Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

O'ZINI O'LDIRISh ShAHIDLIK EMAS BALKI ULKAN GUNOHDIR...

16.06.2023   4675   5 min.
O'ZINI O'LDIRISh ShAHIDLIK EMAS BALKI ULKAN GUNOHDIR...

Bu dunyoyu u dunyoda najot topay, degan inson Allohga, Payg'ambarga va ilohiy Kitobga iymon keltirib, ularning ko'rsatmalariga amal qilib yashamog'i lozim va lobuddir.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

Osmonlaru erni va ulardagi narsalarni haq ila yaratdik. Albatta, Soat keluvchidir. Bas, sen chiroyli kechirim ila kechir. (Hijr surasi, 85-oyat).

Demak, osmonlaru erda va ulardagi barcha narsalarda faqat haq bor. Yolg'on va nohaqlik, aldamchilik va botil, behudalik va tartibsizlik yo'q, himmatsizlik ham, maqsadsizlik ham yo'q. Shuning uchun ulardagi barcha ishlar rostgo'ylik, adolat, sadoqat, haqiqat asosida tartibli, foydali, hikmatli va oliy maqsadni ko'zlash ila kechmog'i lozim. Chunki «Albatta, Soat keluvchidir».

Qiyomat kuni bu dunyoda qilingan ishlarning barchasi haq ila hisob-kitob qilinadi. Kelishi aniq bo'lgan qiyomat kunida haq qaror topadi. Ey Payg'ambar, «Bas, sen chiroyli kechirim ila kechir».

O'zingni qiynab yurma. Qalbingni turli g'am-tashvish ila mashg'ul qilma. Haq albatta o'z o'rnini topadi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

Albatta, Robbing O'zi ko'plab xalq qiluvchidir, o'ta biluvchidir. (Hijr surasi, 86-oyat).

Hamma narsani yaratgan Uning O'zidir. Shuning uchun ham ularning hammasini haq ila yaratganligida shubha yo'q. U hamma narsani biluvchi Zotdir. Alloh O'zi yaratgan narsalarining holini juda yaxshi biladi.

Alloh keyingi oyatda shunday marhamat qiladi:

Va, batahqiq, senga etti takrorlanuvchini va Buyuk Qur'onni berdik. (Hijr surasi, 87-oyat).

Oyatdagi «etti takrorlanuvchi»dan murod Fotiha surasidir. Chunki bu surai karima etti oyatdan iborat bo'lib, juda ko'p takrorlanadi. Namozning har rak'atida qayta-qayta o'qiladi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Alhamdu lillahi Robbil alamiyn» etti takrorlanuvchidir, u menga berilgan Ulug' Qur'ondir», – deganlar.

Alloh taolo ushbu oyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etti oyatdan iborat va ko'p takrorlanadigan ulug' Fotiha surasini va uni o'z ichiga olgan Ulug' Qur'onni berganligini ta'kidlab aytmoqda. Shu bilan birga, osmonlaru er qanday haq bo'lsa, Qur'oni Karim ham shunday haq ekaniga ishora qilmoqda. Bu esa ulug' ne'matdir. Qur'on ne'mati dunyodagi hamma ne'matlardan ustun turadi. Shuning uchun

Biz ulardan ayrim toifalarni bahramand qilgan narsalarga ko'z tikma! Ular uchun mahzun ham bo'lma! Mo'minlarga qanotingni pastlat! (Hijr surasi, 88-oyat).

Kofirlarning ayrim guruhlariga bu dunyo hayotining ba'zi matohlarini berib qo'yganmiz. Ular bu narsalardan bahramand bo'lib yuradilar. Sen ularning mazkur dunyo matohlariga havas ila nazar solma. Ular havas qilishga arziydigan narsalar emas. Haqiqiy havas qilsa arzigulik narsa senga berilgan Ulug' Qur'ondir. Zero, unda insonni ikki dunyo saodatiga etaklovchi haq yo'l ko'rsatilgandir.

«Ular uchun mahzun ham bo'lma!»

Kofirlar iymonga kelmaganlari uchun xafa ham bo'lma.

«Mo'minlarga qanotingni pastlat!»

Iymonga kelib, senga ergashganlarga nisbatan mutavoze bo'l. Ular bilan chiroyli muomalada bo'l. Ularga lutf ko'rsat. Ularni o'z qanoting ostiga ol.

Va: «Albatta, men ochiq-oydin ogohlantiruvchiman», – deb ayt. (Hijr surasi, 89-oyat).

Ya'ni «Ey Muhammad, sen odamlarga o'zingning ochiq-oydin ogohlantiruvchi, osiylarni Allohning azobidan ogoh qiluvchi ekaningni ayt».

Huddi taqsimlovchilarga nozil qilganimizga o'xshash. (Hijr surasi, 90-oyat).

Qur'onni parcha-parcha qilganlarga. (Hijr surasi, 91-oyat).

Bu joyda arab tilining nozik uslublari ishlatilmoqda. Ikki oyat oldin Muhammad sollallohu alayhi vasallamga «etti takrorlanuvchi» va Ulug' Qur'on nozil qilingani aytilgan edi. Keyingi ikki oyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinib, ba'zi ko'rsatmalar berildi. So'ngra «Senga «etti takrorlanuvchi» va Ulug' Qur'onni xuddi Qur'onni parcha-parcha qilgan taqsimlovchilarga kitob tushirganimizga o'xshash tushirdik», – deyilmoqda.

 «Qur'onni parcha-parcha qilganlarga», deganda ahli kitob – yahudiy va nasorolar nazarda tutilgandir. Ular o'zlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Endi esa Qur'onni ham parcha-parcha qilib, o'z fikrlariga mos kelganini olib, to'g'ri kelmaganini tark etmoqchi bo'lmoqdalar. Ana o'shalarga o'z vaqtida sinovchi kitob tushirganimizdek, senga ham bu samoviy Kitobni – Ulug' Qur'onni nozil qildik. Bu yangilik emas. Qadimdan bo'lib kelayotgan ish. Kishilar bahona, sabab axtarmay, iymon keltirishlari zarur edi. Ammo ko'plari bosh tortmoqdalar.

«Tafsiri Hilol» kitobi asosida tayyorlandi

 

Muhibulloh Hudoyberdiyev

To'raqo'rg'on tumani bosh imom xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   75077   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari