ham xursand bo‘lib, endi tinchgina oyog‘ini uzatib, dunyodan o‘tadigan bo‘ldi deb tursam, Alloh shifo berib, xotinim o‘ziga kelib, sog‘ayib ketdi. Og‘ir kasaldan tuzalib, naq o‘limning yoqasidan qaytib keldi. Ammo bu quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Unga ko‘rsatgan vafodorligim hurmati ayolim men bilan bir-ikki yil sabr qilib yashadi, ammo keyin toqat qila olmadi. Mana bu menga xizmat qilib yurgan o‘g‘illar mening farzandlarim emas. Men ana shunday azob to‘la hayotda yashayapman, sen ko‘rgan narsa mening tashqi ko‘rinishim, ammo ichimdagi dardim dunyoga sig‘maydi».
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh ushbu rivoyatni keltirib, shunday deydilar: «Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki bu hayotni unga Alloh subhanahu va taolo ravo ko‘rdi, shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi katta marhamat, shuning o‘zi katta bir ne’mat. Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qilishi mumkin. Ammo noshukrlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin».
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi
Rahmatulloh SAYFUDDINOV tayyorladi
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati