Darhaqiqat, yolg‘onchilik muqaddas dinimizda qoralanadigan kabira gunohlardan biridir. Odatda yolg‘oni bilan tanilgan kishilar hech bir jamiyatda qadr topmagan.
Haqiqatdan ham, bor narsaning teskarisini xabarini olib kelishlik bu - yolg‘onchilikdir.
Bir kuni sahobalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi: "Ey Allohning Rasuli, mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?". Payg‘ambarimiz: "Ha bo‘lishi mumkin", dedilar. Yana ular: "Ey Allohning Rasuli, musulmon odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?". Payg‘ambarimiz: "Ha qo‘rqoq ham bo‘ladi", dedilar. Sahobalar: "Ey Allohning Rasuli, musulmon odam yolg‘onchi bo‘ladimi?". Payg‘ambar alayhissalom: "Yo‘q", deb javob berdilar.
Aslida baxillik bilan qo‘rqoqlik bitta bo‘lganida ham, gunohi yolg‘onchichalik bo‘lmaydi.
Nahl surasining 105-oyatida Alloh taolo shunday deb xabar beradi: "Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qurlar. Ana o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchidirlar".
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Mo‘min kishi xiyonat, yolg‘onchilikdan boshqa barcha xislatlarga tobe’ bo‘ladi", deganlar.
Mazkur hadisi sharifni ulamolarimiz quyidagicha tahlil qiladilar: "Mo‘min kishida xiyonatkorlik hamda yolg‘onchilik xususiyatlarining mavjud bo‘lishligi uning mo‘minlik tabiatiga xilof ishdir, musulmon kishi bunday xulqqa ega bo‘lmaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da mazkur salbiy xususiyatlar inson tabiatiga xilof emasdir, insoniy xilqatda bu kabi illatlar uchrab turadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Qachonki bir banda yolg‘on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi uchun u bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi", dedilar.
Alloh taolo Nahl surasining 116-oyatida shunday deb marhamat qiladi: "Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib, bu halol, bu harom demanglar. Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘quvchi kimsalar hech qachon najot topmaslar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Munofiqlik belgisi uchta: yolg‘on so‘zlash, va’dasining ustidan chiqmaslik va omonatga xiyonat qilishdir".
Alloh nazdida eng yaxshi gap - rost gapirishdir.
Boshqa bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: "Gunohlarning eng kattasi Allohga shirk keltirmoqlik, nohaq qon to‘kmoqlik, ota-onaga oq bo‘lmoqlik va yolg‘on guvohlik bermoqlik", deganlar.
Demak, gaplarning eng yomoni bu - yolg‘onchilikdir. Hattoki, yolg‘onni hazil bilan ham, jiddiy ham gapirib bo‘lmaydi. Nasihatimiz shuki, otalar o‘z bolalariga biron narsani va’da qilib, keyin uni bajarmay qo‘ymasinlar.
Rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga. Yolg‘onchilik buzuqlikka boshlaydi, buzuqlik esa jahannamga. Rostgo‘y odamga yaxshi baho, yolg‘onchi odamga esa yomon baho beradilar. Rostgo‘y odam chin so‘zi bilan borib-borib Alloh huzurida siddiq ya’ni so‘ziga sodiq deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘onchi ham borib-borib Allohning huzurida kazzob ya’ni yolg‘onchi deb yozib qo‘yiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, yolg‘on so‘zlash yoki yolg‘on guvohlik berish Islom dinida qat’iy qoralanadi. Qur’oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish yettita oyat bor. Yolg‘onning jamiyatga ham, shaxsga ham zarari shunchalar ko‘pki, bularni sanab tugatish qiyin. Yolg‘on uni gapirgan odamni ko‘pchilik orasida sharmandai sharmisor qiladi, gapining subuti qolmaydi, yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. Yolg‘on aql o‘g‘risidir, yolg‘on kishining din va diyonatini buzadi.
Karimov Olimjon
Peshku tuman "Xo‘ja Peshku" jome
masjidi imom xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi